Foydalanuvchi:Navruz1202/Gorkkiy

GORKIY Maksim (taxallusi; asl ismi Aleksey Maksimovich Peshkov) (1868.16(28).3, Nijniy Novgorod — 1936.18.6, Moskva) — rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Sobiq Ittifoq yozuvchilar uyushmasi boshkaruvining birinchi raisi.

Gorkiy bir qator roman («Foma Gordeyev», 1899; «Uchovlon», 1990—01 va b.), hikoya («Konovalov», «Chelkash» va b.) va dramatik asarlar («Meshchanlar», «Tubanlikda», 1902; «Chorbogʻchilar», 1904 va b.) muallifi. «Tubanlikda» pyesasida Gorkiy shafqatsiz hayot tubanlikka itqitgan insonlarning azob-uqubatlarini mahorat b-n bergan. «Ona» (1907) romanida birinchi boʻlib adabiyotda inqilobiy kurashni xayrixoqlik bilan tasvirlagan. «Bolalik» (1913—14), «Odamlar orasida» (1915— 16), «Mening dorilfununlarim» (1923) qissalari avtobiografiyu asarlardir. Gorkiy Sharq xalqlari tarixi bilan qiziqib, «Italiya ertaklari» (1911 — 13) asarida Sharq mifologiyasidan oʻz badiiy niyati asosida foydalandi, rus adabiyotida Amir Temur siymosiga ilk bor murojaat etib, uning tarixiy haqiqatdan uzokdashgan obrazini chizdi. Gorkiy mehnatkash ommaning Lenin rahbarligida 1917 i. okt. da mamlakatni ostin-ustun qilish, koʻplab begunoh kishilarning qonlarini toʻkish hisobiga tarixiy jarayonni oʻzgartirmoqchi boʻlganini va Favqulodda komissiya qatliomini keskin qoraladi, koʻpgina yozuvchilarni bolsheviklarning taʼqibidan saqlab qoldi. U oʻsha vaqtdagi vaziyatda Rossiyada sotsialistik inqilob bemavrid va halokatli, deb hisoblaydi. Avval xalqning madaniy saviyasini koʻtarish, soʻng inqilob qilish mumkin, deb oʻylagan («Bemavrid fikrlar» publitsistik asarlar turkumi, 1917—18). Ammo keyinchalik Gorkiy oʻzi qarshi boʻlgan sotsialistik inqilobiy kurash tomoniga butunlay oʻtib ketadi. Gorkiy bir qancha (L. N. Tolstoy, A. P. Chexov, V. G. Korolenko va b. haqidagi) adabiy portretlar muallifi. «Artamonovlar ishi» romani (1925)da yangi tarixiy avlodning gʻalabasi qonuniy ekanligini tasvirlagan. «Jahon adabiyoti» nashriyoti, «Shoir kutubxonasi», «Ajoyib kishilar hayoti» va b. kitoblar turkumi uning faol ishtirokida tashkil qilindi. Kiborlar halokati va inqilob gʻalabasi muqarrarligi «Yegor Bulichev va boshqalar», «Dostigayev va boshqalar» (1933), «Vassa Jeleznova» (2-nashri, 1935) pyesalarining bosh mavzuidir. «Klim Samginning hayoti» roman-epopeyasida (1927 — 36; 4-qism tugallanmagan) rus xalqining 20-a. boshlaridagi gʻoyaviyijtimoiy kurashi, hayoti aks etgan. Gorkiy chet elda (1921—31) va Rossiyaga kaytganidan keyin zamonaviy adabiyot gʻoyaviyestetik tamoyillari (shu jumladan, sotsialistik realizm nazariyasi)ning shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadi va shu yoʻsinda kompartiyaga adabiyotni oʻz monopoliyasidagi gʻoyaviy qurolga aylantirib olishiga koʻmaklashadi. Sovet davlati rahbarlari Gorkiyning katta xalqaro obroʻsidan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalandilar. Ular makri bilan aldangan Gorkiy 30-y. lar boshlaridagi qatagʻon siyosatini tarbiyaviy aqamiyatga molik tadbir, deb tushundi. Gorkiy ijodi taʼsirida boshqa milliy adabiyotlar (fransuz, nemis, ingliz, xitoy kabi)da ham sotsialistik realizm metodiga asoslangan asarlar koʻplab yaratildi. Gorkiy asarlari 30-y. larning boshida dastlab Choʻlpon, keyinchalik A. Qahhor, Oybek, H. Olimjon, M. Ismoiliy va b. tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Aksariyat pyesalari Oʻzbekistan teatrlarida sahnalashtirilgan.

Manba

Asarlar [10 jildli], T., 1968—78. Naim Karimov, Shuhrat Rizayev.

https://qomus.info/oz/encyclopedia/g/gorkiy/