Diplomatik huquq — tashqi aloqalar davlat organlari maqomi va vazifalariga tegishli xalqaro huquqiy normalar tizimi (boshqacha qilib aytsak, davlatlararo munosabatlarni oʻrnatish va amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi tartib hisoblanadi). Diplomatik huquqqa diplomatik vakolatxonalar almashuvi va ularning faoliyatlari natijasida paydo boʻladigan davlatlararo aloqalarni tartibga soluvchi normalar, bir davlatdan boshqa davlatga maxsus missiyalar yuborilishi, davlatlar vakolatxonalarining xalqaro tashkilotlar va xalqaro tashkilotlarning u yoki bu davlatlar hududlarida faoliyat koʻrsatishi hamda xalqaro tashkilotlar, ularning mansabdor xodimlari va xizmatchilarining immunitetlari va imtiyozlariga tegishli normalarni hisobga olishni nazarda tutadi. Ayrim manbalarda elchilik huquqi jumlasi ham ishlatiladi. Elchilik huquqi-chet davlatlardagi doimiy diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlari faoliyati va haq-huquqlarini muvofiqlashtiruvchi xalqaro huquq prinsiplari va normalari birligi sanaladi. Diplomatik aloqalar uchun zarur muayyan yuridik qonunlar yigʻindisi sifatida elchilik huquqi davlatlar oʻzlarining xalqaro munosabatlar qatnashchisi ekanliklari va ular oʻrtasida aloqalar oʻrnatish zarurligini bilganlaridan soʻng paydo boʻlgan boʻlishi mumkin. Ungacha elchixonalar mavjud boʻlsa hamki, ular toʻgʻrisida normal huquqiy institut sifatida gapirish mumkin emasligi belgilangan[1].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi