Ekzobiologiya (ekzo va biologiya) — kosmik biologiya yoʻnalishlaridan biri; tirik materiya va organik moddalarni kosmosdan va boshqalar planetalardan axtarish bilan shugʻullanadi. Ekzobiologiyaning asosiy maqsadi kosmosda hayotning mavjudligi toʻgʻrisida bevosita yoki bilvosita dalillarga ega boʻlishdan iborat. Kosmik boʻshliqda spektroskopik metodlar yordamida organik birikmalarning sintezlanishi uchun zarur boʻlgan moddalar (sianid kislota, formaldegid va boshqalar) topilganligi ekzobiologik tadqiqotlar uchun asos boʻladi. Ekzobiologiya metodlari yordamida hayotning oʻzga planetalardagi izlarini topish hamda topilgan organizmlarning ayrim xususiyatlarini oʻrganish mumkin. Yerdan boshqa planetalarda hayot borligini taxmin qilishda organizmlarning sunʼiy yaratilgan ekstremal sharoitda yashash qobiliyatini aniqlash lozim. Koʻpchilik mikroorganizmlar absolyut 0 ga yaqin va yuqori (80—95°) haroratda yashab qolishining aniqlanishi katta ahamiyatga ega. Mikroorganizmlar sporasi chuqur vakuum va uzoq davom etgan quritishga, kosmik boʻshliqdagiga nisbatan ham kuchliroq ionlovchi nurlarga chidamli boʻladi. Yerdan tashqarida yashashi gumon qilingan organizmlar Yerdagiga nisbatan yashash muhiti sharoiti taʼsiriga, suvsizlikka iisbatan chidamliroq boʻlishi lozim. Anaerob sharoit hayotning rivojlanishi uchun toʻsiq boʻlolmaydi. Shuning uchun nazariy jihatdan kosmik boʻshliqda xilmaxil xususiyatlarga ega boʻlgan organizmlarning mavjud boʻlishini taxmin qilish mumkin. Olib borilgan tadqiqotlar Mars, Venera va boshqalar sayyoralarda hayot borligini isbot qilolmadi.

Quyosh sistemasida faqat Yerda hayot boʻlishi, boshqa planetalarda boʻlmasligi taxmin qilinadi. Bir xil taxminlar asosida Yerda hayot faqat suvuglerodli muhitda, boshqa taxminlarga qaraganda kremniyammiakli muhitda ham boʻlishi mumkin.