Erkin Berdiyev

oʻzbekistonlik olim, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Erkin Turdaliyevich Berdiyev (1959-yil 24-noyabr, Piskent shahri, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (2018), professor (2019).

Erkin Turdaliyevich Berdiyev
Tavalludi 24-noyabr 1959-yil (1959-11-24) (65 yosh)
Piskent, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Sohasi qishloq xoʻjaligi
Taʼlimi Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti
Ilmiy darajasi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc)
Ilmiy unvoni professor

Biografiyasi

tahrir

Erkin Berdiyev 1959-yil 24-noyabr Toshkent viloyatining Piskent shahrida tug‘ilgan[1]. 1982-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining (hozirgi Toshkent agrar universiteti) o‘rmon xo‘jaligi fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini „Uzgiprozem“ yer tuzish loyiha institutida muhandis-agro-o‘rmon meliorator vazifasidan boshlagan. 1992—1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasida qishloq xo‘jaligi va veterinariya fanlari bo‘yicha bosh mutaxassis, 2006—2015-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti „O‘rmonchilik va ekologiya“ kafedrasi dotsenti, 2015—2020-yillarda universitetning „Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish“ kafedrasi mudiri vazifasida faoliyat koʻrsatgan. 2020-yildan Toshkent davlat agrar universitetining „O‘rmonchilik va landshaft dizayni“ kafedrasi professori[1].

Ilmiy faoliyati

tahrir

Erkin Berdiyev 1983—1986-yillarda O‘rta Osiyo o‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot institutining aspiranturasida o‘qigan. 1993-yilda ruscha: „Агротехника выращивания посадочного материала шиповника Федченко и барбариса продолговатого в лесных питомниках“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2018-yilda „Na’matak (Rosa) va chakandani (Hippophae) ko‘paytirish texnologiyasi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. Turon Fanlar akademiyasi akademigi (2016). 2019-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 250 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan, 7 ta darslik, 20 ta o‘quv qo‘llanma, 10 ta monografiya, 15 ta uslubiy qo‘llanma, 180 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi[1].

Mukofotlari

tahrir
  • „O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi“ ko‘krak nishoni (2021)[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 1-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2022 — 342-bet.