Dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli boʻlgan va bundan u oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtdir (OʻzR MKning 126-m.si). Ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi oʻrtasidagi kundalik Dam olish vaqtining muddati oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emas. Barcha xodimlarga dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish) beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa, bir dam olish kuni beriladi. OʻzR MKga muvofiq yakshanba — umumiy dam olish kuni. Dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi boʻyicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl quyiladi. Nogironlarni tungi vaqtdagi ishlarga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Mehnat qonunchiligiga asosan oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi[1] [2].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzR Mehnat kodeksi
  2. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi