Faza tezligi — monoxromatik, yaʼni garmonik toʻlqin fazasining fazoda koʻchish tezligi. Faza tezligi toʻlqin muhitda tarqalganida turli chastotalarda har xil boʻladi (dispersiya hodisasi). Shu sababli faza tezligi tushunchasini nomonoxromatik toʻlqinlar uchun qoʻllab boʻlmaydi. Bu holda guruh tezligi va toʻlqin fronti tezligi tushunchalari qoʻllanadi. Dispersiya boʻlmagan holda (masalan, elektromagnit toʻlqinlarning boʻshliqda tarqalishida) bu uchala tezlik oʻzaro teng boʻladi.