Ekologik muvozanat
Ekologik muvozanat — inson, oʻsimlik va hayvonlar uchun zarur boʻlgan tabiiy sharoitlar muvozanati. Maʼlumki, tabiat komponentlari bir-birlari bilan uzviy bogʻlangan, doim oʻzaro aloqada va taʼsirdadir. Ular komponentlar oʻrtasida muttasil ravishda roʻy berib turadigan modda va energiya almashinuvi oqibatida hosil boʻladi va tabiatning bir butunligini taʼminlaydi. Tabiat komponentlari oʻrtasidagi bunday oʻzaro taʼsir va aloqalar uzoq geologik davrlar mobaynida rivojlanib, turli joylarda turli ekosistemalarni shakllanishiga olib kelgan. Ekosistemalarda modda va energiyaning kirib kelishi bilan chiqib ketishi oʻrtasida dinamik tenglik (balans) yuzaga kelgan. Bunday tenglik yoki muvozanat ekosistemani sifat jihatdan maʼlum bir holatda uzoq muddat mavjud boʻlib turishini taʼminlaydi.
Ekologik muvozanat 2 xil boʻlishi mumkin: komponentlararo Ekologik muvozanat — ekosistema komponentlari oʻrtasidagi tenglikka asoslanadi; hududiy Ekologik muvozanat — biror hududda intensiv va ekstensiv tarzda foydalaniladigan joylarning ayrim nisbatlari asosida yuzaga kelib, shu hududning Ekologik muvozanatning buzilmasligini taʼminlaydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |