Dzen buddizm
Dzen buddizm — V-VI asrlarda Xitoyda paydo boʻlgan
mahayana yoʻnalishidagi maktablaridan biridir. Uning
asoschisi afsonaviy rohib Boddxidxarma hisoblanadi.
„Dzen“ (lotincha – mediatatsiya, fikrni jamlash, diqqat
bilan mushohada qilish) buddizmning asosiy xususiyatlari
sifatida nazariyadan koʻra amaliyotga, diniy oʻgit va qonun-qoidalarni yodlash oʻrniga mushohada qilishga alohida eʼtibor berilishini, irratsionalizm va mistikaga
moyillikni qayd etish mumkin.
Dzen buddistlar „yoga“ mashqlarini bajarish, jismoniy
mehnat qilish, sanʼat turi bilan shugʻullanishga katta
ahamiyat beradilar. Har qanday aqida va eʼtiqod shakllarini (hattoki, Buddani ham) inkor qilish, hech kimga taqlid qilmaslik va ruhiy erkinlikka erishish, „vaqt-abadiylik“, „subyekt-obyekt“, „hayot-oʻlim“, „haqiqat va yolgʻon“, „yaxshilik va yomonlik“ kabi ziddiyatlarni bartaraf etishni kamolotga erishishning oliy yoʻli, deb hisoblaydilar. Dzen buddizmda tashqi olamdan uzilib, abadiy tashvishlardan chetlanish va fikrni bir nuqtaga jamlashga alohida eʼtibor beriladi va „satori“ (sanskritcha – yilt etib koʻrinish)ni targʻib qilinadi. Trans holatiga tushgan kishining haqiqatga erishishi dzenning oliy maqsadi, deb bilinadi.
„Dzen buddizm“ barchani, irqi, millati, diniy eʼtiqodidan
qatʼi nazar, „hammaga mos jonli amaliy haqiqat“ sirlaridan ogoh boʻlishga chaqiradi. Hozirda dzen buddistlar 10
milliondan ortiq, ularning 85 foizi Yaponiyada yashaydi.
Unda ilgari surilgan gʻoyalarning bevosita „dildan-dilga“
uzatilishi, insonning oʻz ruhiy mohiyati bilan yaqinligi,
belgi va shakllarga qaram boʻlmaslik, yaʼni fikrning soʻz va belgilarsiz ifoda etilishi, insonning oʻz ichki dunyosiga murojaat qilishi orqali Budda kabi barkamollikka erishish mumkinligi haqidagi qarashlar ommaviy tus olgan.
Hozirda Yaponiyada dzen ibodatxonalari diniy, siyosiy va
madaniy markazga aylanib, yoshlar tafakkuri, turmush tarzi, faoliyatiga kattataʼsir koʻrsatmoqda. Ayniqsa, dzen sanʼati xitoy va yapon madaniyati anʼanalaridan biriga aylangan. Samuraylar dzen buddizm targʻibotchilari hisoblanadi. Dzenga „hammaga mos jonli amaliy haqiqat“ deb taʼrif berishgan, yaʼni inson ichki dunyosi orqali haqiqat va barkamollikka erishishi mumkinligi eʼtirof etilgan
holda qatʼiy tartib va maxsus ruhiy mashqlarga amal qilish
talab etiladi.
Bugungi kunda dzen buddizm Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari,
AQSH va Kanada yoshlari orasida keng tarqalganini qayd
etish lozim. Shu asnoda mediatatsiya qonun va talablarini
buzib talqin etish, mast qiluvchi ichimlik va narkotik
moddalardan foydalanish orqali „nirvana“ga erishish
mumkin, degan qarashlar ham keng yoyilib borayotganini
taʼkidlash zarur. Yoshlarning bunday qarashlar taʼsiriga
berilishi ularning turmush tarziga salbiy taʼsir
koʻrsatib, nosogʻlom mayllarning kuchayishi, alkogolizm va
narkomaniyaning chuqur ildiz otishiga zamin yaratmoqda[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 152.
Adabiyotlar
tahrir- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |