Foydalanuvchi:Navruz1202/Glossit

GLOSSIT (yun. glossa — til, itis — yalliglanish) — til toʻqimalarining yalligʻlanishi. Tilning shikastlanishi: tirnalishi, yorilishi yoki uni tishlab olish, koʻpincha issiq ovqat yoki kimyoviy moddalardan kuyishi natijasida kelib chiqadi. Tilning yalligʻlanishi meʼdaichak va b. ichki aʼzolar hamda qon kasalliklari, shuningdek, infeksion kasalliklar (gripp, kizamiq, skarlatina) va ularning alohida xillari (zaxm, moxov, sil) yoki stomatit, gijja kasalliklari, avitaminoz va b. belgilaridan boʻlishi xam mumkin. Glossit toʻsatdan boshlanib, yalligʻlanishga xos belgilar bilan kechadi. Glossitda til ogʻriydi, atrofidagi toʻqimalar b-n birga shishadi, natijada bemor gapirish, chaynash, yutinish, baʼzan nafas olishga ham qiynaladi, koʻp soʻlak oqadi. Glossit belgilari paydo boʻlganda darhol vrachga uchrashish zarur. Davo kasallik belgilariga qarab tayinlanadi, eng muhimi kasallikka sabab boʻlgan omil bartaraf etilishi lozim. Achchiq, shoʻr ovqatlardan oʻzni tiyish, iliq, yumshoq ovqat yeyish tavsiya etiladi.

Manba

https://qomus.info/oz/encyclopedia/g/glossit/