Fibrin
Fibrin (lotincha fi bra – tola) – erimaydigan oqsil; qon ivishi jarayonida fibrinogensan hosil boʻladi. Fibrin silliq yoki koʻndalang chiziqli tolalar shaklida boʻladi. Fibrin tolalari polimerlanib, qon oqishini toʻxtatadigan tromb asosini hosil qiladi. Fibrin hosil boʻlishi 3 bosqichdan iborat: 1) fibrinogendan trombin taʼsirida ikkita A va B peptidi ajralib, disulfid bogʻlari bilan bogʻlangan ikkita subbirlikdan iborat fibrinmonomer hosil boʻladi; 2) fibrinmonomer fibrinagregatga (quyqaga) aylanadi; 3) fibrinagregat fibrinoligaza fermenti taʼsirida fibrinpolimerga aylanadi. Qon tomirlar shikastlanganda fibrin qalin toʻr hosil qilib, qonni toʻxtatadi. Tozalanib quritilgan qon quyqasidan fibrin olinadi. Fibrindan qon oqishini toʻxtatuvchi vositalar tayyorlanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |