Foydalanuvchi:Marjona9204/qumloq

Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. Chunki u o’zini “Xitoydan to Xuroson” gacha yoyilgan turkiy “qavm” (el, urug’)larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi, “yakqalam” qildi. Bu bilan millatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy ravnaqiga katta ta’sir ko’rsatdi.

Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab o’tdi . Qadim zamonlardan , shu jumladan, Navoiy yashagan davrda ham Xuroson va Movarounnahr bir mamlakat bo’lib, bir taxt egasi ixtiyorida kelgan, aholisining asosiy qismini turkiy xalqlar tashkil etgan. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy tili “Andijon shevasi bilan rost” ligini aytadi. Binobarin, biz – o’zbeklar turkning eng qadim bo’g’inini tashkil etgan va bugun o’zbek millati bo’lib shakllangan xalq buyuk Navoiyning bevosita vorislaridirmiz. Navoiydek jahoniy zotga avlodlik va vorislik hissi har bir o’zbekning qalbini g’urur va iftixor tuyg’ulari bilan to’ldiradi.

Alisher saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda o’sdi. Olimu fozillar davrasida bo’ldi. 3-4 yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvarning bir she’rini yod aytib, mehmonlarni hayratga soldi. 5 yoshida esa uni maktabga berdilar. U bo’lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o’qidi. Alisherlar xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. Ko’p o’tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o’tiradi. Alisherning otasi G’iyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa, o’qishini davom ettiradi. Bo’lajak shoir Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo’ston” asarlarini sevib o’qiydi. Ayniqsa, Farididdin Attorning qushlar tilidan hikoya qilingan “Mantiq ut-tayr” asari Alisherning o’y –xayolini tamom egalab oladi. U odamlardan yotsiraydigan, xilvatni yoqtiradigan bo’lib qoladi. Bu holdan uning ota-onasi tashvishga tushadilar va kitobni yashiradilar. Lekin bu foydasiz bo’lib chiqadi. Kitob Alisherga tamom yod bo’lgan edi. [[Mantiq ut-tayr (asar)|“Mantiq ut-tayr”]] xayoli Alisherga bir umr hamroh bo’ldi. Umrining so’ngida esa, “Lison ut-tayr” nomi bilan unga javob yozdi. Bo’lajak mutafakkirining sevib o’qigan shoirlari yana Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy edi. 1453-yilda Alisherning otasi G’iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, so’ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do’st – Husayn va Alisher yana birga bo’ldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun o’qish va ilm egallash yillari bo’ldi. She’rga mehr Alisherni ijodga undadi. U 7 – 8 yoshlarida she’r yoza boshladi.O’zbekch she’rlariga “Navoiy”, forscha she’rlariga “Foniy” taxallusini qo’ydi. 15 yoshlarida she’rlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi.