Ekfrasis — zamonaviy talqin sifatida taxminan chorak asr mobaynida mavjud boʻlgan ekfrasis fenomeni bilan bogʻliq tadqiqotlar adabiyotshunoslik va tilshunoslik sohasida tobora koʻzga tashlana boshladi. Ekfrasis tushunchasi strukturalizm va yangi tanqidiy nazariya xarakterida paydo boʻlgan. Ushbu hodisaga diaxronik yondashuvga koʻra, bu turdagi tasviriy hikoya qilish anʼanasi Yevropa adabiyotida keng tarqalgan[1]. Atama Gomer davrida yunon tilida „φρᾰσις, φράσεως“ — ishora, aniqlash, tushuntirish kabilarni ifodalovchi phrazo terminiga ἐκ- old qoʻshimchasi qoʻshilishi bilan „ἔκφρᾰσις, ἐκφράσεως“ (ekphrazo)ga aylandi va toʻliq tushuntirish, mufassal tavsiflash, bayon qilish — degan maʼnolarda qoʻllanila boshlangan[2].

Ahilles qalqoni (ekfrasisning ilk naʼmunasi sifatida)

Uning geneologiyasi jihatidan eng birinchi namunalari Gomerning „Iliada“sida Elena pardasi (Pokrivala Eleni, pesn 3), Pandora kamoni (luka Pandara, pesn 4), Gera aravasi (kolesnitsi Geri, pesn 3), Afina qalqoni (щita Afini, pesn 5), Nastoriy jomi (kubka Nestora, pesn 11), Agamemnonning zirhi (dospexov Agamemnona, pesn 1), oltin xizmatkorlar (zolotix prislujnits, pesn 18) va Axilles qalqoni (щita Axilla, pesn 18) kabilar boʻlib, jahon sheʼriyatida rasman qayd etilgan dastlabki ekfrasis matni bu — Axilles qalqoni tavsifi hisoblanadi[3].

Koʻpchilik tadqiqotchilar mazkur atamaning „harakati“ni postmodernizm davriga bogʻlaydi. Rus tilshunos olimlari E.Anikeeva va L.Proxorova esa ekfrasis hodisasini „Soʻz — ifodalilik va obrazlilik, tasvir esa hikoya qilish xususiyatiga ega“, deb eʼtirof etadi. Adabiyotshunoslar ekfrasis fenomenini tor maʼnoda, yaʼni „vizual tasvirlarni ogʻzaki vositalar bilan uzatish“ deb hisoblaganlar[1]. O.Freydenberg ekfrasis fenomenining kelib chiqishini ongning arxaik shakllari, madaniyat (kult) va folklor anʼanalari bilan bogʻlaydi. Olimning taʼkidlashiga koʻra, ekfrasis qurbonlik marosimlari bilan oʻzaro aloqada boʻlgan. U adabiyotshunos B.Galerkinaning: „Ekfrasis hodisasi qurbonlik keltirish marosimi bilan tugaydi yoki u bilan semantik aloqada boʻlgan jarayonlarda aks etadi“ — degan fikrini ilgari surgan[2]. Folklor ekfrasisi afsona syujetida aks etgan boʻlib, u ilohiy terminlar, yovvoyi hayvon, oʻsimlik, odamsimon mavjudotlar koʻrinishini tasvirlashda qoʻllangan. Shuning uchun folklorda bunday tushunchalar obrazli materialning tavsifi sifatida ifodalangan.

„Ekfrasisning maxsus qadimiy janr sifatida hayvon (qurbonlik, soʻyilgan hayvon), Axilles, Patrokl kabi element va qahramonlarni yoritishda qoʻllangan“, deb yozadi O.Fraydenberg. Olimning fikricha, „tavsif — soʻzlashtirilgan harakatning keyingi bosqichidir“. Atama sanʼat asarini undagi narsaning koʻrinishi va uning „qanday“ tasvirlangani nuqtai nazaridan taʼriflaydi[4]. Oʻsha „qanday“ tasvirlanganlik ekfrasisning mohiyati hisoblanadi. Bu oʻrinda, ishonarlilik printsipi birinchi oʻringa chiqadi, yaʼni mahoratli rassom tomonidan ishlab chiqilgan oʻlik mavjudot tirikka aylanadi, xayoliy narsa real sifatida tasvirlanadi, „xuddi tirikdek“ motivi qadimgi ekfrasisning muhim asosidir. Shu bilan birga, ekfrasis birinchi navbatda, vizual illyuziyani bildiradi va bu jihatdan „koʻrinish“ ekfrasisning asosiy sifatini ifodalaydi. Tadqiqotchi M.Kostantini ham oʻzining "Ekfrasis: ponyatie literaturnogo analiza ili bessoderjatelniy termin? maqolasida „ekfrasis“ tushunchasi ikkinchi sofistika davrigacha kam qoʻllanganligi hamda mazkur atama darsliklarda uchraydigan ritorik mashqlar (progimnazm)dan biri boʻlganligini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan, ekfrasis Germogen, Filon, Aftoniya kabilarning asarlarida uchragan. Mashhur Axilles qalqoni hozirgacha baʼzi tadqiqotchilar tomonidan temirchi mehnati, baʼzilari tomonidan esa sanʼat asari sifatida qaralmoqda. Taʼrif ham sheʼriy, ham nasriy boʻlishi mumkin[5]. "Asosiysi shundaki, ekfrasis toʻliq va obʼektlarni „vizuallashtirish“ uchun etarli darajada yorqin boʻlishi kerak. Bunda obʼekt batafsil koʻrib chiqiladi va oʻquvchi koʻz oldida gavdalanishi uchun barcha tafsilotlari orqali tavsiflanadi, deb taʼkidlaydi M.Kostantini[6].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Konstantini M. Ekfrasis: ponyatie literaturnogo analiza ili bessoderjatelniy termin? // Nevirazimo virazimoe: ekfrasis i problemi reprezentatsii vizualnogo v xudojestvennom tekste: Sbornik statey / Sostavlenie i nauchnaya redaktsiya D. V. Tokareva. — M.: Novoe literaturnoe obozrenie, 2013. — S.31.
  2. 2,0 2,1 Tam je. — S.250.
  3. Freydenberg O. M. Mif i literatura drevnosti / O. M. Freydenberg. — M. : Vostochnaya literatura, 1998. — S.682.
  4. Tarannikova E. G. Ekfrasis v angloyazichnoy poezii. Avtoref.dis.kand.filol.nauk., — Sankt-Peterburg, 2007. — S.5.
  5. Chichkina M. B. Ekfrasis v novellisticheskom tsikle G.Flobera / Tri povesti // — Ekaterinburg, 2016
  6. Anikeeva E. S. Ot opisaniya k dialogu: mexanizmi verbalizatsii artefakta v janre ekfrasisa / E. S. Anikeeva, L. P. Proxorova // Vestnik Kemerovskogo gosudarstvennogo universiteta kulturi i iskusstv. — 2013. - № 23.