Sulaymon Eshon, Eshoni Sudur, Sulaymon Salohiddinov (1877-1932) – Sharqiy Buxoro va Oʻrta Buxorodagi qurolli harakatning gʻoyaviy rahnamolaridan biri. Eshoni Sudur nomi bilan mashhur boʻlgan.

Sulaymon Eshon 1877 yili Buxoro shahridagi Joʻybor guzarida diniy ulamo oilasida tugʻilgan. Uning otasi Salohiddin Eshon Buxoro amiri Abdulahadxon (hukmronlik yillari: 1885-1910) davrida saroyda yuqori diniy lavozimlarda ishlagan. Tarixchi Feruz Boboyevning yozishicha, Salohiddin Eshon Buxoro amirligida eng yuqori diniy unvon – shayxulislom lavozimida ham faoliyat koʻrsatgan. Gʻuzor viloyati hokimi Akromxon Toʻra (amirning togʻasi) Salohiddin Eshonning qiziga uylangan. Sulaymon Eshon ham 25 yoshidan boshlab salomatligi sababli poytaxt Buxorodan chiqib ketib, bahavo yerda joylashgan Gʻuzorda yashay boshlaydi. Sulaymon Eshonning Gʻuzorda hovlisi, katta mulki: yer-suvi, objuvoz va tegirmonlari, shuningdek, Buxoroda ham hovlisi boʻlgan. Amir Said Olimxon davrida Sulaymon Eshonga oʻroq, sudur va sadr diniy unvonlari berilgan.

1921 yil yanvarda koʻtarilgan Sharshauz qoʻzgʻolonida asosiy rol oʻynagan shaxslardan biri Eshoni Sudur boʻlgan. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, bu qoʻzgʻolonni bostirish uchun qizil askarlar katta kuch sarflagan.

Qoʻzgʻolon bostirilgach, Sulaymon Eshon (Eshoni Sudur) yolgʻiz qizini olib, Saroykamar orqali 1921 yili Afg’onistonga oʻtadi. U va qizi uch yil Xonobodda, bir yil Mozori Sharifda yashaydi. 1925 yili Eshoni Sudur va pochchasi Akromxon Toʻra Mozori Sharifda istiqomat qilgan. Eshoni Sudur bu paytda Qobulga borib, Said Olimxon bilan tez-tez uchrashib turgan.

Noqulay ob-havo sharoitiga moslasha olmagan Eshoni Sudur Xonobodni tark etib, Mozori Sharifga koʻchishga majbur boʻlgan. Eshoni Sudur Mozori Sharifda afgʻon hukumatidan subsidiya, pul yoki natura shaklida yordam olib turgan. Shunday murakkab shart-sharoitda Afgʻonistondagi oʻzbek muhojirlari Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatiga bir necha marta ularni qoʻllab-quvvatlash uchun murojaat qilgan, lekin natija chiqmagach, toʻrtinchi yilning oxirida muhojirlar Mozori Sharifdagi sovet hokimiyatining elchixonasiga murojaat qilgan. Natijada muhojirlar orasidan 20 kishiga oʻz vatanlariga qaytishga ruhsat berilgan va ular sobiq Fuzor bekligida mirza boʻlib ishlagan Mirza Oʻrun boshchiligida Buxoroga qaytadi.

Muhojirlar asosan Xonobod, Mozori Sharif hamda boshqa shaharlarda qiyinchilik va murakkab sharoitda yashagan. Shunday bir paytda afgʻon amiri Omonullaxon Kobul, uning atroflarida istiqomat qilayotgan muhojirlarga boshqalarga nisbatan yashash uchun koʻproq shart-sharoit yaratib berayotgani, subsidiya va yordam pullari miqdori ham yaxshiroq toʻlanishi haqida gap tarqaladi. Fuzor begi Akrambek boshchiligida bir guruh muhojirlar, jumladan, Eshoni Sudur va yana bir necha kishi oʻz oilalari bilan Kobulga borishga qaror qiladi. Akrambek va Eshoni Sudurlarni nafaqat Kobulda beriladigan subsidiya, balki ularni bu yerda yashayotgan oʻz yurtdoshlari bilan koʻrishish istagi hamda oʻz vatanlari haqida maʼlumotlardan xabardor boʻlish tuygʻulari ham chorladi. Muhojirlardan 15 kishi Kobuldan uch chaqirim masofada, bir afgʻon zamindoriga qarashli Qal’ai Shamsiydagi bir hovlini ijaraga olib, bu yerda uch yilga yaqin yashaydi. Eshoni Sudur vaqti-vaqti bilan, yaʼni har oyda bir marta Qal’ai Fotuga, Said Olimxon huzuriga moddiy yordam olish uchun borib turadi. Saroyda yordamni Olimxonning sobiq amaldori Buxoro qushbegisining oʻgʻli Akramxon Eshon Gʻoziy (bu sobiq Fuzor begi Akramxon emas) tarqatib turgan.

Eshoni Sudur muhojirlikda Vatanni qoʻmsash va sogʻinch tuygʻulari bilan yashar, qaytish istagi unga hyech qachon tinchlik bermasdi.

Pochchasi, sobiq Gʻuzor begi unga Buxoroga borsa, u yerda uni oʻlim kutayotganligini aytib, qanchalik zoʻr berib qaroridan qaytarishga urinmasin, Buxoroga bormaslikka koʻndira olmagan. Eshoni Sudur unga: „Meni yurt sogʻinchi shunday qarorga kelishimga majbur qildi. Mayli, oʻlishim kerak boʻlsa, oʻz yurtimda, ota yurtimda oʻlay“, deb javob bergan.

Akromxon Eshon Gʻoziy unga Amir Said Olimxon nomidan Ibrohimbekka yozilgan maktubni topshiradi. 1930 yil iyunda Ibrohimbek huzuriga kelgan Eshoni Sudur yurtga qaytish umidida uning qarorgohida qoladi. Ibrohimbek qoʻshini bilan birga 1931 yil 30 martda Tojikistonga oʻtadi. Eshoni Sudur sarkarda Ibrohimbek qoʻrboshi bilan Bobotogʻda ajrashgan. Soʻngra u Denovga borib, Xudoynazar boshchi vositachiligida OGPU vakillariga qurolni topshiradi. Denov GPUsiga 1931 yil 1 iyul kuni taslim boʻlgan. Eshoni Sudur (Sulaymon Salohiddinov) OGPU kollegiyasining 1932 yil 13 aprelda chiqarilgan otish hukmi boʻyicha 1932 yil 10 avgustda 16 kishidan iborat guruh tarkibida, Ibrohimbekning asosiy oʻrinbosari va gʻoyaviy rahnamosi sifatida, Toshkent shahrida 55 yoshida otib tashlanadi.

Mustaqillik sharofati bilan Oʻzbekistonda Ibrohimbek singari qoʻrboshilar va Nosirxon Toʻrakabi taraqqiyparvarlar oqlandi. Zero, Ibrohimbek qoʻrboshi va uning jasur safdoshlari ham, Nosirxon Toʻraham el-yurt mustaqilligi yoʻlida shahid ketgan xalq va millat qahramonlari hisoblanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н, Раззоқов А, Раҳимов К. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий. Тошкент: Uzbekistan Today, 2015 — 376-bet. ISBN 978-9943-4509-5-0. 

— Bu xabarni [[Foydalanuvchi:|]] ([[User talk:|munozara]] · hissasi) yozdi, lekin imzo qo‘ymadi