Ekspressionizm (lotincha, yexrgekyu – ifodalash, izhor qilish) – 1900— 20-yillarda adabiyot va sanʼatda yuzaga kelgan yoʻnalish; davrning oʻtkir inqirozlarining aks sadosi sifatida yuzaga kelgan. Ekspressionizm asarlaridagi ijtimoiy tanqidiy ruhi bilan parallel mavjud boʻlgan yoki keyin yuzaga kelgan avangard sanʼatidan farq qiladi. Uning asarlarida zamonaviy sivilizatsiyaning inqirozi tabiat va insoniyatga yopirilib kelayotgan halokat koʻrinishi tarzida namoyon boʻladi. „EkspressionizmS“ termini ilk bor X. Valden tomonidan qoʻllangan (1911). Ekspressionizmda, asosan, ijodkorning subyektiv tasavvurlari, histuygʻulari ifodalandi, ulardagi ehtiroslilik va jiddiylik asarlarga joʻshqinlik baxsh etdi. Ekspressionizm taraqqiyoti qarama-qarshiliklarga ega boʻldi, bir tomondan, modernistik anʼanalarning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatsa, boshqa tomondan, ijtimoiy tanqidiy yoʻnalishning qaror topishini taʼminladi.

Badiiy adabiyotda – ekspressionizm oʻzining tipik xarakterga ega boʻlmagan asarlari bilan namoyon boʻldi. Ekspressionistik adabiyotning asosiy janri lirik poeziya va publitsistik drama boʻlganligi ham bejiz emas. Bu taxlit asarlarda muallifning uzundanuzoq va hissiyotli monologlari oʻrin olardi. Ekspressionizm adabiyotining paydo boʻlishi G. Trakl (Avstriya), G. Xeym va E. Shtadler (Germaniya) nomlari bilan bogʻliq. Ularning tragizmga boy lirikasida hayot oʻsha davr tamaddunining shiddatli odimini tutish tarzidagina emas, balki yaqinlashib kelayotgan tarixiy burilishlarni sezish, shaxsning ijtimoiy mavjudotga shaksiz bogʻliqlik hissi bilan tugʻilgan girdibod harakati yoʻsini tarzida talqin qilingan. Bu taxlit asarlarni G.Benn, I.Bexer, Ya. Van Goddis, F.Verfel va E.LaskerShyuler lirikasida, V.fGazenklever, G.Kayzer, L.Rubiner, E.Toller, F.fon Unru, K. X. Yann dramalarida, A.Dyoblin, G.Meyrink, L.Frank, K.Edshmid va qisman F.Kafkaning nasriy asarlarida ham koʻrish mumkin.

Tasviriy sanʼatda ekspressionizm oʻtmishdoshlari (turli darajada simvolizmga yaqin boʻlgan) golland rassomi Van Gog, norvegiyalik E. Munk, belgiyalik J. Ensor ijodidan taʼsirlandilar. E. tamoyillari koʻproq nemis va avstriyalik rassomlar ijodida oʻzini toʻliq namoyon qildi. „Koʻprik“ uyushmasi aʼzolari (E. Kirxner, M. Pexshteyn, E. Xekkel va boshqalar) E. ruhida asarlar yaratdilar; „Moviy suvoriy“ jamiyati aʼzolari (V.Kandinskiy, F. Mark va boshqalar)ning asarlari obraz qurilishiga koʻra birmuncha yetuk boʻlgan; rassom O. Kokoshka, M. Bekman, haykaltarosh V. Lembruk va boshqalar erkin ijod qildilar hamda tasviriy ifodalilik masalalariga eʼtiborni koʻproq qaratdilar. Inqilobiy mafqura taʼsirida bir qator rassomlar ijodida E. urush va inson huquqlarini poymol etilishiga qarshi boʻyoqlarga ega boʻldi. Ekspressionizm grafika (dastgoh va kitob grafikasi)da ham sezilarli oʻrin tutdi. Oqqora boʻyoqlarning keskinligi, tasvirlarda erkin shakllarni ishlatilishi grafik asarlarga joʻshqinlik baxsh etish bilan birga uning ichki mohiyatini yoritishga xizmat qildi (mas, belgiyalik F. Mazarel asarlari).

Oʻzbekiston tasviriy sanʼatida E. taʼsiri 20-asrning 20—30-yillarida M. Kurzin, V. Yeremyan, V. Ufimsevlarning ayrim asarlarida seziladi. N. Kashinaning ilk ijodida shu taʼsirni koʻrish mumkin.

Musiqada E.ning ilk koʻrinishlari G. Maler (yetuk simfoniyalari va „Yer haqida qoʻshiq“ turkumi) R. Shtraus („Salomeya“ va „Elektra“ operalari) ijodida namoyon boʻlgan. Musiqiy E. toʻlaligicha Yangi Vena maktabi vakillari asarlarida, keyinchalik uning uslubiy tamoyillari boshqa kompozitorlar ijodida ham oʻz aksini topgan (P. Xindemitning „Qotil— ayollar umidi“ va „Avliyo Susanna“, E. Kshenekning „Soya ustidan sakrash“, B. Bartokning „Ajoyib mandarin“ operalari, A. Oneggerning 3 va 5simfoniyalari va boshqalar). E.ga xos oʻta hayajonli, keskin kayfiyat qarama-qarshi (ogʻir qaygʻuli, gʻamgin yoki xayoliy, osoyishta boʻlgan) obrazlar toʻqnashuvi orqali yuzaga keladi. Ifoda vositalari atonallik, dodekafoniyata xos unsurlarning keng tatbiq etilishi, garmoniyaning oʻtkir hamohangsizligi, kuy tuzilmalari oʻzaro bogʻlanmaganligi, vokal partiyaning nutq intonatsiyalariga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Oʻzbekiston kompozitorlaridan F. va D. YanovYanovskiylarning turli janrdagi asarlari, N.Zokirovning operalari, M.Tojiyev va T.Qurbonovning ayrim simfoniyalarida E. xususiyatlari uchraydi.