Fauna (lotincha fauna – oʻrmon va dalalar xudosi, rim mifologiyasida hayvonlar podasi homiysi) – muayyan hududda yoki akvatoriyada yashovchi hayvon turlari majmui. Fauna hayvonlarning turli guruhidan tashkil topgan boʻlib, biror hudud faunistik kompleksining tarixiy rivojlanishi jarayonida vujudga keladi. Tundra, tayga, oʻrmon, dasht, yarim choʻl, choʻl, pantropik va boshqa faunistik komplekslar bor. Muayyan Faunani tashkil etgan faunistik komplekslar miqdori turlicha boʻlishi mumkin. Har bir hududning oʻz avtoxtonlari va immigrantlari bor. Fauna tarkibini oʻrganish natijasida undagi turlar boyligi aniqlanadi. Shunga koʻra, butun Yer shari yoki uning ayrim hududlari faunistiklashtiriladi. Fanda fauna turli sistematik kategoriyalardagi (masalan, biror hududdagi qushlar faunasi, qoʻngʻizlar faunasi va hokazo), maʼlum davrga oid (masalan, miotsen davri faunasi va boshqalar) yoki maʼlum geologik qatlamga mansub hayvonlarni ifodalash uchun „fauna“ terminidan foydalaniladi. Hayvonot dunyosining sistematik tarkibi toʻgʻrisidagi yirik asarlar ham „fauna“ deb ataladi (masalan, Oʻzbekiston faunasi va boshqalar).