Fargʻona teatri, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Fargʻona viloyat musiqali drama va komediya teatri — Oʻzbekistonning koʻhna teatrlaridan biri. 1930-yilda tashkil boʻlgan. Tashkilotchilari Mamadali Haydarov, Soli Ahmedov. 1933-yil Margʻilon teatr truppasi ham Fargʻona teatriga birlashtirildi. Muxammad Tojizoda bosh rejissyor etib tayinlandi. B. Poʻlatov, M.Olimova, M. Qoriyeva, S.Qosimov, L.Sarimsoqova, S.Saidova, A.Rahmonov, Ya.Mamatxonov kabilar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. M. Tojizoda "Ichkarida" (K.Yashin; T. Jalilov) musiqali dramasini sahnalashtirdi. Ona rolini ijro etgan L.Sarimsokrvaning ijro mahorati qimmatli tajriba maktabi boʻldi. Ketma-ket sahnalashtirilgan "Halima", "Arshin mol olon", "Yondiramiz", "Nomus va muhabbat", "Gulsara", "Rustam", "Platon Krechet" kabi spektakllar bilan teatr oʻz mavqeini mustahkamladi. Teatr repertuari rang-barang mavzularga alohida eʼtibor berdi. "Ikki boyga bir malay" (K.Goldoni), "Malikai Turandot" (K.Gotssi), "Uylanish" (N.Gogol), "Nomus" (G.Mdivani) kabi tarjima asarlar sahnaga qoʻyildi. Pekin tomoshabin ruhiyatidan bir qadar uzoq va sahnalashtirishda koʻringan tajribasizlik tufayli teatr faoliyatini ular emas, balki xalqqa yaqin "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun" kabi musikali dramalar belgiladi. Ilk bor Fargʻona teatrida sahnalashtirilgan "Tohir va Zuxra" (S.Abdulla; T.Jalilov) spektakli musiqali drama rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Teatrning birinchi 10 yilligida M. Haydarov asosiy ijodiy siymo boʻlib, uning ustozligida S.Ahmedov, S.Qosimov, A.Rahmonovlar rejissyor sifatida yetildilar. S.Saidova, Ya.Mamatxonov, F.Xoʻjayeva, Yu.Oripov, A.Yunatonov kabi isteʼdodli aktyorlar va Gʻ. Toshmatov, Z.Haydarov, Gʻ.Hotamov kabi sozanda va bastakorlar tarbiya topdilar. Urush yillari T: Shevchenko nomidagi Ukraina va Moskva Lenin komsomoli teatrlari bilan bir binoda ijod qildilar. "Nodira", "Besh soʻmlik kelin" kabi musiqali asarlar hamkorlik namunasi boʻldi. "Qurbon Umarov", "Davron ota" kabi asarlar ham shu yillar mahsuli.

Urushdan keyingi yillarda yuqori va shirali ovozga ega boʻlgan aktyorlarning yetishuvi xalqqa yaqin musiqali dramalarni tubdan qayta talqin etish imkonini berdi: "Layli va Majnun", "Gulsara", "Nurxon", "Tohir va Zuhra" va boshqa Oʻtmish va shaxslarga qiziqish natijasi oʻlaroq "Alisher Navoiy", "Muqimiy" spektakllari yuzaga keldi. Yangi yaratilgan musiqali dramalar orasida "Alpomish", "Ravshan va Zulxumor", "Qumrining murodi" teatrga katta muvaffaqiyat keltirdi. Zamonaviy mavzuda "Shohi soʻzana", "Ogʻriq tishlar", "Yurak sirlari", jahon mumtoz asarlaridan "Aybsiz aybdorlar", "Makr va muhabbat" sahnalashtirildi. 1960-yillar teatr repertuari "Togajiyanlar", "Toshbolta oshiq", "Meli xobbonu Nabi tovon", "Tobutdan tovush", "Oy tutilgan tunda" kabi spektakllar bilan boyidi. 1966-yil ilk bor Fargʻona teatrida kuyilgan "Gul va Navroʻz" (S. Abdulla, M. Muxamedov; T. Jalilov) spektaklidan boshlab musiqali drama yoʻnalishida keskin koʻtarilish boshlandi. Bu yillar X. Qozoqova, F. Baratova, J. Oxunov, T. Qrdirov, K. Ahmedova, X. Hojinabiyeva, Q.Hotamova kabi aktyorlar, bosh dirijyor D. Jalilov, sozandalardan M. Murtazoyev, M. Gʻiyosov, Y. Ergashev kabi va isteʼdodli rassom Z.Gʻoyibovlar yetakchilik qildilar.

1970-yil teatrga bosh rejissyor boʻlib kelgan N. Otaboyev diqqatini ijtimoiy koʻlami keng asarlarga qaratdi: "Parvoz" (Uygʻun), "Revizor" (N. Gogol), "Qandala" (V. Mayakovskiy), "Oʻtgan kunlar" (A. Qodiriy), "Muxtor vakil" (N. Yusufiy) va boshqa shular jumlasidan. "Toʻylar muborak" (Oʻ. Hoshimov), "Toʻydan keyin tomosha" (Shukrullo), "Oq buloq parizodi" (M. Mirzayeva), "Hokimi mutlaq" (M. Karim) singari spektakllarni Z.Madaliyev sahnalashtirdi.

1980-yillardan avj ola boshlagan milliy uygʻonish, oʻzlikni anglash Fargʻona teatrida ham oʻz aksini topdi. Teatrga rejissyor boʻlib kelgan O. Salimoye Ch. Aytmatov asari asosida "Sohil boʻylab chopayotgan olapar" nomli ilk spektaklidayok, uning ijtimoiy muammolarni keskin ifoda etishlik xususiyati namoyon boʻldi. Ifoda shaklining oddiyligi va maʼno koʻlamining kengligi shu rejissyor sahnalashtirgan "Temir xotin" (Sh. Boshbekov) spetaklida namoyon boʻldi. Mazkur spektakl Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston teatr festivalida oliy mukofotga sazovor boʻldi va shu spektaklda Qoʻchqor rolini ijro etgan M. Yusupov "eng yaxshi erkak roli" mukofoti bilan tak,dirlandi. rejissyorning "Jafoga vafo" (Alp Jamol), "Qogʻoz qayiqchalar" (I. Tursunov), "Qoʻngʻirokli yolgʻonchi" (A. Obidjon) spektakllari teatr mavkeini baland kutarilishida asosiy omillardan boʻldi. Ajoyibgʻaroyib sarguzasht, samimiy yumor, oddiylik, soʻz bilan harakat, musiqiy va plastik vositalarning oʻzaro qovushimligi "Toshkentga sayohat" (Hamza asari asosida B. Omonov tabdili) spektaklining keng dovrugʻ taratishiga sabab boʻldi.

Istiqlol davri ijod erkinligi tufayli dunyoga kelgan qator original spektakllarda Fargʻona teatrining hayotiy voqelikka yondashuvi oʻziga xos tarzda namoyon boʻldi. Oʻtmish tarixi bilan faxrlanish tuygʻusi sahna temurnomasiga hissa boʻlib qoʻshilgan "Amir Temur va Toʻxtamishxon" (T. Mirzo), Al-Fargʻoniyga qaratilgan "Osmonga sigʻmagan muxabbat" (Y. Sulaymon), "Parijga sayohat" (Molyer pyesasi, Sh.Boshbekov tabdili), "Kampir topaymi, dadajon" (A. Xursandov), "Baxt oʻgʻrisi" (I.Tursunov), "Tikansiz tipratikonlar" (Sh. Boshbekov), "Tuzoq" (R. Tom) va boshqa teatrning soʻnggi yillardagi eng yaxshi spektakllaridir. S. Ahmedov, Yo. Hotamova, X. Ikromov, S. Hakimov, I. Sultonov, M. Shomurodova, R. Xolbekov, Q. Xudoynazarov, A. Ishoqov, rejissyor M. Gʻulomov, dirijyor A. Umarov va boshqa teatrning yetakchi ijodkorlaridir. Bosh rejissyor — Muhammadsoli Yusupov (2004). Sotimboy Tursunboyev.