Davlat hududi — qonuniy ravishda muayyan davlat suvereniteti ostida boʻlgan yer kurrasining bir qismi. Davlat hududi tarkibiy qismlariga davlat chegarasi doirasida joylashgan quruqlik (materik yoki orol), suv, yer osti va havo kengliklari kiradi. Davlatning quruqlikdagi yerlari uning chegarasi doirasida davlatga tegishli boʻlgan yerlar (quruqliklar)dir. Davlatning suvli hududi (akvatoriyasi) davlat chegarasi doirasida joylashgan daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallar va hokazo. Havo kengligini ajratib turuvchi havo hududining yuqori chegarasi odatda 120 km balandlikni tan oladilar. Davlat quruqlik va suvdagi chegaralarini oʻrnatish jarayonidan oldin ikki bosqich: delimitatsiya va demarkasiya amalga oshiriladi.  Oʻz chegaralari daxlsizligini taʼminlash uchun davlatlar qonun xujjatlarini chiqarish va tegishli xalqaro shartnomalar tuzish yoʻli bilan maʼlum chegara rejimini oʻrnatadilar. Davlat chegarasi rejimi milliy qonunchilik va xalqaro shartnomalar b -n oʻrnatilib, chegarani nazorat qilish, shaxslar va transport vositalarini chegaradan oʻtishi, shaxslar va tovarlarni chegaradan oʻtishi, chegarada xoʻjalik va b. faoliyat yuritish, chegaraga oid nizolarni hal qilish kabi qoidalarni oʻz ichiga oladi. Oʻz chegaralarini qoʻriqlashning zarur tartibini taʼminlash maqsadida davlatlar chegaraoldi hududlarida chegara hududi rejimini oʻrnatadilar. OʻzR Kons.sining 3-m.siga koʻra, OʻzR oʻzining milliy davlat va maʼmuriy — hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. Oʻzbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʻlinmasdir. Hozirgi zamon xalqaro huquqi BMT Ustavi qoidalarini buzgan holda hududni kuch ishlatib egallab olishni taqiqlaydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi