Endemik flyuoroz
Tish qattiq toʻqimalarida qayd etiladigan bunday xastalik organizmga tashqi muhitdan ichimlik suvi orqali meʼyordan koʻproq ftor elementining (suvda erigan holda) kirishi oqibatida yuzaga keladi. Flyuoroz bu ftor elementi chaqirishi mumkin boʻlgan gipoplaziyadir, desak ham xato qilmaymiz. Kishi organizmining ftorga boʻlgan bir sutkalik talabi 3,5 mg atrofidadir. Bu talab asosan ichimlik suvi tarkibida boʻladigan ftor orqali qondiriladi. Organizmning ana shunday talabini qondirish uchun ichimlik suvining 1 litrida 0,8-1,2 mg ftor boʻlishi kifoyadir. Ichimlik suvi tarkibidagi ftor miqdori koʻrsatilgandan oshib ketgan hollarda flyuoroz xastaligi kuzatiladi. Flyuoroz xastaligi 5 xil shaklda namoyon boʻladi.
Chiziqchali (shtrixli) shakli
tahrirBunda tish emali sathida koʻpincha vertikal yoʻnalishdagi boʻrsimon chiziqlar paydo boʻladi. Ayrim hollarda bu chiziqlar faqat lupa oynasi orqali qaralganda aniqlanishi mumkin boʻlgan darajada nozik boʻlishi tabiiy. Emal qavatining bu xil jarohatlanishi koʻpincha yuqori jagʻ markaziy va yon kurak tishlari sathidagina, baʼzan esa pastki kurak tishlarda namoyon boʻladi. Bu xastalikda tish emal qavatining faqat dahliz (vestibulyar) sathigina oʻzgarishga uchraydi.
Dogʻsimon shakli
tahrirTish emal qavati sathida katta-kichik, yaqqol namoyon boʻluvchi boʻrsimon rangli dogʻlar paydo boʻladi. Bu dogʻlar yalpi boʻlib, unda chiziqlar boʻlmaydi va ular butun emal qavati sathi boʻylab joylashgan boʻladi. Ayniqsa bunday dogʻlar kurak tishlarining kesuvchi qirralari atrofida koʻplab hosil boʻladi. Emaldagi bu xil dogʻlar keskin sogʻlom toʻqimaga oʻtib ketadi. Dogʻli emal sathi silliq va yaltiroqdir. Dogʻlar aksariyat hollarda oldingi kurak tishlarda uchrasada, boshqa tishlar ham ulardan xoli boʻlmaydi.
Hol-hol boʻrsimon nuqtali shakli
tahrirFlyuoroz xastaligining bu xil shakli har xil klinik belgilar bilan kechadi. Odatda tish emal qavati boʻr rangida boʻladi. Baʼzan esa u yaltiroqligini saqlashi yoki tiniqligini yoʻqotishi mumkin. Emal sathida jarohatli nuqta (chuqurcha)lar paydo boʻlishi xususiy hol hisoblanadi. Bunday chuqurchalar atrofi (devorlari) notekis, qoramtir tusda boʻlib, oʻlchamlari 1-1,5 mm diametrli, chuqurligi esa 0,1-0,3 mm boʻladi. Bu xil nuqtasimon chuqurchalar, aksariyat hollarda tish emalining dahliz sathida joylashgan boʻladi. Bunday sathlarda emalning jarohati natijasida ochilib qolgan dentin toʻqimasining yuzasi och sargʻish rangdan tortib, qoʻngʻir-toʻq jigarranggacha boʻyalgandir.
Flyuoroz xastaligi baʼzan emalning eroziyasi(tibbiyot) shaklida ham namoyon boʻladi. Boʻrsimon rangli emal sathida birmuncha keng va chuqur jarohatlar paydo boʻlib, tish yuzasining katta qismini egallashi mumkin. Hosil boʻlgan jarohatlar har xil notekis shakllarga ega boʻladi. Emalning bu xil jarohatlanishi natijasida tishlar kuchli yemiriladi.
Destruksiya shaklida kechuvchi flyuoroz xastaligi
tahrirEmalning bu xil jarohatlanishi, aksariyat hollarda suv tarkibida ftorning meʼyordan bir necha marotaba koʻp boʻlishi natijasida, shu suv ichiladigan hudud va tumanlardagina qayd qilinadi. Bunday hollarda tishning nafaqat emal qavati jarohatlanib qolmay, balki dentin toʻqimasining jarohatlanishi ham kuzatiladi. Natijada tish koronkasining shakli oʻzgarishi, uning kuchli yemirilishi hollari namoyon boʻladi. Tish emal qavatining tusi keskin oʻzgaradi.
Flyuoroz xastaligida bemorlar tishlarining rangi oʻzgarishidan, baʼzan ularning yemirilayotganidan shikoyat qilishadi. Flyuoroz xastaligidagi emal rangining oʻzgarishini kariyes va gipoplaziya natijasida sodir boʻladigan aynan shu xildagi oʻzgarishlardan farqlay bilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Solishtirma tashxis
tahrirFlyuorozni aniqlashda kariyes kasalligi bilan solishtirma tashxis oʻtkaziladi. Kariyesda nuqson bitta va boʻyin qismida joylashgan, flyuorozda esa bir nechta va tishning vestibulyar yuzasida joylashadi.
Davolash
tahrirDavo tadbirlari tish qattiq toʻqimalaridagi oʻzgarishlarning chuqurligiga bogʻliqdir. Jarohatlarning chuqurligi natijasida tishlarda yemirilishlar, toj qismi shaklining oʻzgarishi sodir boʻlgan taqdirda davo tadbirlari ortopedik usulda olib boriladi. Yengil klinik belgilar bilan kechuvchi flyuoroz xastaligida terapevtik davo chora- tadbirlari qoʻllanadi. Tishlar sathida hosil boʻlgan dogʻlarga kuchsiz kislotalar eritmasi bilan ishlov berilib, undan keyin minerallashtiruvchi xususiyatga ega boʻlgan eritmalar yordamida dogʻlar yoʻqotiladi. Pigmentli dogʻlarni yoʻqotishda 10% li xlorid, fosfat kislotasini ishlatish maqsadga muvofiqdir. Fosfat kislotasi kompozit plomba toʻldirgichlar tarkibida alohida shisha idishda boʻladi. Flyuorozni davolash va profilaktika qilish uchun suvdagi ftor miqdorini meʼyorga olib kelish kerak. Hozirgi kunda flyuorozni fotopolimerlar bilan davolanadi.
Adabiyotlar
tahrir- ↑ M.T. Aлeксандров. «Стоматология» – Mосква: «ГЕОТАРМЕДИА», 2008 г..
- ↑ Stomatologik kasalliklar. Toshkent: Voris-nashriyot, 2016 — 51-bet. Qaraldi: 7-dekabr 2022-yil.