Uch yuz spartalik jasorati, yoki Fermopil (Termopylae) jangi — Ahamoniylar imperiyasining yunonlarga qarshi olib borgan keng qamrovli urushlari davrida roʻy bergan qadimgi dunyo tarixining eng mashhur janglaridan biri sanaladi. Bu afsonaviy jangda Sparta qiroli Leonid yunon shahar-davlatlari ittifoqiga qoʻmondonlik qilib, Kserks qoʻmondonligi ostidagi ulkan fors qoʻshinlariga qarshi mardonavor kurash olib boradi. Bu jang ayni vaqtda antik Yevropa davrining eng mashhur janglaridan biri sanaladi.

Fermopil darasining koʻrinishi

Jang tafsilotlari

tahrir

Yunon va fors qoʻshinlari miloddan avvalgi 480-yilning sentyabr oyida Artemision dengiz jangi bilan bir vaqtda Fermopil darasida toʻqnash kelishgan edi. Kserks miloddan avvalgi 490-yilda yuz bergan „Marafon jangi“ uchun kechikkan javobni bermoqchi edi. Shu maqsadda ulkan fors qoʻshin va flotini safarbar qiladi. Afinalik sarkarda Femistokl esa yunon shahar-davlatlari ittifoqiga Forslarni ham dengizdan, ham quruqlikdan toʻxtatish uchun Fermopil darasi va Artemision boʻgʻozini himoya qilish taklifi bilan chiqadi. Bu reja tasdiqlangach, miloddan avvalgi 480 yilning yoz oyida 7 minga yaqin askardan tashkil topgan yunon armiyasi shimol tomon yoʻlga chiqadi. Antik manbalarda keltirilishicha, 1 millionlik armiyaga ega boʻlgan forslar avgust oyining oxiri, sentyabr oyining boshlarida daraga yetib borishni uddalashadi. Biroq, bu raqamlar bugungi tarixchilar tomonidan bir mubolagʻa sifatida qabul qilinadi. Bugungi tarixchilar qoʻshin sonini 100 mingdan 300 mingacha deb taxmin qilishadi. Kserks toʻrt kun davomida daraga hujum qilmay turadi. Beshinchi kuni esa qattiq hujumga oʻtadi. Yunonlar ikki kun davomida forslarning hujumlarini mardonavor turib, qaytarishni uddalashadi.

 
Leonid manumenti. Fernando Bazzaro tomonidan ishlangan haykal. 1906-yil.

Ammo yunonlardan Epialtes ismli kishi xiyonat qiladi va daraning aylanma yoʻlini forslarga koʻrsatib beradi. Qoʻshin yunonlarining orqa tomoniga oʻtganini koʻrgan Leonid 300 spartalik, 400 tebaili, 700 therpianli va bir qancha yuzlab jangchilar bilan birga darada qoladi. Yunon qoʻshinining asosiy qismini esa Afina himoyasi uchun qaytarib yuboriladi. Qirol Leonid unga qarshi qoldirilgan qoʻshinni magʻlubiyatga uchratadi. Ammo jangda oʻzi ham halok boʻladi.

 
Yunon askarlari
 
Forslarning mashhur „Oʻlmaslar“ deb nomlangan jangchilar guruhining koʻrinishi. Devoriy surat
 
Fermopil jangi. XlX asr oid chizilgan surat. Muallif: John Steeple Davis

Platea jangi

tahrir

Qisqa vaqt ichida magʻlubiyat xabari Yunon shahar-davlatlari ittifoqiga tegishli flot qoʻmondoni, afinalik Femistoklga yetib boradi. Grek strategi bu vaziyatda flotning ogʻir ahvolda ekanini ham hisobga olib, Salamin boʻgʻoziga chekinish uchun buyruq beradi. Bu vaqtda Fors askarlari Beotiyani bosib olib, uni talon-toroj qilib tashlaydi. Shundan soʻng Fors qoʻshini aholisi koʻchirilgan Afinaga kirib boradi. Ammo magʻlubiyatni tan olmagan yunon shahar-davlatlarining ittifoqi miloddan avvalgi 480-yili Salamin boʻgʻozidagi jangda forslarni magʻlubiyatga uchratadi. Butun flotidan ayrilgan Kserks Yevropa tuproqlarida qurshovga tushib qolishdan hayiqib, ochlik va xastalikdan katta qismini yoʻqotgan qoʻshinining asosiy qismiga orqaga qaytish toʻgʻrisida buyruq beradi. Ketish oldin Mardonius ismli sarkardani yunon tuproqlarida qoldirilib ketilayotgan bir qism qoʻshinning qoʻmondoni qilib tayinlaydi. Bir yildan soʻng roʻy bergan Platea jangida forslar butunlay tor-mor etiladi. Bu jangdan soʻng „Ikkinchi yunon-fors“ urushlari nihoyasiga yetadi.[1][2]

Antik davr manbalarida yunon-fors urushlari

tahrir

Yunon-fors urushlari haqida hikoya qiluvchi manbalarning deyarli barchasi antik yunon manbalari hisoblanadi. Afsuski, fors tarixchilarining manbalari bugungi kungacha yetib kelmagan. Shuning uchun ham biz ega boʻlgan maʼlumotlar faqat bir tomonli boʻlib qolmoqda. Yunon-fors urushlari haqida hikoya qilib beruvchi eng muhim shaxs, albatta tarixchi Gerodotdir. Sitsiliyalik tarixchi Diodorus qisman Eforusning maʼlumotlaridan foydalanib, Miloddan avvalgi l asrda oʻz asarini yaratadi.[3] Diodorusning bergan maʼlumotlari Gerodotning maʼlumotlariga deyarli mos tushadi. Yunon-fors urushlari boshqa tarixchilar tomonidan ham qalamga olinadi. Bular orasida: Ctesias, Plutarkhos va Eshilos kabi nomlarni keltirib oʻtish mumkin. „Ilonli ustun“ kabi arxeologik topilmalar Gerodotning keltirgan maʼlumotlarini tasdiqlaydi.[4] Jang vaqtidagi tasvirlarda Gerodotning mubolagʻadan foydalangan joylari mavjud boʻlib, bu tasvirlarning katta qismi boshqa manbalarda oʻz tasdigʻini topmagan. Gerodot oʻz asarida koʻproq Fermopil darasida jang qilgan jasur jangchilarni madh qilib yozadi.

Fermopil jangi sharafiga amalga oshirilgan ishlar

tahrir

Forslarning ulkan armiyasi Fermopildan uzoqlashgandan soʻng yunonlar halok boʻlgan askarlarini oʻz odatlariga koʻra bir tepalikka toʻplab yoqishadi. Forslar mamlakatdan quvib chiqilgandan soʻng, Fermopil darasida, qirol Leonid sharafiga arslon haykali oʻrnatiladi. Fermopil jangidan 40 yil oʻtib, Miloddan avvalgi 440-yili Leonidning murdasi Spartaga olib kelinadi. Va Sparta aholisi juda katta marosim uyushtirib, Leonidni qayta dafn qilishadi. Shundan soʻng har yili qirol sharafiga marosimlar oʻtkazish odat tusiga kiradi.

Yodgorlik majmualari

tahrir

Simonides qabr toshi

tahrir
 
Simonides yodgorligi

Fermopil darasida bir qancha yodgorlik majmualari oʻrnatilgan boʻlb, shulardan biri Simonides qabr tosh yozuvlaridir. Qabr toshga Simonides xotirasi uchun atalgan marsiya oʻyib yozilgan. Tumulus tepaligida joylashgan mazor toshi ramziy maʼnoga ega.[5] Chunki spartaliklar soʻngi janglarini aynan shu yerda olib borishgan edi. Mazor toshidagi yozuvlar kunimizgacha saqlanib qolmagani tufayli uni 1955-yilga kelib, Gerodot qoldirib ketgan maʼlumotlar yordamida qayta yozishga muvaffaq boʻlishadi.

Fermopilda jang qilayotgan spartaliklar orasida Aristomedus va Eurytus ismli ikki kishi koʻzlariga tushgan ogʻir infeksiya sabab Leonid buyrugʻi bilan orqaga qaytarib yuboriladi. Ammo Eurytus jang maydoniga qaytib keladi va jangda halok boʻladi.

 
Leonid haykali

Aristodemus esa Spartada qoladi. Jang maydonida tirik qolgan yana bir jangchilardan biri kishi Pantites boʻlib, u xabarchi sifatida Fessaliyaga yuborilgan edi. Bu ikki kishidan boshqa barcha jangchilar jang maydonida halok boʻlishadi. Jang tafsilotlari va natijasini Spartaga yetkazadigan birorta ham kishi tirik qolmagan edi.

Leonid haykali

tahrir

Bundan tashqari Fermopil atrofida qirol Leonidning haykali ham qad rostlagan. Haykal bronzadan ishlangan boʻlib, fors jangchilarining Leoniddan qurollarini tashlab, taslim boʻlishini soʻragan vaqtida bergan mashur javobi aks ettirilgan: „Keling, oling!“.[6]

Thespian yodgorligi

tahrir

Gretsiya hukumati tomonidan 1997-yilda 300 spartalik bilan birga jang qilgan 700 thespiali jangchilar xotirasi uchun yodgorlik oʻrnatiladi. Marmardan oʻrnatilgan yodgorlik ustida Thespian xudosi Erosga boʻlgan hurmat ramzi sifatida bronza haykal ham oʻrnatilgan boʻlib, haykalning ostiga „Yetti yuz thespiali xotirasiga“ deb yozib qoʻyiladi.

 
Thespian yodgorligi

Manbalar

tahrir
  1. Chapter II, Strategy, Second Revised Edition, Frederick A. Praeger, New York, 1967
  2. The Topography of the Battle of Plataea: The City of Plataea, the Field of Leuctra, G.B.Grundy [1]
  3. Diodorus XI, 28-34,
  4. Note to Herodotus IX, 81
  5. Ziogas, Ioannis (9 November 2014). "Sparse Spartan Verse: Filling Gaps in the Thermopylae Epigram". Ramus 43 (2) (Aureal Publications) 43 (2): 115–133. doi:10.1017/rmu.2014.10. https://www.academia.edu/3387164. Qaraldi: 10 October 2014. Fermopil jangi]]
  6. Ring, Trudy; Watson, Noelle; Schellinger, Paul. Southern Europe: International Dictionary of Historic Places. Routledge, 5 November 2013 — 695-bet. ISBN 978-1-134-25958-8. 

Qoʻshimcha adabiyotlar

tahrir