Fitoftoroz, qizgʻish chirish — oʻsimliklarda fitoftora (Phytophtora) turkumiga mansub zamburuglar qoʻzgʻatadigan kasalliklar. Kartoshka, pomidor, piyoz, sitrus ekinlari, olma va boshqalarda uchraydi. Kartoshka F.ida (qoʻzgʻatuvchisi — P.infestans) barglarda yirik dogʻlar, nam obhavoda barglarning orqa tomonida oq gʻubor paydo boʻladi, tuganagida dastlab qora dogʻlar koʻrinadi, soʻngra ular qoʻngʻir rang olib, chiriydi va qattiklashib qoladi. Zararlangan tuganaklar kartoshkani saqlash jarayonida yana boshqa kasalliklar bilan zararlanadi.

Kurash choralari: kasallikka chidamli navlarni ekish, sogʻlom urugʻlik tayyorlash, fosfor-kaliy oʻgʻitlarini yuqori dozalarda qoʻllash, fungitsidlar purkash, kavlashdan oldin oʻsimlik palaklarini oʻrib olish. Pomidor F.ida ham (qoʻzgʻatuvchisi — P.infestans) barglarning orqa tomonida oq gʻuborli, poyasida gʻuborsiz choʻziq qoʻngʻir dogʻlar, mevasida qoʻngʻir chirish paydo boʻladi. Olma F.i (qoʻzgʻatuvchisi — P.omnivora), asosan, daraxtning ildiz boʻgʻzini zararlaydi, daraxt poʻstlogʻi koʻkbinafsha tus oladi va yorilib ketadi.

Kurash choralari: toʻkilgan mevalar yigʻishtirib olinadi va yoʻq qilinadi. Yorilgan poʻstloq tozalanib dezinfeksiya qilinadi, zararlangan joylari kuydiriladi.