Qirolicha Nur zoti oliyalari mohir notiq, asl huquqlari himoyasida ko'zga ko'ringan inson. Mamlakatning ijtimoiy-gumanitar hayotida faol, nafaqat musulmon dunyosi, balki butun jahonda dong taratgan ayollar safidan o'rin olgan insonlardan biridir.Iordaniyada qirolicha tashabbusi bilan «Nur-al-Husayn» jamg'armasi tashkil topib, jamg'armaning OITS muammosini bartaraf etishda yangicha yondashuvlari va oilalarda reproduktiv sog'lomlashtirish ishlarini hududlarda taʻminlash borasidagi jonkuyarligi Garvard universiteti tomonidan yuqori baholangan. Shuningdek, qirolicha Nur zoti oliyalari jurnalistikaning rivojlanishi va tabiat muhofazasi uchun ham hissa qo'shayotgan fidoyilardandir. 2003 yilning 8 - 17 sentyabrida Durbandda, Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kongressi bo'lib, Junubiy Afrika Respublikasiga tabiat muhofazasi bo'yicha mahoratli ekspertlar, o'n yilda bir marta chaqiriluvchi ushbu kongressga tashrif buyurdilar. Ushbu kongressda Iolanda Kakabidze, Nelson Mandela va qirolicha Nur boshchiligida 5-Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kongressi ochilib, unda taniqli arboblar o'z maʻruzalari bilan qatnashishdi. Jumladan qirolicha Nur ham o'z maruzasida: Qo'riqlanuvchi hudud, bio xilma-xillik va rivojlanish kaliti ekanligi, qo'riqlanuvchi hudud kimgadir sotilishi, kimningdir manfaati yo'lida barbod qilinishi uchun emas, avlodlarga meros boqiy qolish uchun yaralganligi, qo'riqlanuvchi hududlarga yiliga 45 milliard AQSh dollari kerakligi, amalda esa 6,5 milliard sarflanayotganligi, hamma tabiat neʻmatlaridan foydalanar ekan, uni qayta tiklashga o'z hissalarini qo'shishga majburligi, tabiat muhofazasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish uchun tabiat ko'rigiga masʻul shaxslarga keng huquqlar berilishi kabi dolzarb masalalarni muhokamaga qo'yadi.Aynan qirolichaning tashabbusi bilan 1985 yilda Iordaniyada birinchi bor milliy Konservatoriya ochiladi. Qirolicha Nur nafakat gumanitar va madaniyat sohasining jonkuyari, balki go'zallik borasida ham betakrordir.
HAYOT FAOLIYATI
Qirolichaning asl ismi Elizabet Layza (Liza) Najeb Xalabi bo'lib, 1951 yil 23 avgustda Nyu-York shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi Najeb Xalabi «Pan-American Airlines" aviakompaniyasining rahbari edi. Asli iordaniyalik bo'lgan Layza Xalabi bolaligida oilasining bir joydan ikkinchi joyga ko'chib yurishi oqibatida o'rta taʻlim olish uchun Los- Anjeles, Vashington, maktablarida o'qishiga to'g'ri keldi. Maktabni tamomlagach, bo'lajak Qirolicha Prinston universitetida taʻlim olib, u yerda arxitektura va shaharsozlik ilmidan saboq olgan.Prinston universitetini tamomlagach sohibjamol va iqtidorli mutaxassis, meʻmorchilik firmalaridan birida dastlabki faoliyatini boshlaydi. Avstraliya, Eron, AQSh va Iordaniyada qurilgan yirik binolarning loyihasini yaratishda o'z hissasini qo'sha boshladi. Layza Xalabi, qirol Xusayn ibn Talal bilan birinchi bor yigirma olti yoshida, Iordaniya qirolligi uchun Arabistonda qurilajak aeroportni loyihalashtirayotgan paytda uchrashgan edi.Kirol Xusayn 1935 yil 14 noyabrda shahzoda Talal ibn Abdulla va malika Zayn al-Sharaf bint Jamil oilasida dunyoga kelgan. Qirol Aleksandriyada «Viktoriya» kolleji, Angliyada Xerrou» maktabini tugatib, keyinchalik Angliya qirolligining Sendxerst harbiy akademiyasida tahsil oladi va 1952 yil 11 avgustda Iordaniya Hoshimiylar kirolligining yangi qiroliga aylanadi.Qirol va Layza Xalabi o'rtasidagi munosabatini bir ko'rishdagi muhabbat deya atash mumkin. Chunki bu uchrashuvning ilk daqiqalaridan boshlab, ikki oy davom etgan ularning orasidagi o'zaro hurmat va muhabbat 1978-yil 15-iyulda nikoh bilan mustahkamlanadi. Ularning xohish-istaklari va qiziqishlari bir-birlariga o'xshash bo'lib, ikkisi ham bir-birlariga atalganliklarini his etish uchun ikki oygina kifoya qildi, xolos. Biroq ularning nikohi barchani ham birdek xursand qilavermadi. Sababi, bu to'y arab dunyosi vakillari hamda amerikaliklarni hayratga solgan voqealardan biri bo'ldi. Bu to'y butunlay boshqacha, yaʻni ikki xil madaniyat, ikki xil urf-odatlar va dunyoqarashlarning birlashuvi edi. Qirolning oilasi ham bu vaziyatdan ancha xavotirda edi. Negaki, Layza Xalabi nafaqat turmushga chiqib yangi oilaga, balki butunlay begona hayotga qadam tashlayotgandi. O'z navbatida ushbu nikohning muvaffaqiyatiga g'arb va sharq vakillari unchalik ham ishonishmasdi.Amerikalik xonim endi Iordaniya qirolichasi sifatida yangi nom olishi kerak edi. Qirol Husayn hayotiga nur olib kirgan rafiqasiga Nur al Husayn nomini beradi. Qirolicha Nur turmushga chiqquniga qadar qirol uch bora uylangan bo'lib, birinchi bor 1955 yilda oila qurgan. Ammo ularning turmushi bir yildan keyin ajralish bilan yakun topgan. Qirol ikkinchi bor 1961 yilda ingliz ayoli An-tuanetta Gardinerga, yaʻni qirolicha Munaga uylangandi. Aynan shu qirolicha hozirgi Iordaniya qiroli Abdulla II ning onasi bo'ladi. Ularning oilaviy turmushi ham 1972 yilda ajralish bilan yakun topadi. Xuddi shu yili qirol Husayn uchinchi bor qirolicha Aliyaga uylanadi. Ammo xalqining yuksak hurmatiga sazovor bo'lgan qirolicha baxtsiz voqea sabab aviahalokatga uchrab olamdan o'tgan edi. Qirol Husayn ibn Talal qirolicha Nurga uylanguniga qadar sakkiz nafar farzandning otasi edi. Qirol va qirolichaga tangri yana to'rt nafar farzand ato etadi.Ularning hayoti o'zaro xayrixohlik bilan chiroyli va go'zal edi. Qirol Xusayn kasal paytida qirolicha bor mehri va g'amxo'rligini ayamagan esa-da, uzoq vaqt buyrak saratoni bilan kurashib kelayotgan Qirol Husayn 1999-yilning 6-fevralida olamdan o'tadi. O'limidan oldin AQSh klinikalarida davolanib, tuzalishidan umidini uzgan qirol o'z vataniga qaytib, o'g'li Abdulla II ni taxt vorisi etib tayinlab, bu dunyoni tark etadi. Anʻanaga ko'ra, qirolichalik unvonini qirolicha Nur, kelini qirolicha Raniya bilan baham ko'radi.
FOYDALANILGAN MANBALAR:
IZZAT AHMEDOV; DUNYO MALIKALARI.TOSHKET 2016-YANGI ASR AVLODI.
INTERNET MA'LUMOTLARI