Dushan Fayziy
Dushan Fayziy (1927.5.2, Qiziltepa tumani) – shoir va dramaturg. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1977). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Samarqand universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1952). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʻlimi kotibi (1957—1972), Samarqand viloyati televideniye va radioeshittirish qoʻmitasi raisi (1972—77), Samarqand Davlat Universiteti prorektori (1977— 1994), „Imom al-Buxoriy“ Xalqaro xayriya jamgʻarmasining raisi oʻrinbosari (1996-yildan). Ijodi Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan. „Tugʻilgan kunim“ (1957), „Qalbim seniki“ (1961), „Navo“ (1965), „Yor xayoli“(1967), „Onaizor“ (1969), „Buyuklik“ (1970), „Samarqandnoma“ (1973), „Sevgilim“ (1980) va boshqalar sheʼriy toʻplamlar muallifi. „Zarafshon qizi“ (1961), „Birinchi uchrashuv“, „Kelin keldi“ (1964), „Qorasoch“ (1966), „Gʻazal va muhabbat“ (1968), „Oʻn yetti yoshlilar“ (1972) va boshqa sahna asarlarida xotin-qizlarning mehnat jasorati, yoshlar hayoti yoritilgan. Dushan Fayziyning „Doʻstlik qoʻshigʻi“ (1968), „Asrim monologi“ (1969), „Urgut qasidasi“ (1994), „Temurnoma“ (1996) dostonlari, „Imom al-Buxoriy“ (1998) sheʼriy romani bor. „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlangan (1997).[1]
Manbalar
tahrir- Tanlangan asarlar. T., 1976; Saylanma, 1-jild, Samarqand, 1997.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |