Fototropizm
Fototropizm (foto... va yun. tropos — burilish) — oʻsimlik oʻsish organlarining yorugʻlik nuri yoʻnalishiga yoki teskari tomonga harakatlanishi. Musbat va manfiy fototropizm anikdangan: oʻsimlik organlarining yorugʻlik manbai tomonga qarab burilishi musbat, yorugʻlik manbaidan teskari tomonga qarab burilishi manfiy fototropizm boʻladi. Fototropizm, asosan, oʻsimlikning yer usti organlari uchun xos. Mutlaqo yorugʻlik boʻlmagan tuproq ostida oʻsadigan organlar (ildiz va ildizpoyalar) yorugʻlikdan taʼsirlanmaydi. Oʻsimliklarning musbat yoki manfiy burilish xususiyati yorugʻlik kuchiga bogʻliq. Oʻsimlik bitta organining oʻzi yorugʻlik kuchsiz boʻlganda musbat fototropizm xususiyatiga ega boʻlsa, kuchli yorugʻlikda manfiy boʻladi; oʻrtacha yorugʻlikda esa oʻsimlik yorugʻlikdan butunlay taʼsirlanmaydi. Bir tomonlama tushgan yorugʻlikka taʼsirlanish xususiyati har xil oʻsimliklarda turlicha boʻladi. Oʻsimlik hayotida fototropizm juda katta ahamiyatga ega. Oʻsimliklar yorugʻlikka yuqori darajada sezgirligi tufayli urugʻ chuqur ekilishiga karamay, niholning uchki qismi tuproqdan yuqoriga chiqadi. Fototropizm jarayonini soya joylarda va xona ichida ochiq joylarga qaraganda aniqroq sezish mumkin. Bunga bir meʼyorda tushadigan yorugʻlikda oʻsimliklarda fototropik sezgirlikning pasayishi, kun davomida quyosh yorugʻligi oʻzining yoʻnalishini uzluksiz ravishda oʻzgartirib turishi sabab boʻladi. Baʼzi oʻsimliklar yorutlik yoʻnalishining oʻzgarib turishiga juda tez javob qaytaradi. Mas, kungaboqar va ittikanak oʻz rivojlanishining maʼlum davrlarida quyosh nuri ogʻadigan tomonga buriladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |