Fiziologiya
Fiziologiya (yun. physis — tabiat va...logiya) — organizmlar va ular qismlari, sistemalari, organlari, toʻqimalari va hayot faoliyatini oʻrganadigan fan. Oʻrganish obʼyektiga binoan, odam (qarang Odam), hayvonlar (qarang Hayvonlar fiziologiyasi) va oʻsimliklar fiziologiyasiga boʻlinadi (qarang Oʻsimliklar fiziologiyasi). Fiziologiya anatomiya, sitologiya, gistologiya va, ayniqsa, biokimyo hamda biofizika bilan uzviy bogʻlangan; u fiziologik jarayonlarni. tushuntiri isha kimyoviy va fizik metodlar hamda tushunchalardan foydalanadi. Fiziologiya — psixologiya, tibbiyot va veterinariya fanlarining nazariy asosi. Fiziologiya umumiy, solishtirma (evolyutsion) va xususiy (amaliy) fiziologiyaga boʻlinadi. Umumiy fiziologiya barcha tirik materiya faoliyatining asosiy qonuniyatlari, uning tashqi muhit taʼsiriga. javob reaksiyasini, tirik obʼyektlarning notirik tabiatdan farq qiladigan xususiyatlarini oʻrganadi. Solishtirma fiziologiya hayvonlar organizmi fiziologik funksiyasini filogenetik (qarang Filogenez) va xususiy rivojlanish (qarang Ontogenez) orqali oʻrganadi. Xususiy fiziologiya organizmlar, birinchi navbatda odam organizmi hayot faoliyatining qonuniyatlarini tashqi muhit sharoiti bilan bogʻlab oʻrganadi. Shu sababdan xususiy fiziologiya mehnat fiziologiyasi, sport fiziologiyasi, yosh fiziologiyasi, ovqatlanish fiziologiyasi, kosmik fiziologiya kabi fanlarga ajratiladi. Sogʻlom organizmda kechadigan jarayonlarni oʻrganadigan normal fiziologiya va kasal organizmdagi jarayonlarni oʻrganadigan patologik fiziologiya xam farq qilinadi.
F,— eksperimental fan. Fiziologik tadqiqotlar oʻtkir (viviseksiya, ajratilgan organlar, perfuziya metodlari) yoki surunkali eksperimentlar (shartli reflekslar metodi, fistula qoʻyish, transplantatsiya, elektrodlar kiritish va boshqa metodlar) yordamida oʻtkaziladi.
Yaxlit organizm funksiyasini oʻrganishda elektroensefalografiya, elektrokardiografiya, miografiya, biotelemetriya metodlaridan foydalaniladi.
Fiziologiya sohasidagi dastlabki maʼlumotlar tibbiyot bilan bogʻlangan boʻlib, qadimdan maʼlum. Gippokrat ishlaridayoq organizmdagi suyuklik, suyuq va quyuq moddalar nisbati toʻgʻrisida xabar beriladi. Aristotel "Hayvonlar qismlari toʻgʻrisida"gi asarida bir qancha ichki organlar funksiyasi toʻgʻrisida yozadi. Galen ishlarida fiziologiyaga katta ahamiyat berilgan. U. nerv sistemasi, yurak va boshqa organlarning umumiy funksiyasi toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Uygʻonish davrida dastlab organizmlar har xil sistemalarining anatomik tuzilishi, keyinchalik fiziologik funksiyasi jadal oʻrganila boshlandi (A.Vizaliy, M.Malpigi va boshqa ishlari). Hayvonlar ustida keng miqyosda tadqiqotlar olib borilishi natijasida U. Garvey kon aylanish sistemasini ochdi (1628); R.Boyl hayvonlar hayotida havoning ahamiyatini koʻrsatib berdi (1660); A.Lavuazye bu jarayonda kislorodning ahamiyatini aniqladi va hosil boʻladigan issiqlik miqdorini oʻlchadi (1775). R.Dekart miya funksiyasining qaytarish (reflektorlik) xususiyati toʻgʻrisida oʻz fikrini bildirdi (1649); uning bu fikrini 2 asrdan soʻng fransiya olimlari J.Legallua, P.Fluransa, fiziologiyaMajandi, ingliz olimi M.Xoll va Ch.Bella tajribalar orqali tasdiklashdi. Fiziologiyaning rivojlanishida L.Galvanining organizmlardagi bioelektrik jarayonlarni kashf etishi katta ahamiyatga ega boʻldi. Bu kashfiyot tufayli zamonaviy elektrofiziologiyaga asos solindi.
19-asrdan boshlab fizika, kimyo va umumiy biol. sohasidagi kashfiyotlar (toʻqimalarning hujayraviy tuzilishi va evolyutsion taʼlimotning yaratilishi) tufayli organizmlar funksiyasini batafsil oʻrganish boshlandi. 19-asrda miyaning reflektorlik faoliyati mexanizmini oʻrganishga asos solindi; bu borada I.M.Sechenovnchng markaziy tormozlanish tabiatini oʻrganish sohasidagi ishlari katta ahamiyatga ega boʻldi; bosh miya katta yarimsharlari poʻstlogʻining sensorlik va oʻtkazuvchanlik funksiyalari toʻgʻrisida dalillar olindi (nemis olimlari G.Fricha, E.Gitsiga ishlari); eshitish va koʻrish taʼlimotlari yaratildi (nemis olimlari G.Gelmgolts, E.Gering); nafas olish va yuraktomir faoliyatining nerv regulyatsiyasi aniqlandi (ingliz olimi K.Bernar, nemis olimi K.Lyudvich, ukrain olimi V.Ya.Danilevskiy, A.A.Mislavskiy ishlari); ovqat xazm qilish faoliyatining fermentativ mexanizmlari, ularning nerv va gumoral boshqarilishi yoʻllari ochib beridsi (nemis olimi R.Geydengayn, rus olimi I.P.Pavlov); ichki sekretsiya bezlari kashf qilindi va fiziologik funksiyalarning boshqarilishida gormonlar ahamiyati ochib berildi (fransuz olimi Sh.BrounSekar); qonning transport va himoya funksiyasi koʻrsatildi; organizm ichki muhitining doimiyligi (gomeostaz) va uning mexanizmlari toʻgʻrisidagi tushunchalar shakllandi (K.Bernar, I.I.Mechnikov).
20-asrda fiziologik eksperimentlarda elektron kuchaytirgichlar, katodli ossillograflar, elektron mikroskop va boshqalardan foydalanish tufayli fiziologik funksiyalarni tadqiq qilish imkoniyatlari kengaydi. Buning natijasida hujayrada kechadigan va organizm barcha funksiyasi asosini tashkil etadigan jarayonlarni bevosita oʻrganish mumkin boʻldi. Xususan, tashqi qoʻzgʻatuvchilar retsepsiyasining hujayra mexanizmi, nerv impulslarining paydo boʻlishi va tarqalishi, sinaptik oʻtkazish va tormozlanish tabiati; muskul qisqarishi va sekretsiya mexanizmlari aniklandi; retseptorlardan markaziy nerv sistemasiga uzatiladigan signallarning kodlanishi va uzatilishi, nerv markaziga yetib keladigan axborotning har xil darajada qayta ishlanishi ochib berildi. I.P.Pavlov va shogirdlari shartli reflektorlik va ong asosini tashkil etadigan, bosh miya oliy boʻlimlarida kechadigan nerv jarayonlari umumiy qonuniyatlarini koʻrsatib berishdi. Ichki sekretsiya bezlari funksiyasini oʻrganish tufayli fiziologiyaning mustaqil soxasi — endokrinologiya paydo boʻldi. Gormonlar va mediatorlar tarkibi aniqlanib, koʻpchilik gormonlar va ular taʼsirini tormozlovchi moddalarning sintezlanishi zamonaviy farmakologiyaning asosi boʻldi. Nafas olish, yuraktomir, ekskretor va boshqa sistemalar funksiyasining hujayra va sistema mexanizmlari ham batafsil oʻrganildi. A.M.Ugolov va shogirdlari tomonidan oziq moddalarning ichak membranasida hazm boʻlishi mexanizmi ochib berildi.
Zamonaviy fiziologiyada odam va hayvonlarning psixik faoliyati mexanizmini oʻrganishga katta eʼtibor berilmokda. Bu muammoni hal etishda bosh miya yarimsharlari funksiyasini batafsil oʻrganish, shartli reflekslar nozik neyronal mexanizmlarini tadqiq qilish katta ahamiyatga ega. Hozirgi uyqu, emotsional va eksperimental nevrozlar mexanizmi ustida ham tadqiqotlar olib borilmoqda. Turli sensor sistemalarning axborotni qabul qilishi, uzatishi va qayta ishlashini oʻrganishda olingan maʼlumotlar nutqning shakllanishi, uni tushunib olish, koʻrilgan obrazlar va eshitilgan tovush signallarini farklash mexanizmini bilishga yordam beradi. Odam turmushi va mehnat sharoitiga turli ekstremal omillar (emotsional stress, iqlim va boshqalar) taʼsirini va muxit sharoitiga organizm moslashuvini tadqiq qilish ham bugungi fiziologiyaning vazifasiga kiradi. Miya xotira funksiyasiga taklid qiladigan modellarning yaratilishi zamonaviy fiziologiyaning eng soʻnggi yutuqlaridan biri boʻldi.
Oʻzbekistonda fiziologiya sohasidagi tadqiqotlar A.Yu.Yunusov, B.O. Toshmuhamedov, I.V.Danilov, A.I.Izrael, A.S. Shatalina, Z.T.Tursunov va boshqa nomi bilan bogʻliq. Fiziologiya sohasidagi asosiy tadqiqotlar oʻta noqulay sharoitga organizmning moslashuvi muammolarini oʻrganishga oid. Issiq iqlim sharoiti gipodinamika (kam harakat), giperdinamika (koʻp harakat), ogʻriq, yetarli ovqatlanmaslik va boshqa omillarning ovqatning ichakda hazm boʻlishiga taʼsiri mexanizmining ochib berilishi muhim tadqiqotlardan hisoblanadi (K.R.Rahimov, B.Z.Zaripov, Sh. Q. Qurbonov, B.A. Sodiqov, E.S.Mahmudov va boshqalar). Bir qancha ishlarda oʻt suyukligining oziq moddalarga taʼsiri (U.Z.Qodirov), ichakdagi gidrolitik va transport sistemasi rivojlanishining ona va bola gormonal holati bilan bogʻlikligi koʻrsatib berildi (L.S.Qoʻchqorova). Keyingi yillarda fiziologiya sohasida oʻzbek tilida bir qancha darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi (U.Z.Qodirov, Sh.Q.Qurbonov, K.T. Almatov, Q. Sodiqov va boshqalar).
Adabiyotlar
tahrir- Almatov K.T., Odam va hayvonlar fiziologiyasi, T., 2004; Qodirov U.Z., Normal fiziologiya, T., 1996.
Bahodir Sodiqov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |