Alisher Navoiy (taxallusi; asl ismi Nizomiddin Mir Alisher) (1441.9.2. — Hirot — 1501.3.1) — buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi.

Alisher Navoiy

Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli oʻgʻli bilan koʻkaldosh (emikdosh) boʻlib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida boʻlgan. Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi (ismi nomaʼlum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi.

Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri kelgan. U temuriyzodalar, xususan boʻlajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi sheʼrlarni oʻqib, yod ola boshlagan. Oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan. 1447-yil 12-martda mamlakat podshohi Shohrux vafot etgach, taxtga daʼvogarlar orasida oʻzaro kurash boshlanadi. Urush-janjallar koʻp kishilarni Xurosondan turli tomonga koʻchib ketishga majbur etdi. Alisher Navoiylar oilasi oʻz tinchligini koʻzlab, Iroqqa koʻchishdi (1449). Taf shahrida Alisher mashhur “Zafarnoma” tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin taassurot qoldiradi. Gʻiyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat oʻtgach, qaytadi. Abulqosim Bobur Gʻiyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. Alisher Navoiy Hirotda qolib oʻqishni davom ettirdi.

Alisher Navoiy sheʼriyatga gʻoyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan oʻrgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zoʻr havas tugʻdirgan edi. Togʻalari Mirsaid — Kobuliy, Muhammad Ali — Gʻaribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez toʻplanishib, mushoira qilishar, adabiyot va sanʼat haqida suhbatlashar edilar.

Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning isteʼdodidan mamnun boʻlgan mavlono Lutfiy, uning:

Orazin yopqoch, koʻzumdan sochilur har lahza yosh,

Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh

matlaʼli gʻazalini tinglab: “Agar muyassar boʻlsa edi, oʻzimning oʻn-oʻn ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu gʻazalga almashtirardim…” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. Sheʼrlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.

Alisher Navoiy 13—14 yoshlarida otasi hayotdan koʻz yumadi. Uni Abulqosim Bobur oʻz tarbiyasiga oladi, katta badiiy isteʼdodi uchun gʻoyat eʼzozlaydi. 1456-yil oktyabrda mamlakat poytaxti Hirotdan Mashhadga koʻchiriladi, Abulqosim yosh Alisherni ham, oʻz xizmatida boʻlgan Husayn Boyqaroni ham Mashhadga olib ketadi. 1457-yilning bahorida toʻsatdan Abulqosim Bobur ham vafot etdi. Alisher Navoiy uchun bu, otasi vafotidan keyingi, ikkinchi ogʻir judolik boʻldi. U Mashhad madrasalaridan birida oʻqishini davom ettiradi. Doʻsti Husayn Boyqaro esa Marv va Chorjoʻy tomonlarga omad qidirib ketadi. Xurosonni temuriylarning yana bir vakili, Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egalladi va poytaxtini Samarqanddan Hirotga koʻchiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yoʻlidagi birinchi raqibi — Abu Said edi.

Alisher Navoiy oilasining xohish-ragʻbati Husayn tomonda boʻlib, bu avvalo ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi; bundan yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. Oʻrtadagi bu vaziyat Alisher Navoiy hayotini murakkablashtirgan. Alisher Navoiy Mashhadda oddiy bir mullavachcha sifatida yashadi. Shoirning bu davrdagi ijodida oʻz yurtini sogʻinib yozgan gʻazallari talaygina. Orada, xususan, yoz fasllarida Hirotga borib-kelib ham turgan. 1463-yilda esa u uzil-kesil Hirotga qaytdi. Biroq bu yerda ahvol oʻzgargan, shahar xarobaga aylangan edi. Xuroson poytaxtida Sulton Abu Said oʻz tartibini oʻrnatgan, muhim vazifalarga u bilan Movarounnahrdan kelgan kishilar tayinlangan, Alisher Navoiy ga yaqin kishilar quvgʻin qilingan, Husayn Boyqaro bilan birga ketgan togʻalari — Mirsaid va Muhammad Ali urushda halok boʻlgan, yashash uchun biron joy topish muammo edi. Alisher Navoiyning oʻsha kunlardagi ahvoli uning keyinchalik ustozi Sayyid Hasan Ardasherga Samarqanddan yozgan maktubidagi sheʼriy satrlarda nihoyatda taʼsirli va haqqoniy ifodalab berilgan.

Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir boʻlib qolgan Alisher Navoiyni Abu Said taʼqib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. Shoir Samarqandga ketishga majbur boʻladi. Alisher Navoiy Samarqandda 1465-yildan 1469-yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida oʻqib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. Samarqandning koʻzga koʻringan shoirlari — Shayxim Suhayliy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, muammogoʻy Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad Olim va boshqalar bilan hamsuhbat boʻldi va doʻstlashdi. Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibek asli hirotlik boʻlib, Vafoiy taxallusi bilan sheʼrlar yozardi, u Alisher Navoiyga alohida hurmat va eʼtibor bilan qaradi. Uning yordamida Alisher Navoiy davlat ishlari bilan ham shugʻullana boshladi. U davlat ishlarini boshqarishda dastlabki tajribani shu yerda orttirdi va bu unga keyinchalik asqotdi. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga “Chigʻatoy amiri” unvoni berilgan.