Fan-texnika inqilobi, ilmiy-texnika inqilobi – ishlab chiqaruvchi kuchlarning tub sifat oʻzgarishlarida fanning asosiy ishlab chiqarish omili boʻlishi. XX asrning oʻrtasida boshlangan. Fan-texnika inqilobi mehnatning mazmuni, xarakteri va sharoitini, ishlab chiqaruvchi kuchlar strukturasini, mehnat taqsimotini, jamiyatning professional strukturasini oʻzgartiradi; mehnat unumdorligining oʻsishiga olib keladi; jamiyat hayotining hamma tomonlariga, madaniy-maishiy hayotga, inson psixologiyasiga taʼsir koʻrsatadi. Xodimlarning maʼlumot darajasi, malakasi, madaniyati, uyushqoqligi va masʼuliyatiga katta talablar qoʻyadi.

Elektron hisoblash mashinalari fan-texnika inqilobining ramzi hisoblanib, uning paydo boʻlishi inson funksiyalarini asta-sekinlik bilan mashinalarga berishga, ishlab chiqarish va boshqaruvni kompleks avtomatlashtirishga olib keldi. Hozirgi davrda fan-texnika inqilobi quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi: fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi; shu bilan bogʻliq ravishda ijtimoiy mehnat taqsimotida yangi davrning boshlanishi; mehnatning xarakteri va mazmunida ijodiy elementlarning kuchayishi; yangi energiya manbalari yordamida sunʼiy materiallarning yaratilishi; axborotning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi ahamiyatining kuchayishi, ommaviy kommunikatsiya vositalarining misli koʻrilmagan taraqqiyoti; umumiy va maxsus taʼlim hamda madaniyat darajasining oʻsishi; fanlararo oʻzaro bogʻliq murakkab muammolarni kompleks hal qilish, ijtimoiy fanlar rolining ortishi; ijtimoiy taraqqiyotning keskin tezlashishi, planeta miqyosida integratsiyalashuv; ekologik muammoning paydo boʻlishi va u bilan bogʻliq xolda jamiyat-tabiat tizimini ilmiy boshqarishning zarurligi.

Fan-texnika inqilobi global muammoga aylangan ayrim salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqardi. Bu muammolar (ekologiya, xalqaro terrorizm, demografiya, energiya tanqisligi bilan bogʻliq va boshqalar)ni hal qilish uchun kuchlarni birlashtirish taqozo qilinadi.