Fashizm (italyan. fassismo — toʻda, birlashish) — totalitar tipdagi siyosiy diktaturaga asoslangan hokimiyatning siyosiy konsepsiyasi[1][2][3]. Bunda faqat yuqoridan pastga qarab buyruq beriladi. Fashizm demokratiyaning qarama qarshisi hisoblanadi, u hokimiyatning boʻlinishiga yoʻl qoʻymaydi. Jahon tarixida Fashizmning bir necha koʻrinishlari uchragan. Jumladan, Italiyada totalitar rejim hokimiyati, Germaniyada natsistlar Fashizmi, Portugaliyada harbiy siyosiy Fashizm, Ispaniyada harbiy otryadlar, Ruminiyada legionlik fashizm


Fashizmning har qanday koʻrinishi demokratiya tartibotlari va qadriyatlarini hech qachon eʼtiborga olmaydi, bunday tizimda inson qadri, erkinligi, huquqlari poymol qilinadi. Hokimiyatning jamiyat hayotining barcha jihatlariga haddan tashqari aralashuvi natijasida hamma sohalarni qattiq nazoratga oluvchi totalitar siyosiy partiya shakllanadi va u davlatmonopol tashkilotiga aylanadi[4][5]. Fashizm ana shunday tashkilotga va „dohiy“ning eʼtiroz bildirib boʻlmaydigan obroʻ eʼtiboriga tayanadi.

Fashistik rejim inson manfaati, inson omili bilan aslo hisoblashmaydigan yovuz rejim boʻlib, barcha xalklarni, shu jumladan, oʻz xalqini ham azobuqubatga qoʻyadi.Huquqiy totalitarizmni barpo etish; partiya yakka hukmronligini oʻrnatish, bunday sharoitda kuchayadigan korrupsiya va axloqiy buzilishlar; millatchilik va jangari shovinizm, safsatabozlik, despotiyani avj oldirish, fuqarolarni, butun aholini qoʻrquv ostida saqlash, inson ongi va tafakkurini boʻysunish ruhida tarbiyalash; xurfikrlik, erkinlikka intiluvchilarga nisbatan terror oʻtkazish fashizmni tavsiflovchi xususiyatlardir. Fashizm umummilliy boʻhronlar yoki keskin oʻzgarishlar sharoitida ijtimoiy nochor guruxlar orasida oʻziga tayanch topadi. Fashizmning koʻpgina belgilari turli ijtimoiy hamda oʻng va soʻl koʻrinishdagi milliy harakatlarga xosdir. Gʻoyaviy asosda qaramaqarshiliklar koʻrinib tursada („sinf“ yoki „millat“) jamiyatni siyosiy safarbar etish yoʻllari, terroristik hukmronlik usullari jihatidan totalitar qarakatlar va bolshevizm, stalinizm, „qizil xmerlar“ va boshqa rejimlar fashizmga yaqin turadi. Demokratik tartiblar boʻsh boʻlgan sharoitda fashistik tipdagi harakatlar rivojlanib, fashizmning jiddiy xavfga aylanish imkoniyati saqlanib qoladi.

Fashizm mohiyati

tahrir

Fashizm — bu, davlat boshqaruvining terrorchi totalitar shakli, hukmron doiralarning eng reaksion va agressiv kuchlari manfaatini ifodalovchi oqim. U dastlab Yevropada (Italiyada) vujudga kelgan. „Fashizm“ atamasi „fashio“ so‘zidan olingan bo‘lib, „to‘da“, „uyushma“ degan maʼnolarni Fashizmning mohiyati anglatadi. 1919-yilda Italiyada birinchi jahon urushining sobiq askarlari o‘z manfaatlarini, haq-huquqini himoya qilish uchun kurashuvchi tashkilot tuzdilar. Bu tashkilot „Fashi di kombattimento“ („Kurash uyushmasi“, „Quroldoshlar kurash uyushmasi“) deb atalgan. Tashkilot aʼzolari „fashistlar“,harakat esa „fashizm“ nomini olgan, u turli joyda turli nom bilan, masalan, Germaniyada „natsistlar“, deb atalgan.Tarix Fashizmning mohiyatini uning quyidagi belgilari yaqqol tasvirlab beradi. Uning birinchi belgisini o‘ta millatchilik tashkil etadi. Fashistlar uchun millat manfaati boshqa har qanday manfaatdan ustun turadi. Ular jamiyatni sinflarga bo‘lmaydi. Xo‘sh, nima uchun millatchilik Germaniya va Italiyada boshqa davlatlardagiga nisbatan kuchli bo‘lgan edi?Ular birinchi jahon urushi oqibatlarini o‘zlari uchun qattiq haqorat, milliy tuyg‘uning mislsiz tahqirlanishi, deb qabul qilgan edilar. Nemis millati Versal shartnomasi shartlariga toqat qila olmayotgan edi. Italyan millati esa o‘zini „g‘oliblar ichidagi mag‘lub“, deb hisoblardi. Chunki Antanta tarafida urushda ishtirok etgan g‘olib Italiya urushda ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmagan edi. Germaniyada millatchilik irqchilik bilan qo‘shilib ketgan edi. Natsistlar fikricha, butun insoniyat tarixi — bu, turli millatlar va irqlar kurashi tarixi edi. Bu kurashda faqat kuchlilargina g‘olib chiqadi. Mag‘lublar qismati yo o‘lim, yo g‘oliblarga bo‘ysunishdir. Qudratli irq — bu nemis millatiga mansub bo‘lgan oriy, nordik irqdir. Ularning tarixiy missiyasi butun dunyoga hukmron bo‘lishdir. Fashizmning yana bir belgisi uning o‘ta agressivligidir. O‘ta millatchilik va irqchilik sharoitida shunday bo‘lishi tabiiy edi. Fashizmga xos bo‘lgan yana bir belgi davlat hokimiyati oldida sig‘inish, unga sajda qilish edi. Fashizm uchun bu milliy ruhni mujassamlashtiradigan qudrat, barqarorlik va tartibning kafolati edi.Fashistlar — totalitar tartib, yaʼni jamiyat hayotining barcha sohalari to‘la davlat nazoratiga olingan tartib tarafdori edilar. Germaniya fashizmining ommaviy asosini Birinchi jahon urushida eng ko‘p jabr ko‘rgan tabaqalar hunarmandlar, dehqonlar, urush faxriylari, ishsizlar, ertangi hayoti qanday bo‘lishidan cho‘chib qolgan ishchilar tashkil etdi. Yirik kapital esa fashizmni qo‘llab-quvvatladi.

Fashizmning hokimiyat tepasiga kelishi

tahrir

1929-yilda yuz bergan jahon iqtisodiy inqirozi Germaniyani ayanchli ahvolga solib qoʻydi. Uch yil davomida ishlab chiqarish tinimsiz pasayib bordi. Xususan, ishlab chiqarish 40 foizga, real ish haqi esa 50 foizga kamaydi. Mamlakatda ishsizlar soni 9 mln dan oshdi. Ularning faqat 20 foizigina ishsizlik nafaqasini olardi. Xizmatchilarning ahvoli nihoyatda yomonlashdi. Mayda va oʻrta tadbirkorlar, sotuvchilar bankrotga uchradilar. Qator banklarning bankrotga uchrashi moliya-kredit tizimini larzaga soldi. Iqtisodiyotning chet el moliyaviy yordamiga qaramligi, ayni paytda inqiroz davrida chet el sarmoyasining qaytarib olina boshlanishi, ichki bozorning torligi, sobiq Antanta davlatlariga tovon toʻlash, moddiy resurslar manbayi boʻlish, mustamlakalarning yoʻqligi kabi omillar buning sababi edi. Iqtisodiyotning keskin beqarorlashuvi siyosiy inqirozni ham muqarrar qilib qoʻydi. 1928-yilda reyxstagga oʻtkazilgan saylovda hech bir siyosiy partiya mutlaq koʻpchilik ovoz ola olmagan edi. Shuning uchun GSDP (153 oʻringa ega edi), Katolik Markaz partiyasi (78 oʻringa ega edi) hamda Nemis milliy partiyasi (73 oʻringa ega edi) vakillaridan iborat koalitsion hukumat tuzilgan va katta koalitsiya nomi bilan faoliyat yurita boshlagan edi. Biroq koalitsiya 1930-yilning martida tarqalib ketdi. G. Myuller hukumati isteʼfo berishga majbur boʻldi. Prezident Gindenburg Katolik markazi partiyasi arbobi G. Bryuningni kansler etib tayinladi. Biroq GSDP oppozitsiyaga oʻtgach, G. Bryuning hukumati faol harakat qila olmay qoldi. Natijada mamlakat Prezidentning favqulodda dekretlari kuchi bilan boshqarila boshlandi. Bu hol, oʻz navbatida, reyxstagni obroʻsizlantirdi. 1932-yilda u faqat 5 tagina qonun qabul qildi, xolos.

Manbalar

tahrir
  1. Turner (1975), s. 162: "... goals of radical and authoritarian nationalism".; Larsen, Hagtvet & Myklebust (1984), s. 424: "... organized form of integrative radical nationalist authoritarianism".; Paxton (2004), ss. 32, 45, 173: (32) "...antiliberal values, more aggressive nationalism and racism, and a new aesthetic of instinct and violence", (173) "...overtly violent racism and nationalism. [...] its defining elements—unlimited particular sovereignty, a relish for war, and a society based on violent exclusion"; Nolte (1965), s. 300: "National fascism, as we have shown, is distinguished from nationalism by, among other things, the fact it demands the destruction of a neighbouring state whose very existence appears to threaten its own position of power and the historic remains of its past dominant status in the area."
  2. Encyclopedia Britannica Fascism: "extreme militaristic nationalism, contempt for electoral democracy and political and cultural liberalism, a belief in natural social hierarchy and the rule of elites, and the desire to create a Volksgemeinschaft (German: "people's community"), in which individual interests would be subordinated to the good of the nation"
  3. "fascism". fascism. https://www.merriam-webster.com/dictionary/fascism. <!--->
  4. Encyclopedia Britannica Fascism: "extreme militaristic nationalism, contempt for electoral democracy and political and cultural liberalism, a belief in natural social hierarchy and the rule of elites, and the desire to create a Volksgemeinschaft (German: "people's community"), in which individual interests would be subordinated to the good of the nation"
  5. "fascism". fascism. https://www.merriam-webster.com/dictionary/fascism. <!--->