Farisiylik
Farisiylik - yahudiylik doirasida paydo bo‘lgan ilk yo‘nalishlardan sanaladi. Uning nomi kelib chiqishi xususida manbalarda bir qancha qarashlar mavjud. “Farisiylik” - ivritcha “perushim” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, lug‘atda “ajralib chiqqanlar” ma’nosini anglatadi. Arab manbalarida mazkur oqimni o‘rta asrlarda islom dini doirasida mavjud bo‘lgan “moʻtazila” yo‘nalishiga qiyoslashadi. “Moʻtazila” so‘zi ham arab tilida “ajralib chiqqanlar” ma’nosini anglatib, islom tarixiga oid manbalarida kalom ilmi bilan shug‘ullangan toifaga nisbatan qo‘llanilgan. Ko‘pchilik olimlar ushbu ikki toifa o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini ta’kidlasalarda, ba’zilar buning ziddini aytadilar. Jumladan, misrlik tarixchi Ahmad ibn Ali Makriziy (1364-1442 yy.) moʻtaziliylar zamonida “Farishim” (“ajralib chiqqanlar”) nomli yahudiylarning toifasi bo‘lgani hamda ularning ba’zi qarashlari islom dinidagi moʻtazilalarning qarashlariga o‘xshash bo‘lganini keltiradi. Bundan kelib chiqib, olim, ba’zi islomni qabul qilgan yahudiylar “farishimlar” bilan moʻtazila orasidagi ba’zi o‘xshashliklarni ko‘rgach, ularni shu nom bilan atagan bo‘lishi mumkin, degan qarashni bildiradi.
Umuman olganda “farisiylar” atamasi aynan qachon va kim tomonidan ilk bor ishlatilgani xususida manbalarda aniq ma’lumot uchramaydi. Shunday bo‘lsada, misrlik olim Ahmad Shalabiy bu nom ularning raqobatchilari bo‘lgan sadduqiylar tomonidan berilgan bo‘lishi mumkin degan qarashni keltiradi. Chunki, tarixiy manbalarda “farisiylar” o‘zlarini “birodarlar” deb ataganlari zikr qilinadi.
Farisiy hamda sadduqiylar haqida Injilda ham ma’lumotlar bor. Unga ko‘ra, farisiylar Iso Masihga nisbatan eng adovatkor, unga turli tuxmatlar qilib, xochlanishgacha olib borgan firqa sifatida ko‘rsatiladi. Ularning bu yo‘lni tutishlariga asosiy sabab esa, Iso farisiiylarga nisbatan qattiq ayblovlarni qo‘ygani, ularni to‘gri yo‘ldan adashgan deb atagani sabab bo‘lgan.
E’tiqodiy jihatdan farisiylar ikki nuqtada boshqa yo‘nalishlardan yaqqol ajralib turishini ko‘rish mumkin:
1. Ular “Tavrot”ga, Musoga nisbat beriladigan “Og‘zaki Tavrot”ga va “Talmud”ga ishonadilar;
2. Qayta tirilishga ishonish. Unga ko’ra, kutilgan messiya (xaloskor) kelgach, solih insonlar qayta tiriladi va U bunyod qilajak podshoxlikni qurishda unga ko‘makdosh bo‘ladilar.
Farisiylar e’tiqodiga ko‘ra, muqaddas kitoblar sirasiga faqatgina “Tavrot” emas, balki, “Og‘zaki Tavrot” yoki “Talmud” deya e’tirof etiladigan qonunlar, vasiyat va ko‘rsatmalar hamda sharh va tafsirlarni ham kiritish mumkin. Talmudni ilohiylashtirish barobarida farisiylar ruhoniylarning darajasini ulug‘lash, ularni gunoxdardan ma’sum hisoblash hamda ular aytayotgan gaplar Yaxve tomonidan yuborilayotganiga ishonishlari lozim hisoblanadi. Masalan, ular: “Yahudiylikka imon keltirgan kishi ravvinlarning so‘zlarini qonun deb bilishi lozim. Chunki, ularning so‘zlari Yaratganning so‘zidir. Agar ravvin o‘ng qo‘lingga qarata bu chap qo‘l yoki aksincha, chap qo‘lingni o‘ng qo‘l deb aytsa, uning gapini tasdiqpagin, tortishmagin...”, deb uqtirishgan[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 388-389.
Adabiyotlar
tahrir- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |