Fagotsitlar (yun. phagos – yutuvchi va …sit) – odam va hayvonlar biriktiruvchi toʻqimalaridagi himoyaga ixtisoslashgan, fagotsitoz xususiyatiga ega boʻlgan hujayralar. Fagotsitoz hodisasini rus fagot, olimi I. I. Mechnikov kashf etgan (1882). Umurtqasiz hayvonlarda fagotsitlar vazifasini amyobotsitlar (gemolimfa tarkibidagi harakatchan hujayralar) bajaradi. Umurtqalilarda qonning shaklli elementlaridan biri – neytrofillar (mikrofaglar), retikuloendotelial sistema hujayralari va faol makrofaglarga aylana oladigan mikrogliylar fagotsitlar hisoblanadi. Neytrofillar mayda zarralar (bakteriyalar va boshqalar) ni, makrofaglar oʻlgan hujayralar yoki ularning qismlarini qamrab olish, manfiy zaryadlangan boʻyoq va kolloid moddalarni toʻplash xususiyatiga ega. Plazmatik membrana bilan oʻrab olingan zarrachalar sitoplazmaga oʻtgandan soʻng fagosomalarga aylanadi. Birlamchi lizosomalar fagosoma bilan qoʻshilib, gidrolizlovchi fermentlar yutilgan zarrachalarni parchalaydi. Fagotsitlar organizmning nospetsifik himoya vositalari sifatida katta ahamiyatga ega.