Tish flyuorozi 1900-yil Italiya vrachi Chiyya Neapоlda yashоvchi axоlida tishlarning rangida turli hil o’zgarishlarni aniqlaydi, u vulqоnlarning ta’sirida buzilgan suvni ichish tishlar rangining buzilishiga sababchi bo’lsa kerak, deb aytib ularni “qоra tishlar” deb nоmlaydi[1].

Dunyodagi turli mamlakatlarda tishlarning rangi oʻzgarishi aniqlangan boʻlib, gʻovak tishlar, qirilgan – sindirilgan emal, „dogʻli emal“ kabi terminlar bilan atashgan (Blek 1916). 1931-yilda axoli isteʼmol qiladigan suvda ftor miqdori koʻpayib ketsa yaʼni, 1 litr suvda 2-3-5 mg ftor boʻlganda, tishlarda dogʻlar hosil boʻlishi aniqlangan. 1931-yilda Smit tajribada it, mushuk va boshqa xayvonlarda, ftorni ichiladigan suvda oshishi natijasida tish emalida dogʻlar hosil boʻlishini isbotladi va bu kasallikni endemik flyuoroz deb ataldi.

Tavsif

tahrir

Flyuorozda avvalo tishlar emalida dogʻlar boʻladi, keyinchalik tana skeletidagi suyaklarda ham flyuoroz boʻlishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, flyuoroz tishlarda oʻziga xos oʻzgarishlar paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi, bu oʻzgarishlar organizmga koʻplab ftor kirishiga bogʻliq boʻladi. Normada 1 litr suvda 1,0-1,5 mg ftor boʻlishi kerak. Ftor tabiatda kaltsiy, alyuminiy va boshqa moddalar bilan birikkan xolda uchraydi. U tuproqdan yuvilib chiqib, suvga tushadi. Odam organizmiga ftor asosan suv bilan kiradi. Ftor organizmda kaltsiy fosfatning bogʻlanish jarayonida katalizator rolini oʻynaydi.

Ftor baliq, goʻsht, choy, tuxumni sarigʻida koʻp boʻladi. Xavo, ovqatlar orqali ftor tanaga kam birlashadi, asosan suv bilan kiradi. Meva va koʻkatlarda ftor kam boʻladi. Bolalar tanasida ftor kattalarga qaraganda koʻproq boʻladi. Bir kunda odam tanasiga oʻrtacha 1 mg gacha ftor kiradi, uni 75% buyraklar orqali, 16% ichaklar, 8% teri bezlari orqali chiqariladi.

Tananing ftorga sezgirligi qandayligiga qarab, flyuoroz engil yoki ogʻir holda boʻlishi mumkin. Albatta suv bilan kirayotgan ftor miqdori koʻproq boʻlsa, flyuoroz ogʻirroq kechadi.

Homiladorlikda yoʻldosh orqali ftorning xomilaga oʻtishi mumkinligi aniqlangan (Rusak B. S. 1968). Flyuoroz kasalligini qandayligini bilishda tishdagi dogʻlar va oʻzgarishlar xuddi koʻzgudek oʻziga xos boʻladi. Tishlardagi bu oʻzgarishlar xuddi gipoplaziyaga oʻxshash boʻladi. Baʼzi olimlar flyuoroz va gipoplaziyani bir hil kasallik deyishgan. Xaqiqatdan ham, shunday deyish ham mumkin, faqat flyuoroz suvda ftor koʻpayishi natijasida hosil boʻladigan kasallikdir. Gipoplaziyaning sabablari esa juda koʻp, ochiq-oydin aniq emas. Flyuoroz asosan doimiy tishlarda boʻladi. Koʻproq yuqori kurak tishlarda, pastki kurak tishlarda uchraydi, molyarlarda ham boʻlishi mumkin. Avvalo emalning normal rangi oʻzgaradi, yaltirokligi yoʻqoladi, xiralashadi, emal chiriganga oʻxshab qoladi. Flyuoroz maʼlum qishloqlarda, shaxarlarda, koʻpincha maʼlum bir regionda uchraydi. SHuning uchun endemik flyuoroz deyishadi.

Tish flyuorozli boʻlib chiqishi va tish chiqqandan soʻng flyuoroz boʻlishi ham mumkin. Novik I. O., Ovruckiy G. D. flyuorozni uch bosqichda oʻtishini aytishgan.

Birinchi bosqichda baʼzi tishlarning toj yuzasida mayda ok boʻrsimon dogʻlar yoki yoʻllar boʻladi.

Ikkinchi bosqichda, bu dogʻ va chiziqchalar tish tojining yarmisidan oshadi, koʻpgina tishlarda kuzatiladi, sargʻish pigmentlar paydo boʻladi. Bu bosqichlarda organizmning ftor bilan zararlanishi yoʻqotilsa, ranglar yoʻqolib tamomila tuzalishi ham mumkin.

Uchinchi bosqichni qaytarib boʻlmaydi. Bunda sariq, jigarrang dogʻlar koʻp, tishlarning deyarli hamma yuzasida boʻladi, emalning tuzilishi tamomila buzilgan. Emal sinuvchan va strukturaviy elementlar etishmaydi. Boshlangʻich bosqichlarda tishning qattiqligi yaxshi boʻladi, keyingi bosqichda esa emal murt boʻlib, sina boshlaydi. Shu bosqich ftor bilan zararlanish kuchli boʻlganda uchraydi. Xar hil tishlarning flyuoroz bilan zararlanishi turlicha boʻladi, oldingi tishlarda koʻproq kuzatiladi. Suvda ftor miqdori koʻp boʻlgan joylarda ota – onalar va ularning bolalari yashagan boʻlsalar, bolalarining sut va doimiy tishlarida flyuoroz boʻlish extimoli baland. (Ribakov A. I., Babel I. V.). Ftor bilan zaxarlanish kuchli boʻlsa, son suyaklarda ham zararlanish boʻlishi rentgenogrammada aniqlangan.

Pashaev, Patrikeev V. K. bizning mamlakatimizdagi flyuoroz bor joylarda boʻlib, ularni oldini olish choralarini izlaganlar. Flyuoroz boʻyicha tasniflar koʻp. Eng qulay tasnif V. K. Patrikeevnikidir (1966). V. K. Patrikeev flyuorozni besh shaklga boʻladi.

1. Shtrixli shakli – koʻpincha tishlarda chiziqli dogʻlar hosil boʻladi.

2. Dogʻsimon shakli – tish tojida katta – kichik boʻrga oʻxshash turli shakldagi chiziqsiz dogʻlar boʻladi.

3. Boʻrsimon – xol shakli, koʻpincha boʻrga oʻxshash, och-sariq, sargʻish, jigarrang tusdagi dogʻlar, pigmentlar boʻlib, emalda 1mm nuqtali nuqsonlar kuzatiladi.

4. Eroziyali shakli – pigmentlashgan joyda chuqurchalar, eroziyalar hosil boʻladi. Eroziyalar turli hil shaklda uchrashi mumkin va ular turli hil chuqurlikda boʻladi. Eroziv shaklda emal va dentinning emirilishi kuzatiladi.

5. Destruktiv shakli – emalda burishish va destrukciya hisobiga tishning toj qismining shakli oʻzgarishi kuzatiladi. Suvda ftor miqdori 10-20 mg/l boʻlganda uchraydi. Emaldagi nuqsonlar, eroziyalar, emal qirgʻoqlarining sinishi hisobiga tishlar tojsi shaklini buzilishi kuzatiladi. Emal xatto dentingacha emirilishi mumkin.

P. T. Maksimenko (1979) flyuorozni tarqalishiga koʻra ikki hilga boʻladi:

  • chegaralangan shakli
  • tarqalgan shakli

Flyuoroz deb tashxis qoʻyish qiyin emas. Bemor xayotini yashaydigan joyi, sharoitini, kasallik belgilarini yaxshilab oʻrganishdan soʻng aniq tashxisni qoʻysa boʻladi. Bu tananing umumiy holatiga ham bogʻliq. Kasallikni kelib chiqishi ichimlik suvining mikdoriga bogʻliq boʻladi, masalan, serharakat bolalar suvni koʻproq ichadilar, ftorni koʻproq qabul qiladilar, yaʼni flyuoroz bilan kuchliroq zararlanadilar. Yozgi taʼtillarda boʻlgan bolalar 2-3 oy mobaynida ftori koʻp boʻlgan suvni ichib, flyuoroz boʻlganligi kuzatilgan. Turar joy oʻzgarsa, flyuorozda ham oʻzgarish boʻladi.

Flyuorozda emal va dentinda gistologik oʻzgarishlar, buzilishlar uchraydi. Bemor tishning turli taʼsirlovchilardan ogʻrishiga va tishning koʻrinishi buzilganligiga shikoyat qiladi. Flyuorozni karies, gipoplaziya, emirilish, ponasimon nuqsonlar bilan qiyoslash kerak .

Davolash

tahrir

Simptomatik davolash muolajalari oʻtkaziladi. Dogʻlar kosmetik nuqsonni hosil qiluvchi yuzalarda koʻrinmasa, davolash muolajalarini oʻtkazmasa ham boʻladi. Hosil boʻlgan nuqsonlarga bemor shikoyat qilsa, ularni fotopolimerlar bilan kosmetik restavratsiyasi tavsiya qilinadi. Vinirlar yordamida nuqsonlarni bartaraf qilish ham yaxshi kosmetik natijalar beradi. Flyuorozning eroziv va destruktiv shakllarida ortopedik davo tavsiya qilinadi. Flyuoroz endemik kasallik boʻlgani uchun turar joyni oʻzgartirish yoki oʻsha xududda suvdagi ftorning miqdorini normaga yaqinlashtirish tavsiya etiladi[2].

Profilaktika

tahrir

Flyuorozni profilaktik chora-tadbirlari individual yoki kollektiv tarzda oʻtkaziladi:

  • ichimlik suvi quvurini oʻzgartirish;
  • ichimlik suvi quvurini aralashtirish;
  • suvdagi ftor miqdorini kamaytirish;
  • chaqaloqni tabiiy ona suti bilan boqish;
  • suv oʻrniga sharbat yoki sut ichish;
  • D va C vitaminlarini buyurish.

Manbalar

tahrir
  1. Bekjanova, Olga; Yusupalixodjayeva, Saodat; Shukurova, Umida; Alimova, Dono. Klinik restavratsion stomatologiya, AVTO-NASHR, Toshkent: Cho'lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019 — 153-157-bet. ISBN 978-9943-5387-2-6. 
  2. Kamilov, Xaydar; Yusupalixodjayeva, Saodat; Shukurova, Umida. Fakultet Terapevtik Stomatologiyasi, Top Image Media, Toshkent: Cho'lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017 — 107-108-bet.