FANO VA BAQO (arab. — fano — foniylik, yoʼqolish, oʼtkinchilik; baqo — boqiylik, barqarorlik). Fano — yomon xulqlarning yoʼq boʼlishi, baqo esa, yaxshi xulqlarning barqaror boʼlishi bilan izohlanadi. Yomon xulqlardan voz kechganlar uchun nafs xohish istaklari fano (yoʼq) boʼlib ketadi, ezgu niyat va ixlos baqo (doimiylik) kasb etadi. Fano holatida solik oʼz xatti-harakatlari manbaini Alloxda koʼradi. Fano solikning Allohga eng yaqin kelgan darajasi hisoblanadi. Sufiy adabiyotida „Allohda yoʼq boʼlib ketish“ iborasi bilan qam mazkur tushuncha izohlangan. Fariduddin Attor esa „fano“ mazmunida „istigʼroq“ soʼzini qoʼllagan. Tavhid ummoniga gʼarq boʼlgan solik ummondan boshqa narsani koʼrmaydi, hatto oʼzini ham ummon tomchisi sifatida mushohada qiladi. Fano tushunchasi tasavvufda turlicha tasnif qilingan: fano az-zot — solik oʼzining mavjud emasligini, faqatgina Alloh haqiqiy mazmunda mavjud ekanini idrok etadi. Fano as-sifot — solik insoniy sifatlardan xoli boʼlishi. Fano al-feʼl — Allohni solik oʼz xatti-harakati va faoliyati manbasi sifatida mushohada etishi. Shuningdek, fanoning suluk yoʼlini bosib oʼtish maqomlari bilan bogʼliq tasnifi ham bor: fano fish-shayx — solik tariqat shayxi istaklaridan qabul qilish yoʼlida oʼz xohish - istaklarini voz kechishi. Fano fir-rasul — solikning Paygʼambar (a.s.) muhabbatiga gʼarq boʼlishi va u zotning xulqlari bilan xulqlanishi. Fano fillah — solik oʼz sifat va xususiyatlarini yoʼqotib, Allohning sifatlari bilan bezanishi. Fano bosqichidan keyin baqo bosqichi keladi. Fano va baqo tushunchasining paydo boʼlishi Abu Said al-Xarroz (vaf. 899 y.) nomi bilan bogʼlanadi. Xarroz fano va baqoni solik uchun eng yuqori bosqich deb hisoblagan. Keyinchalik bu tushuncha tasavvufiy adabiyotda keng tarqalib ketdi. Sarroj va J unayd Bagʼdodiy fano tushunchasiga ehtiyotkorona munosabatda boʼlishga chaqirganlar. Boyazid Bistomiy va Mansur Hallojning fano tushunchasiga talqini tanqidchilar tomonidan lohut va nosutni koʼshib yuborish, deb baholangan. Halloj fano tushunchasini sham olovi va parvona bilan tasvirlagan boʼlsa, Rumiy temirchining bosqonidagi temir misoliga oʼxshatgan. Bu temir shu darajada qizib ketganki, maʼlum vaqtda u oʼzini olov deb oʼylaydi. Bunday talqinlar keskin tanqidlarga uchrayverishi oqibatida sufiylar fanoning axloqiy sifatlar bilan bogʼliq jihatlariga koʼproq urgʼu berganlar. Fano va baqo tushunchalari vahdatul-vujud taʼlimotining paydo boʼlishiga xizmat qildi. [1][2] [3] [4] [5] [6] [7] [8]

Manbalar

tahrir
  1. Hakim Termiziy. Navodir al-usul. — Bayrut, 2010; Xdkim Termiziy.
  2. Xatm al-avliyo. — Bayrut, 1965
  3. Kalobodiy, Abu Bakr. at-Taarruf li-mazhab ahl at-tasavvuf. — Qohira, 1994;
  4. Abu Nasr Sarroj Tusiy. al Luma*. — Qohira, 1960;
  5. Hujviriy. Kashf al-mahjub. — Misr, 1974. T.N .;
  6. Shihobuddin Suhravardiy. Avorif al-maorif. — Bayrut, 1992; Lisoniddin
  7. Xatib. Ravzat at-taʼrif bi-l-hubb ash-sharif. — Qohira, 1966; Muhammad
  8. Anvar Badaxshoniy. Akidatut-Tahoviya sharhiningtalxisi.-Toshkent, 2014.