Eronda Ismoiliylar hokimyati Saljuqiylar istilosi va feodal zug‘umlarning ortib borishi natijasida Eronda qarama-qarshiliklar keskinlashdi. XI-XII asrlardan saljuqiylar hokimiyatiga qarshi muxolifat diniy tarafdan o‘z asosini topdi. Sunniylarning fikricha, shialar bid’atchi edi. Eronda XI asrdagi Ismoiliylar harakatiningijtimoiy asoslari tadqiqotchilar tomonidan hali to‘liq tadqiq qilinmagan. Taxminlarga ko‘ra, Ismoiliylar hunarmandlarga, shahar kambag‘allariga va tog‘li hududlardagi dehqonlarga tayangan. Eronga Ismoiliylar tariqatini yoygan shaxs Misr ismoiliy xalifalarining vakili Xasan ibn Sabboh edi. Eʼtibor va ehtiyotkorlik bilan tayyorlangan Ismoiliy targ‘ibotchilarig‘oyaviy tayyorgarlik va uzoq tekshiruvdan so‘ngtariqatning birinchi bosqichini bosib o‘tishgan. Barcha bosqich 7 ta bo‘lgan, eng yuqori martabaga erishganlar "tog‘lik pir" ning yaqin yordamchilariga aylanishgan. Bunday martabaga erishganlar juda kamchilikni tashkil qilib, ko‘pchilik birinchi yoki ikkinchi bosqichda bo‘lgan. Shafqatsiz taʼqiblar ham ismoiliylik faoliyatining to‘xtashiga olib kelmadi. 1092-yili ular tomonidan Nizomulmulk va keyin uning o‘g‘li o‘ldirildi. Ismoiliylik qurbonlari ro‘yxati juda ko‘p: Fatimiylar xalifalaridan biri, ikki Abbosiylar xalifasi, musulmon ulamolari, amirlar, Suriyadagi salibchilar yetakchisi va boshqalar. Vaqt o‘tgani sari Alamutdagi Ismoiliyylar hokimiyatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi, feodal aloqalar kuchaydi. Ismoiliylar yaqin oradagi mustahkam qal’alarni zabt etdilar, dehqonlar bilan yaqin aloqa o‘rnatdilar va karvon savdosi bilan shug‘ullana boshlashdi. Ismoiliylar hokimiyati endilikda diniy tariqat va ismoiliylik aqidalariga bepisand oddiy feodallarga qoldi. XIII asr boshlarida Alamut davlati oddiy feodal davlatga aylanib qoldi.[1]

  1. Eron tarixi (o‘quv qo‘llanma). − T.: 2016