Ekklesiya (yun.) - Yunonistonda xalq majlisining eng koʻp tarqalgan nomi. Demokratik polislarda (mas, miloddan avvalgi 5-asr oʻrtasida Perikl davridagi Afinada) E. — qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatiga ega boʻlgan davlatning oliy organi; mansabdorlarni saylab ularni doimo nazorat ostiga olgan E. tarkibi mulkiy senz belgilari orqali fuqarolar orasidan tanlab olingan. Odatda, E. oʻz vazifasini bule — E. muhokamasi uchun oldindan savollar tayyorlab qoʻyadigan kengash bilan amalga oshirgan. Bir qator yunon polislarida xalq majlislari maxsus nomlar bilan atalgan: Spartada — apella, Delfa va Fessaliya shahrilarida — agora, Argos, Epidavr, Gel, Akragantda — aliya. Soʻnggi davr antik yozuvchilari asarlarida xalq majlislari oʻtkaziladigan joy ham E. deb atalgan. Xristianlikda E. deb dindorlar jamoasi, baʼzan butun cherkov tushunilgan.