Elektron optika — fizikaning makroskopik kvazistatistik elektromagnit maydon bilan taʼsirlashuvchi zaryadlangan zarralar dastasi strukturasini oʻrganuvchi sohasi. Elektron optikaning paydo boʻlishi XIX asr oxirida elektronnurli trubka (ENT)ning yaratilishi bilan bogʻliq. K. F. Braun 1897-yilda qurgan birinchi ossillografik ENT da elektron dasta magnit maydonda ogʻganini koʻrgan. J.J. Tomson elektron zaryadining massasiga bogʻliqligini aniqlashga doir tajribasida ENT ichiga joylashtirilgan yassi kondensator orqali elektron dastani oʻtkazib, uning elektrostatik maydon yordamida ogʻishini oʻz tajribasida amalga oshirdi. 1926-yilda nemis olimi X. Bush izolyatsiyalangan sim oʻrab tayyorlangan gʻaltakning magnit maydonida zaryadlangan zarralarning harakatini nazariy koʻrib chiqsi. Bu esa elektronoptik tasvirni olishga imkon beruvchi elektron linza (EL) ning yaratilishiga olib keldi. Elektron linza takomillashtirilib, elektron mikroskop, elektronoptik oʻzgartirgichlar va boshqalar asboblar yaratildi. Televizion va radiolokatsion apparaturalar yasash, axborotlarni yozib olish, saqlash va qayta eshittirish uchun maxsus ENT yaratilishi Elektron optikaning zaryadlangan zarralarni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan boʻlimlarining rivojlanishiga olib keldi. Elektron optika geometrik va fizik Elektron optikaga boʻlinadi. Geometrik Elektron optikada zaryadlangan zarralar dastasi zaryadlangan nuqtaviy massalar (elektronlar va "onlar)ning trayektoriyalari toʻplamidan iborat deb qaraladi. Fizik Elektron optikada zarralar trayektoriyasi oʻrniga deBroyl toʻlqin uzunligi cheksiz kichik boʻlganda tok trayektoriya chizigʻiga aylanuvchi tok trubkasi olinadi. Amalda geometrik Elektron optika qonuniyatlari bilan cheklanish yetarli. Geometrik Elektron optika turli xil elektron asboblarning tatbiq etilishi bilan rivojlanadi. Mas, eng sodda elektron asboblar: elektron proyektor, elektronoptik almashtirish qurilmasi, elektron koʻpaytirgich, elektron ossillograf, elektron mikroskop, massaspektrometrlarning ishlashi Elektron optika qonuniyatlariga asoslangan.