Epir – Shimoliy Gretsiyadagi qadimiy oʻlka. Epir yunon qabilalarining eng qadimiy yurti, shu yerdan ular keyinchalik Bolqon yarim oroli va Egey dengizi orollariga tarqalganlar degan fikrlar mavjud. Qadimiyda Epirda qardosh illiriy qabilalar: xaonlar, molosslar, fesprotlar va boshqalar yashagan. Bu qabilalar ehtimol Epirning qadimiy yunon aholisini siqib chiqarishgan. Miloddan avvalgi VI-V asrlarda xaonlar Epirda eng kuchli qabila hisoblangan. Keyinchalik ustunlik molosslarga oʻtgan, ularning shohlaridan biri – Pirr davrida (miloddan avvalgi IV asr oxiri – III asr boshi) Epirning butun hududi yagona davlatga birlashgan (shundan keyin Epir aholisi epirotlar deb atalgan). Miloddan avvalgi 168-yil Epirni rimliklar bosib olib, 70 dan ortiq shaharni vayron qilishgan va 150 mingga yaqin epirotlarni qul qilib haydab ketishgan. Avgust davrida (miloddan avvalgi 27—milodiy 14 yil) Epir hududi Rimning Axayya provinsiyasi tarkibiga kiritilgan. Imperator Trayan davrida Epir Akarnaniya bilan birlashtirilib Epir provinsiyasini tashkil qilgan, III asr oxirida Illiriyaning bir qismi bilan bitta provinsiyaga birlashtirilgan. Milodiy IV asrdan – Vizantiya tarkibida (XIII-XIV asrlarda Epir hududi Epir davlatiga kirgan), XV asr oʻrtalaridan – Usmonli turk imperiyasi hukmronligi ostida boʻlgan. 1881-yil Epirning bir qismi (Arta rayoni) Gretsiyaga qoʻshib yuborilgan; 1912—13-yillardagi Bolqon urushlaridan soʻng Epirning butun hududi Gretsiya tarkibiga kirgan.