Dzindzya – sintoiylik ibodatxonasi. Sintoiylikda ibodatxonalar ikkiga ajratiladi. Birinchisi, dzindzya - sintoistlarni birgalikda ibodat qilish uchun yigʻiladigan asosiy ibodatxona boʻlsa, ikkinchisi, kamidana – uy ibodatxonasi hisoblanadi. Qadimda sintoiylikda muayyan shaklga ega boʻlgan, maxsus reja asosida qurilgan ibodatxona inshooti boʻlmagan. Bunday muqaddas joylarga Kanasana va Miva qadamjolari kiradi. Bundan koʻrinib turibdiki, buddaviylik Yaponiyaga ibodatxona arxitekturasi tushunchasini olib kelgan. Bu muqaddas joylar toʻrt tomondan tosh va somonli loydan qurilgan devor hamda darvoza bilan oʻralgan hududdan ibodat. Odatda, bunday hudud markazida ivasaka – tosh yoki ustun, yoxud ximorogi – daraxt boʻladi. Sintoiylik taʼlimotiga koʻra, kami – xudoning ruhi aynan mana shu tosh, ustun yoki daraxtga kirib oladi deb, ishoniladi. Buddaviylik Yaponiyaga VI asrning oʻrtalarida Korea orqali kirib kela boshlagan. Uz navbatida buddaviylik Koreaga Xitoydan kirib kelgan. Har qanday din maʼlum mintaqaga kirib borishi bilan ana shu mintaqaning tabiiy iqlim sharoiti, aholisining urf-odatlari, anʼana va marosimlari, xalqning temperamenti va mentaliteti kabi milliy va etnik omillar taʼsirida juz’iy oʻzgarishlarga duch keladi. Yaponiyada xalqning diniy tasavvurlari bilan qorishib ketgan buddaviylik oʻzgacha shaklda namoyon boʻlgan. Ushbu din yapon jamiyatiga nafaqat yangi dunyoqarashni, balki, yangicha madaniyatni ham olib keldi. Budda taʼlimotining Yaponiyaga kirib kelishi sintoiylik ibodatxonalarida ibodatga moʻljallangan maxsus xayden va xonden kabi inshootlarining qurilishiga sabab boʻlgan. Bugungi kundagi sintoiylik ibodatxonalarining barchasi deyarli bir xil tuzilishga ega. Ulardagi asosiy inshootlar: -komainu (ibodatxonani yovuz ruxdardan himoya qilib turuvchi ikki itning haykali); -tori (xudolar yoʻli); -xonden (diniy atribut va muqaddas ashyolar saqlanadigan xona); -xayden (ziyoratchilar); -sinsendzyo (ibodatxonada ovqat tayyorlash joyi); -xa-raidzyo (duoibad qilish xonasi); -kaguraden (raqsga moʻljallangan sahna) va boshqalar[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 151.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.