Fatsiya (lot. facies — koʻrinish, qiyofa) (geologiyada) — choʻkindi togʻ jinslari majmuasi, hosil boʻlish sharoitlarini tavsiflovchi muayyan litologik va minerologik xususiyatlarga ega. Paydo boʻlish sharoitlariga koʻra dengiz, quruqdik va oraliq F.lariga boʻlinadi. F.ning yirik bir xil tipli majmualari kesimda formatsiyalarga birlashadi. "F." terminini fanga 19-asrda shveysariyalik geolog A. Gresli kiritgan. U fatsial oʻzgarishlarning kelib chiqishini togʻ jinslarining hosil boʻlish sharoitlaridagi farqi bilan bogʻladi va ularni hozirgi zamon dengiz tubida kuzatilishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar bilan taqqosladi, ularni guruhlab, toʻplanish sharoitiga qarab litoral va pelagial F.lar deb atadi. Fin geologi P. Eskola esa metamorfik jinslarga tatbiqan "metamorfizm F.si" tushunchasini kiritdi. 1933-yil L. V. Pustovalov jinslar hosil boʻlish jarayonida paydo boʻlgan bir xil geokimyoviy belgilarga ega qatlam va qatlam svitasini ifodalaydigan "qazilma geokimyoviy F." tushunchasini tatbiq etdi. "Geokimyoviy F." termini neft hosil boʻlishida asos boʻlgan organik moddaning toʻplanishida muhim ahamiyatga ega choʻkindi hosil boʻlish va diagenez muhitining geokimyoviy xossalarini koʻrsatadi. Shuning uchun bu termin neftchi geologlar orasida keng qoʻllaniladi. Amerikalik geologlar (F.Pettijon, L. Sloos, U. Krumbeyn) "litologik F.lar" (yoki litofatsiyalar) tushunchasini kiritdilar; bu tushuncha muayyan joydagi stratigrafik gorizont jinslarining litologik tarkibini bildiradi (mas, qum F.si, gil F.si); jinslarning mineralogik tarkibi, strukturasi yoki teksturasiga koʻra ajratilishi ham shu tushunchaga kiradi. "Biologik F.lar" (biofatsiyalar) ham boʻlib, organizmlar qoldiklariga asoslanib tiklangan qazilma biotsenozlardir (mas, marjonpolip F., graptolit F. va boshqalar). F.larni tarixiy geologmyaning boʻlimi — F.lar haqidagi taʼlimotda oʻrganiladi. Yer tarixining qad. davrlari uchun bu sharoitlarni rekonstruksiya qilish usullari esa, fatsial analiz deyiladi.