Eshonxo‘ja Toshkandiy — toshkentlik alloma va tarixchi. Uning to‘la nomi Abu Ubaydulloh Muhammad ibn Sultonxo‘ja bo‘lib, Eshonxo‘ja qori Toshkandiy sifatida mashhur. Eshonxo‘ja Toshkandiy fanda tarixchi sifatida tanilgan. Uning „Xulosat al-ahvol“ („Qiska tarjimai hol“) degan asari bo‘lib, unda muallif o‘z tarjimayi holini Qo‘qon xonligi, xususan, xonlikning Toshkent hokimligida yuz bergan voqealarni tasvirlaydi. Muallif o‘zi yashagan davrdan 1865-yilgacha bo‘lgan tarixiy voqealarni bayon etib ketadi. Asar 240 varaqdan iborat[1]. Eshonxo‘ja Toshkandiyning „Xulosat al-ahvol“ asari muqaddima, to‘rt bob va xotimadan iborat. Muqaddima, birinchi bobi muallif tarjimayi holiga oid bo‘lib, bunda u, asosan ota-onasi haqida to‘xtaladi, yoshlik davri va madrasada o‘qiganligi haqida maʼlumotlar bayon qiladi. Ikkinchi bob yigirma besh varaq, uchinchi bob o‘ttiz besh varaq bo‘lib, undan so‘nggi oxirgi bob yaxlit kelgan, xotima ajratilmagan. Unda muallif hayoti va mamlakatda yuz bergan siyosiy voqealar bayon etiladi. Xulosada 1865-yil voqealari haqida to‘xtaladi. Muallif xonlikda mirza va soliq yig‘uvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik u amaldan chetlatilgan. Shu borada birmuncha mablag‘ to‘plab, maʼlum miqdorda yer egasi bo‘lib ham qoladi. Tarjimayi hol sohibi xonlik bilan xalq o‘rtasidagi shaxs bo‘lgan. Shu jihatdan uning bayon etgan voqealari ichida xalq ommasining ahvoli haqida ham bevosita va bilvosita maʼlumot berilishi tabiiy. U koʻproq tarixchi sifatida Toshkent va Qoʻqon xonligi tarixiga oid maʼlumotlar yozib qoldirgan[2].

Eshonxo‘ja Toshkandiy
Tavalludi nomaʼlum

Manbalar tahrir

  1. Muhammadkarimov A. Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob). Toshkent: Toshkentnoma, 2009 — 55 bet. 
  2. Uvatov U. Buyuk yurt allomalari. Toshkent: Oʻzbekiston nashriyoti, 2018 — 424 bet.