Foydalanuvchi:Mardonova Sarvinoz/qumloq

Kompozitsiya usulida yuzaga kelgan muallif nutqi neologizmlari  xususida

tahrir

       Mardonova Sarvinoz Oripovna, BuxDU o’zbek tilshunosligi kafedrasi oqituvchisi.

          Annotatsiya. Maqolada qo’shma usulda yuzaga kelgan yangi muallif nutqi neologizmlari, ularning grammatik va semantik tabiati, hosil bo’lish mezonlari, usullari yoritilgan. Har bir nazariy fikr badiiy asardan olingan parchalar bilan izohlangan, o’z o’rnida xulosalar chiqarilgan.  

        Kalit so’zlar: kompositsiya usulida so’z yasash, neologizm, muallif neologizmi, qo’shma ot, sifat, fe’l, ravish so’z, ot+ot va sifat+ot modeli asosidagi murakkab so’z.

Kompozitsiya usulida yuzaga kelgan muallif nutqi neologizmlari  xususida

       Mardonova Sarvinoz Oripovna, BuxDU o’zbek tilshunosligi kafedrasi oqituvchisi.

          Annotatsiya. Maqolada qo’shma usulda yuzaga kelgan yangi muallif nutqi neologizmlari, ularning grammatik va semantik tabiati, hosil bo’lish mezonlari, usullari yoritilgan. Har bir nazariy fikr badiiy asardan olingan parchalar bilan izohlangan, o’z o’rnida xulosalar chiqarilgan.  

        Kalit so’zlar: kompositsiya usulida so’z yasash, neologizm, muallif neologizmi, qo’shma ot, sifat, fe’l, ravish so’z, ot+ot va sifat+ot modeli asosidagi murakkab so’z.

Kompozitsiya usulida yuzaga kelgan muallif nutqi neologizmlari  xususida

       Mardonova Sarvinoz Oripovna, BuxDU o’zbek tilshunosligi kafedrasi oqituvchisi.

          Annotatsiya. Maqolada qo’shma usulda yuzaga kelgan yangi muallif nutqi neologizmlari, ularning grammatik va semantik tabiati, hosil bo’lish mezonlari, usullari yoritilgan. Har bir nazariy fikr badiiy asardan olingan parchalar bilan izohlangan, o’z o’rnida xulosalar chiqarilgan.  

        Kalit so’zlar: kompositsiya usulida so’z yasash, neologizm, muallif neologizmi, qo’shma ot, sifat, fe’l, ravish so’z, ot+ot va sifat+ot modeli asosidagi murakkab so’z.


       O’zbek tilshunosligida kompozitsiya usulida so’z yasalishi borasida barcha uchun tan olingan, umumiy fikr mavjud, deb bo’lmaydi. Bu borada, ya’ni qo’shma (kompozitsiya) usulida so’z yasalishi masalasida hal qilinishi lozim ishlar anchagina. Akademik A.Hojiyevning o’zbek tili so’z yasalishiga doir nisbatan oldingi tadqiqotlaridan birida ot va sifatlarning qo’shma shakl (kompozitsiya usuli)da yasalishiga ko’ra quyidagicha fikr bildiradi: “Kompozitsiya usuli bilan yasalgan, yasovchi asos va formant kabi komponentga ega bo’lgan qo’shma otlarning uch xil tipi bor. Bularda obod, tepa, poya so’zlari format vazifasida qo’llanadi. …Kompozitsiya usuli bilan yasalgan leksik yasovchi asos va formatdan iborat tuzulmaga ega bo’lmagan qo’shma otlar ko’proq miqdorda” [1,103].

  So’z yasalishida muayyan bir qolipga ega va shunday yasalish qolipiga ega bo’lmagan qo’shma shakldagi sifatlar haqida ham yuqoridagi kabi fikrlar aytiladi. Qo’shma sifatlarning hosil bo’lishida [kam+ot], [ot+rang], [ot+sifat so’zi], [ot+bop], [ot+talab], [umum+ot] kabilar ma’lum bir so’z yasalish tizimini hosil qilganligi ko’rinadi[2,103-104]. Bu qoliplarning hosilalari sifatida kamchiqim, kamhosil; jigarrang, moshrang, tillarang; darveshsifat, devonasifat; bizbop, qishbop; e’tibortalab, mehrtalab; umumbadiiy, umumxalq kabilar keltiriladi. Biroq mazkur qoliplarning faoliyati ayni damda cheklangan. Aniqrog’i, bu qoliplar ma’lum bir davrda (XX asr davomida) faoliyatda bo’lgan, o’nlab nutqiy hosilalar yaratgan, bugunga kelib esa qolip faoliyati ancha sustlashgan.

   Tahlilga tortilgan qoliplar onda-sondagina ayrim sof nutqiy yasama so’zlar hosil qilmoqda. Bu qatorda kamsement, asfaltrang, baxmalsifat, nuqrasifat, qahvarang kabilarni misol qilib ko’rsatish mumkin.

  A.Hojiyevning “O’zbek tili so’z yasalishi tizimi” kitobida ot, sifat hamda ravishning kompozitsiya usulida yasalishi rad etiladi [2]. Manbada fe’ldan tashqari boshqa turkum so’zlarning qo’shma shaklda kela olishi haqida fikr bildirilmaydi. Aksincha, qo’shma so’z, qo’shma shakldagi ot, sifat, ravish so’zlarning yasalishi so’z yasalish talablariga mutlaqo javob bera olmasligi ta’kidlanadi[2,8-15]. To’g’ri, o’zbek tili lug’at qatlamida qo’shma shakldagi yangi ravishlarning yuzaga kelishi kuzatilmaydi. Lekin qo’shma shakldagi sof nutqiy, endigina qo’shma so’z yasalish qolipidan hosil bo’lgan ot va sifatlar yaralyaptiki, bu holat ot va sifatlarning qo’shma shaklda ham yuzaga kelayotganligidan dalolat beradi.

   Ma’lumki, lug’atlarda mavjud qo‘shma so‘zlar til birliklari sanaladi, ularni izohli, izohsiz o’zbek lug‘atlari qamrab olgan. Biroq badiiy adabiyotda – ijodkorlar ijod mahsulida amaldagi imlo va izohli lug‘atlarda uchramaydigan nutqiy qo‘shma so‘zlar ham kuzatiladi. Buni esa qo‘shma so‘zlar tarkibining taraqqiyoti bilan baholash mumkin.  Kuzatishlar ko’rsatadiki, qo’shma shakldagi yangicha nutqiy yasama ot va nutqiy yasama sifatlarning  yasalish qolipini ko’pincha [ot+ot] tashkil etgan. Asarlarda muallif neologizmlari sifatida qo’llangan kiyikso’qmoq, chaqmoqtuyoq, jayronko’z (M.Yusuf), telfonxat (U.Azim), qunduzqosh (F.Afro’z), daryodil (M.Toir) kabi so’zlar qo’shma ot va sifatlarga misol bo’la oladi.

  Xullas, ot va sifat turkumi  qo’shma shakldagi so’zlar bilan ham boyib boryapti. Bunda ijodkorlarning so’z yasash (individual nutq neologizmlarini yaratish) dagi xizmatini alohida ta’kidlash lozim bo’ladi. Masalan:

Shamollar ot solar Qo‘shtegirmonga,

        Osmonni supurar nuqratan terak. (I.Mirzo)

She’riyat bu qadim buyuk so‘qmoq ekan,

Kiyikso‘qmoq ekan, kiyikso‘qmoq ekan. (M.Yusuf)

Raqsga tushar oltin yaproqlar,

Shitir-shitir yomg‘irqo‘shiqqa. (B.Fazliddin)

Qo‘ng‘iroq qilib tur,

    Telefonxat yoz. (U.Azim)

    Misollarda nuqratan, kiyikso‘qmoq, yomg‘irqo‘shiq, telefonxat kabi [ot+ot] qolipi tarzidagi nutqiy yasama qo‘shma so‘zlar qo‘llangan. Bularning bari o’ta yangi qo’shma shakldagi individual nutq neologizmlaridir.

     Kuzatishlar ko‘rsatdiki, qo‘shma so‘zlar yaratishda M.Yusuf ijodi shaklan va mazmunan yetakchilik qiladi. shoir ijodiy merosida o‘zbekmomo, kiyiknigoh, kiyikso‘qmoq, to‘yko‘cha, sohibdil, oyqovoq, kulko‘rpa, lolayonoq, tillabarmoq, suvsumbul, arslonpanja va h.k. shaklan va mazmunan betakror so‘zlar o‘rinli qo‘llanganligiga guvoh bo‘lamiz. Bularning yasalishi va misralarda qo‘llanishida sun’iylik sezilmaydi.

   Umuman, tilimizda qo‘shma so‘zlarning yasalishi davomli kechmoqda. Xususan, mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida yangi yasalmalar salmoqli o‘ringa ega. Misollarni kuzatamiz: yulduzgul (Osmon chamanida yulduzgul tering. I.Mirzo), ko‘ngilshoh (O‘z do‘stini o‘ylamaydigan/ Ko‘ngilshohning nimasi buyuk. B.Fazliddin), chaqmoqtuyoq (Chaqmoqtuyoq toyimdan/ Ayirmoqchi bo‘lishdi. M.Yusuf), billurtan (Qor – billurtan farishta. U.Azim), Odamtoshlar (Z.Mirzayeva).

   Tahlilga tortilgan misollardan ko‘rinadiki, ijodkorlar qo‘shma so‘zlar yaratishda til qonuniyati uchun muhim bo‘lgan, ya’ni so‘zlarning mazmuniy-mantiqiy, grammatik birikish usullari (til me’yorlari)dan chekingan emas.

     Quyida qo’shma so’z shaklidagi mualliflik neologizmlarini kuzatamiz:

   Ot+ot shaklidagi qo’shma otlar. Qo’shma shakldagi muallif neologizmlari yaratishda  M.Yusuf she’riyati peshqadamlik qiladi. Ayrim misollarni kuzatamiz:

           Qadim O’zbekmomo  kuyi yodimda,

           Yodimda chechaklar kulgan chambili.

  She’rdagi O’zbekmomo shaxs oti o’zbek ayollarining o’tmishdagi umumlashma obrazi bo’lib, qo’shma so’z tarkibidagi momo so’zi  ”hurmatli, ko’pni ko’rgan, e’zoz-e’tiborli ayol” ma’no ifodasiga ega bo’lib kelgan.

              She’riyat bu qadim buyuk so’qmoq ekan,

              Kiyikso’qmoq ekan, kiyikso’qmoq ekan.

  Shoir she’riyat yo’li mushkulligini, hamma ham bu yo’ldan yura olmasligini  kiyikso’qmoqqa qiyoslashi bilan ifoda etadi. O’z o’rnida topib aytilgan ushbu obrazli tasvir to’laqonli estetik vazifa bajargan.

              Muhabbatim, qaydasan, qalb ardog’im,

              Jayronko’zim, qirlarga qolgan ohim.

  Mazkur misrada jayronko’z individual nutq neolagizmi muhabbat so’zining sifatlashi bo’lib kelgan.

               Bedapoya to’ridagi juftin qidirib,

               Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir.

               Suvsumbulni va’dasiga ko’mib ko’ndirib,

               O’ynatgani olib ketdi irmoq qaygadir.

 Boshqa bir misol:

              Uyimizga bir kuni

              Qarindoshlar to’lishdi.

              Chaqmoqtuyoq toyimdan

              Ayirmoqchi bo’lishdi.

  Tahlilga tortilgan misollardagi o’zbekmomo, kiyikso’qmoq, jayronko’z, suvsumbul, chaqmoqtuyoq kabilarning lug’atlarda[3] o’z ifodasiga ega emasligi ham ularning muallif neologizmlari bo’la olishi dalili bo’la oladi. Xuddi shu fikr quyida kuzatiladigan misollarga ham tegishli.

        I.Mirzo she’riyatida ham kompozitsiya usulidagi yangi yasalmalar nisbatan ko’p uchraydi. Jumladan:

              Jannatbog’im, hazrattog’imsan,

              Mehrobimsan, sajdagohimsan

              Sen onamsan, muqaddas Vatan!

              Yagonasan, muqaddas Vatan!

  Vatanni jannatga, bog’ga, sajdagohga qiyoslash an’anaviy (uzual) o’xshatishning yorqin ko’rinishidir. Biroq shoir bu kabi qiyoslarga qoniqmay vatanni ”hazrattog’imsan’’ deya ta’riflaydi va chinakam badiiyat ta’minlanadi.

            I.Mirzo quyidagi misolda yo’lchivin mualliflik neologizmini qo’llab, hazilomuz ifoda yaratadi:

             Yo’lda yo’lchivindek horiganim rost,

             Qirqqa kirib-kirmay qariganim rost.

  Ot+ot shaklidagi yasama so’zga yana bir misol:

             Raqsga tushar oltin yaproqlar

             Shitir-shitir yomg’irqo’shiqqa.  (B.Fazliddin)

  Ot+ot shaklidagi qo’shma sifatlar.

              Hammasi alpsifat                

              Hammasi polvon. (U.Azim) Mazkur misolda qo’llangan alpsifat qo’shma sifati yangilik bo’yog’ga ega bo’lib, biror lug’at tarkibida uchramaydi.

  F.Afuz ijodida ham ot+ot shaklidagi mualliflik sifatlari mavjud. Ijodkor zadadil, qunduzqosh kabi qo’shma so’zlar yaratgan:

                   Izlama talato’p bazmlararo

                    Zadadil kimsasiz qirlarda yayrab.

   Bekzod Fazliddin she’riyatini  kuzatar ekanmiz, unda armonqiz (Armonqizning ko’zi battar suzuklashdi/  She’rim o’qib kimning holi tuzuklashdi), nurchehra  (Tizilmasa, mayli, yo’lingga hurlar/  Faqat bir nurchehra kutsa nigoron), odamshoir  (Hali yuzingni yorug’ qilaman/ Odamshoir bo’lib borganimdan so’ng), gulqalam (Tuyg’ular qo’limga gulqalam tutib/ Yurak toshar daqiq  lahzalararo), ko’ngilshoh (O’z do’stini o’ylamaydigan/ Ko’ngilshohning nimasi buyuk?), o’ydunyo (O’ylayversang, o’ydunyoning o’yi bitmas/ Qo’li uzun tashvishlarning to’yi bitmas) va  h.k. ot va sifat turkumiga tegishli mualliflik neologizmlariga duch kelamiz.

   Xullas, qo’shma shakldagi individual nutq neologizmlari, odatda, ot+ot qolipi asosida yuzaga kelgan bo’lib, predmetlik hamda belgi-xusuiyat ma’no ifodalarini bildirishi bilan xarakterlanadi. Til me’yorlariga mos holda yaratilgan individual nutq neologizmlari leksik qatlamning boyishiga xizmat qiladi hamda betakror ifodalar, obrazlar yaratishda muhim o‘rin tutishi bilan xarakterlanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati

1. Ҳожиев А. Ўзбек тили сўз ясалиши. –Т.: Ўқитувчи, 1989. 103-b.

2. Ҳожиев А. Ўзбек тили сўз ясалиши тизими. –Т.:Ўқитувчи, 2007.

3. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5-жилдли. – Т.: Ўзбекистон миллий энц.си. 2006-2008.