Foydalanuvchi:Shohjahon Xoldorov/qumloq

ELEKTR ENERGETIKASI OBYEKTLARIDA XODIMLAR BILAN ISHLASHNI TASHKIL ETISH QOIDALARINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA tahrir

“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Elektr energetikasi obyektlarida xodimlar bilan ishlashni tashkil etish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

elektr energetikasi obyektlari tarkibiga kiruvchi uskunalar, qurilmalar, bino va inshootlardan foydalanuvchi va ularni nazorat qiluvchi tashkilot xodimlari, shuningdek, elektr energetikasi obyektlarida qurilish-montaj, sozlash, ishga tushirish hamda ta’mirlash ishlarini bajaruvchi xodimlar bilan ishlash tartibini belgilash;

tashkilotning barcha xodimlarini, shu jumladan, rahbar xodimlarini o‘z kasbi va ish turi bo‘yicha belgilangan tartibda hamda muddatlarda mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘qitish, ularga yo‘l-yo‘riq berish va ularning texnik ekspluatatsiya qilish, mehnatni muhofaza qilish, sanoat va yong‘in xavfsizligiga oid amaldagi qoidalar, me’yorlar va yo‘riqnomalar bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish;

zararli yoki xavfli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq og‘ir ishlarda ishlaydigan xodimlarning ishga layoqatliligini aniqlash va kasbiy kasalliklarning oldini olish maqsadida ularni dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun choralar ko‘rish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2022-yil 18-oktabr,

608-son

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-oktabrdagi 608-son qaroriga tahrir

ILOVA

Elektr energetikasi obyektlarida xodimlar bilan ishlashni tashkil etish

QOIDALARI

1-bob. Umumiy qoidalar tahrir

1. Mazkur Qoidalar elektr energetikasi obyektlari tarkibiga kiruvchi uskunalar, qurilmalar, bino va inshootlarni loyihalashtirish, ekspluatatsiya qilish, ularning ishlashini tashkil etuvchi va nazorat qiluvchi korxonalar xodimlari, shuningdek, elektr energetikasi obyektlarida qurilish-montaj, sozlash, ishga tushirish hamda ta’mirlash ishlarini bajaruvchi xodimlar bilan ishlash tartibini belgilaydi.

Mazkur Qoidalarning talablari elektr energetikasi obyektlarida amalda bo‘lgan yo‘riqnomalar va nizomlar, shuningdek, tashkiliy-boshqaruv hujjatlarida inobatga olinishi shart.

2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

elektr energetikasi obyektlari — elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalar, shuningdek, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari;

tezkor xodimlar — tezkor boshqaruv va tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan xodimlar toifasi va ushbu xodimlarga bevosita rahbarlik qilish uchun tayinlangan shaxslar;

tezkor rahbarlar — smenada qo‘l ostidagi xodimlar va ularga biriktirilgan obyektlarning (energetika tizimi, elektr va issiqlik tarmoqlari, elektr stansiyalari va markazlari, energetika obyektlari) ishlashi bo‘yicha tezkor boshqaruvni amalga oshiradigan xodimlar toifasi;

tezkor-ta’mirlovchi xodimlar — o‘zlariga biriktirilgan elektr qurilmalarida tasdiqlangan hajmda tezkor xizmat ko‘rsatish uchun maxsus o‘qitilgan va tayyorlangan ta’mirlash xodimlariga mansub xodimlar toifasi;

ta’mirlash va sozlash xodimlari — texnologik uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash, sozlash va sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq xodimlar toifasi;

rahbar xodimlar va mutaxassislar — korxona faoliyatining ma’muriy va texnologik kuzatuvini ta’minlovchi xodimlar toifasi;

xodimlar bilan ishlash — xodimlarning kasbiy funksiyalarini bajarishga tayyorligini ta’minlaydigan korxonaning ishlab chiqarish faoliyati yo‘nalishi;

stajorlik — ish joyida amaliy mashg‘ulot;

dublyorlik — ish joyida dublyor tayyorlash uchun javobgar bo‘lgan shaxs kuzatuvi ostida elektr qurilmalarini boshqarishni va boshqa funksiyalarni amalga oshirish;

maxsus tayyorgarlik — o‘quv-amaliy vositalarda ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tizimli mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘li bilan xodimning malakasini saqlash, tashkiliy-rahbarlik hujjatlarini o‘rganib chiqish, texnologik buzilishlar va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha uning bilimi, qobiliyati hamda mahoratini shakllantirish;

malaka oshirish — tizimli ravishda mustaqil o‘qish, ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘qishlarni o‘tkazish, ta’lim muassasalarining tegishli kurslarida qisqa muddatli va davriy uzoq muddatli o‘qitish orqali amalga oshiriladigan xodimlar bilan ishlash shakli;

xodimlar bilan ishlashning jamoaviy shakli — ish natijalarini sarhisob qilib hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat nazoratini, ko‘rgazmali tashviqotlarni, musobaqalarni va boshqalarni tashkil etgan holda mavzuli ko‘riklar, ma’ruzalar, ko‘rgazmalar, ishlab chiqarish yig‘ilishlari o‘tkazishni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksi;

xizmat safariga yuborilgan xodim — elektr stansiyalari, elektr yoki issiqlik tarmoqlarining ishlab turgan elektr qurilmalarida ish bajarish uchun yuborilgan, lekin ularning shtat birligiga kirmagan energetika tizimining ekspluatatsiya qilish, qurilish-montaj, ta’mirlash va sozlash korxonalari xodimlari;

liniyadagi muhandis-texnik xodim — qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishiga bevosita ish joyida rahbarlik qiluvchi qurilish-montaj tashkilotlari xodimlari (usta, katta usta, uchastka mexanigi);

yong‘in xavfsizligi bo‘yicha minimal bilim hajmi — ishlab chiqarishning texnologik jarayonini, yong‘inga qarshi kurashish vositalari va usullarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha xodim bilimining zarur minimal hajmi;

yo‘l-yo‘riq — topshiriqni o‘rgatish va tushuntirish turi bo‘lib, mehnat muhofazasi sohasida uning o‘zlashtrilganligi tekshiriladi va yo‘l-yo‘riq berilganligi maxsus jurnalda qayd etiladi.

3. Korxonaning va har bir ish joyining mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga javob berishi kerak.

4. Korxona tomonidan jamoaviy shartnomada, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvda belgilangan mehnatni muhofaza qilish uchun zarur miqdordagi mablag‘lar ajratilishi shart.

5. Korxona o‘zining tijorat va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyatidan olingan daromad (foyda) hisobiga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etishi mumkin.

Korxonaning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatini yaratish va faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.

6. Korxonaning barcha xodimlari, shu jumladan, rahbar xodimlari o‘z kasbi va ish turi bo‘yicha belgilangan tartibda hamda muddatlarda mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘qishi, yo‘l-yo‘riq olishi va bilimlar sinovidan o‘tishi shart.

7. Korxonada xodimlar bilan ishlash ushbu korxonaning barcha rahbarlari va mutaxassislarining asosiy vazifalaridan biridir.

Xodimlar bilan ishlash uchun javobgarlik korxona rahbari zimmasiga yuklanadi.

Xodimlar bilan ularning toifasiga qarab ishlash shakllari ushbu Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan jadvalga muvofiq belgilanadi.

8. Yuqori turuvchi tashkilot xodimlari (mutaxassislari) quyi tashkilot xodimlari bilan ishlashda ishtirok etishlari lozim.

9. Korxona xizmat safariga yuborilayotgan xodimlarning malakasi bajariladigan ishlarga mosligiga, texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi qoidalari va yo‘riqnomalar talablarini bilishi hamda ularga rioya etishi uchun javobgar hisoblanadi.

10. O‘rindoshlik asosida ishlaydigan shaxslar bilan ishlash ularning asosiy va o‘rindosh kasb (lavozim)lari bo‘yicha to‘liq hajmda amalga oshirilishi kerak.

11. Mazkur Qoidalarda belgilangan xodimlar bilan ishlash ish vaqtida (xodimlarning asosiy funksiyalarini bajarishdan ajratilgan holda) amalga oshirilishi kerak.

12. Zararli yoki xavfli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq og‘ir ishlarda ishlaydigan xodimlar ularning ishga layoqatliligini aniqlash va kasbiy kasalliklarning oldini olish maqsadida dastlabki (ishga qabul qilingan vaqtda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Zararli ishlab chiqarish omillari va ishlarning ro‘yxati, shuningdek, ushbu ishlarni bajarishda dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda qonunchilikda belgilangan tartibda belgilanadi.

13. Elektr energetikasi sohasi korxonalari rahbarlari belgilangan tartibda xodimlarni dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishlari shart.

14. Xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortganda yoki tekshiruv natijalari bo‘yicha tibbiy komissiya tomonidan berilgan tavsiyalarga rioya qilmaganda korxona rahbari ularni ishga qo‘ymaslik huquqiga ega.

Tibbiy komissiya tomonidan tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha salbiy xulosa berilganda, xodimlar zararli yoki xavfli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq og‘ir ishlarga jalb qilinmaydi.

2-bob. Xodimlar bilan ishlashni tashkil etish tartibi tahrir

15. Xodimlar bilan ishlash korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan yillik rejalarga muvofiq tashkil qilinadi va amalga oshiriladi.

16. Rejalar quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olishi kerak:

yangi xodimlarni o‘qitish;

xodimlarni ikkinchi va bir-biriga yaqin kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash hamda o‘qitish;

malaka oshirish;

texnik kutubxonalar, texnik xonalar, xavfsizlik va yong‘in xavfsizligi xonalari, trenajer tayyorgarlik markazlari hamda punktlari ishlarini tashkil etish;

o‘quv-mashq bazasini jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

rahbar va mutaxassislarni imtihonga tayyorlash;

maxsus tayyorgarlik;

bilimini sinash;

yong‘in va avariyaga qarshi nazorat mashqlarini o‘tkazish;

texnika xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish;

texnika xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish;

kasbiy mahorat musobaqalarini o‘tkazish;

ish joylarini tekshirish;

sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika va reabilitatsiya chora-tadbirlarini amalga oshirish;

davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

xodimlar bilan ishlashning jamoaviy shakllari.

17. Xodimlarni (mutaxassislarni) tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini boshqarish korxonaning bosh muhandisiga yuklanadi.

18. Yangi xodimlarni o‘qitish, shuningdek, xodimlar, rahbar xodim va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini rejalashtirish, tashkil etish va nazorat qilish kadrlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilishi kerak. Bunda xodimlarni tayyorlash vazifalari yuklangan mutaxassislar (mutaxassislar guruhlari, sektorlar, bo‘limlar) yoki boshqa xizmat xodimlari jalb qilinadi.

19. Tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga va korxona rahbariga bevosita bo‘ysunuvchi xodimlar bilan ishlashni rejalashtirish va tashkil etish korxonaning bosh muhandisi tomonidan amalga oshirilishi kerak.

20. Korxonada xodimlarning ishlab chiqarishga moslashishi va malaka ko‘nikmasiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun maxsus o‘quv-ishlab chiqarish punktlari (doimiy kurslar, trenajyorlar va boshqalar), texnik kutubxona, texnik xonalar, texnika xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi xonasi faoliyat yuritishi kerak.

Xodimlarni tayyorlash uchun o‘quv-ishlab chiqarish kurslari poligonga ega bo‘lishi, o‘quv xonalari o‘qitishning va mashq qilishning texnik vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi, o‘qitish uchun korxonalar hamda boshqa tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish imkoniyati bo‘lishi kerak.

21. Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan, xodimlar soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir korxonada mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishini nazorat qilish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etilishi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etilishi shart. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan korxonada yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etilishi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilishi shart.

Xodimlarining soni ellik kishidan kam bo‘lgan korxonada mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror mazkur korxona faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda korxona rahbari tomonidan qabul qilinadi.

Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita korxona rahbariga bo‘ysunadi.

Mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga barcha xodimlar tomonidan rioya etilishini nazorat qilish, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek, korxona rahbariga mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha normativ hujjatlar talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.

3-bob. Yangi lavozimga tayyorlash tartibi tahrir

22. Yangi lavozimga tayyorlashga soha bo‘yicha kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

23. Yangi lavozimga ishga qabul qilingan yoki boshqa lavozimga o‘tkazilgan shaxslar ushbu Qoidalarga muvofiq o‘rganishdan o‘tishlari kerak.

24. Qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan energetika qurilmalarida ishlash uchun xodimlarni oldindan tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilishi lozim.

Xodimlarni oldindan tayyorlashning umumiy muddatiga quyidagilar kiritilishi kerak:

yangi texnika, texnologiya va yanada mukammal ish sharoitlarida ishlash uchun zarur bo‘lgan nazariy tayyorgarlik;

ishlab turgan korxonalarda (shu jumladan, xorijiy korxonalarda) stajorlikni o‘z ichiga olgan amaliy tayyorgarlik;

korxona uskunalari ishga tushirilishining aniq sharoitlarida ishga tushirish-sozlash ishlarida ishtirok etish uchun muddatlar kiritilishi kerak.

Tayyorgarlik muddati ishga tushirilayotgan qurilmaning murakkabligi va quvvatiga, texnologik jarayonlarning yangiligiga qarab tanlanadi.

25. Yangi lavozimga xodimlarni tayyorlash har bir lavozim va har bir ish joyi uchun korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan reja va dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Xodimlarni tayyorlash dasturi ularning toifasiga qarab nazariy o‘qitish, stajorlik, bilimlar sinovidan o‘tish, dublyorlik, nazorat mashqlari, ish joyida qisqa muddatli ishlashni o‘z ichiga olishi kerak.

26. Tezkor rahbarlarni tayyorlash korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan yakka tartibdagi dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Tezkor rahbarlarni tayyorlash dasturi ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq quyidagi tayyorlov shakllarini o‘z ichiga olishi lozim: stajorlik, bilimlar sinovidan o‘tish, dublyorlik va bevosita o‘zlari rahbarlik qiladigan tezkor xodimlarning asosiy ish joylarida qisqa muddatli ishlash, shuningdek, ularning tezkor yurituvi ostida bo‘ladigan uskunalar bilan ish joylarida stajorlik.

Tezkor rahbarlarni tayyorlashning har bir bosqichi zarurligi — ularning bilim-ko‘nikmalarining muvofiqligi, texnik bilimlari darajasi, yaqin lavozimlarda amaldagi ish staji, yangi lavozimga tayyorlashdan oldin egallab turgan lavozimi, obyektning texnik murakkabligi hisobga olingan holda belgilanadi.

27. Ishga yangi qabul qilingan va ilgari xavfsiz ish usullariga o‘rgatilmagan qurilish-montaj, qurilish sanoati, mashinasozlik, shuningdek, sozlash, ta’mirlash va yordamchi ishlab chiqarish korxonalari xodimlari korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan dastur bo‘yicha ishlarni xavfsiz amalga oshirish usullariga qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘rgatilishi kerak. Bunday xodimlar o‘rganishdan va bilimlar sinovidan o‘tmaguncha, ularga mustaqil ravishda (tajribali xodimlar nazoratisiz) ishlarni amalga oshirishlariga ruxsat etilmaydi.

28. Yangi qabul qilingan barcha xodimlar tasdiqlangan dastur bo‘yicha mutaxassislar (instruktor-reanimatorlar) tomonidan shikastlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish usullariga ishga qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida o‘rgatilishi shart.

4-bob. Xodimlarning ish joyida stajorlikdan o‘tish tartibi tahrir

29. Tezkor, tezkor ta’mirlovchi, ta’mirlash, sozlash xodimlari hamda qurilish-montaj, qurilish industriyasi, mashinasozlik, shuningdek, sozlash, ta’mirlash va yordamchi ishlab chiqarish korxonalari xodimlari ish joylarida stajorlikdan o‘tishlari kerak. Stajorlikdan javobgar o‘rgatuvchi xodim rahbarligi ostida o‘tiladi.

30. Stajorlikdan o‘tishga ruxsat berish korxona (bo‘linma) boshlig‘i buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Hujjatda stajorlik muddatlari va o‘rgatuvchi javobgar shaxslarning familiyasi ko‘rsatiladi.

31. Har bir ish joyida stajorlikdan o‘tish davomiyligi o‘rgatiladigan xodimning kasbi (lavozimi), ishga tayyorligi hisobga olinib, individual ravishda belgilanadi va ikki smenadan yigirma smenagacha bo‘lishi kerak.

32. Stajorlarni tayyorlash amaliy va nazariy bilimlari yetarli darajada bo‘lgan tajribali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi kerak.

33. Stajorlik jarayonida o‘rgatilayotgan xodim:

Texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari, Texnika xavfsizligi qoidalari, Yong‘in xavfsizligi qoidalari va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ish joyida amaliy qo‘llashni egallashi;

ushbu lavozimda ishlash uchun bilishi shart bo‘lgan sxemalarni, ishlab chiqarish va mansab (lavozim) yo‘riqnomalarini o‘rganishi kerak.

5-bob. Xodimlarni bilim sinovidan o‘tkazish tartibi tahrir

34. Ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarida bevosita qatnashmaydigan shaxslardan tashqari korxonalarning barcha xodimlari texnik ekspluatatsiya qilish, mehnatni muhofaza qilish, sanoat va yong‘in xavfsizligiga oid qoidalar (me’yorlar, yo‘riqnomalar) bo‘yicha bilim sinovlaridan o‘tishlari shart.

35. Bilim sinovlaridan o‘tishni korxonalar, tarkibiy bo‘linmalar, yuqori turuvchi tashkilot, shuningdek, Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zenergoinspeksiya”) komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

36. Korxonalarda bilim sinovini o‘tkazish tasdiqlangan jadvallarga muvofiq ularning rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.

37. Korxonalarda xodimlarni o‘qitish va ularning bilimini sinovdan o‘tkazish uchun ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq tegishli sharoitlar yaratilishi shart.

38. Korxonada rahbarning buyrug‘i (farmoyishi) bilan doimiy ishlab turuvchi imtihon komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarida bevosita qatnashmaydigan shaxslardan tashqari barcha xodimlarning bilim sinovini o‘tkazadi.

“O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakillari imtihon komissiyasida ishtirokining zarurati ushbu organlar tomonidan tegishli talablar asosida belgilanadi.

Xususiy va davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, uzatuvchi, taqsimlovchi tashkilotlar rahbar xodimlarining bilim sinovini “O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakili ishtirokida o‘tkazadi. Bilim sinovidan o‘tgan rahbar xodimlardan tashkil topgan ichki tuzilgan imtihon komissiyasi tomonidan ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarida bevosita qatnashmaydigan shaxslardan tashqari barcha xodimlarning bilim sinovi o‘tkaziladi.

39. “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ huzurida markaziy imtihon komissiyalari tuziladi.

40. Har bir imtihon komissiyasi a’zolari soni kamida 5 nafardan iborat bo‘lishi kerak. Imtihon komissiyasi bilim sinovini kamida 3 nafar a’zo ishtirokida amalga oshirishi mumkin.

41. Imtihon komissiyalarining ishini tashkil etish va o‘qitishlar tashkil etilishini nazorat qilish bilan bog‘liq barcha masalalar yuqori turuvchi boshqaruv organlari tomonidan, “O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakolati doirasidagi masalalar esa ularning vakillari ishtirokida hal etiladi.

Markaziy imtihon komissiyasining ishi “O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ularning vakolati doirasida nazorat qilinadi.

42. Bilimlar sinovidan ozod etilgan shaxslar yoki bunday sinovdan o‘tishi talab etilmaydigan lavozimlar va kasblar ro‘yxati korxona rahbari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

43. Korxona komissiyasida bilimlar sinovidan quyidagilar o‘tadi:

mazkur korxona xodimlari;

tarkibiy bo‘linmalarning rahbar xodimlari, navbatchi dispetcherlar, elektr stansiyasining smena va sex boshlig‘i, tizim ahamiyatiga ega podstansiya rahbari lavozimiga tayinlanganlar.

Xuddi shu komissiyada dastlabki bilim sinovidan quyidagilar o‘tadi:

qozon-turbina sexi, energobloklar, qozonxona va turbina sexlarining katta mashinistlari;

energobloklarning mashinistlari;

elektr stansiyalarining elektr uskunalariga xizmat ko‘rsatuvchi smenadagi katta elektr montyorlar.

Tarkibiy bo‘linma komissiyasining bilimlar sinovidan ushbu bo‘linmaning xodimlari, shuningdek, tayyorgarlik o‘quv dasturida ushbu bo‘linmada bilim sinovidan o‘tishi nazarda tutilgan shaxslar o‘tishi kerak.

44. Korxona rahbarlari va ushbu korxonaning bilim sinovi komissiyasi a’zolari “O‘zenergoinspeksiya” vakili ishtirok etgan markaziy imtihon komissiyasida bilim sinovidan o‘tadilar.

45. Yuqori turuvchi tashkilotga ega bo‘lmagan korxona komissiyasi rahbarlari va a’zolari, shuningdek, bilimlar sinovi komissiyasi tuzish imkoni bo‘lmagan korxona va tashkilot xodimlari “O‘zenergoinspeksiya”ning komissiyasida bilimlar sinovidan o‘tadilar.

46. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi nazorati ostidagi obyektlarga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar va ayrim toifadagi mutaxassislarning bilimini sinovdan o‘tkazish hamda mustaqil ishlashga ruxsat berish Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi qoidalarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

47. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning harakatlanadigan tarkiblarini o‘z yo‘llariga qabul qiladigan stansiyalarning temir yo‘llarga xizmat ko‘rsatadigan, poyezdlar harakati va manevrini tashkil etish bilan shug‘ullanadigan rahbarlari, mutaxassislari va xodimlari mustaqil ishlashga ruxsat berilishidan oldin “O‘ztemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasi komissiyasining bilimlar sinovidan o‘tishlari kerak.

48. Ta’mirlash, sozlash va boshqa ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning xodimlari o‘z korxonalarida o‘qitiladi. Ushbu korxonalarning bilimlar sinovi komissiyasida sinovdan o‘tadi va mustaqil ishlash huquqiga ega bo‘ladi.

49. Korxona komissiyasi va uning tarkibiy bo‘linmalari komissiyasi rahbar buyrug‘i bilan tayinlanadi.

Korxona komissiyasi tarkibiga nazorat qiluvchi yoki yuqori turuvchi boshqaruv organining rahbar xodimlari va mutaxassislari ularning qaroriga binoan kiritilishi mumkin.

Tarkibiy bo‘linma komissiyasiga korxona rahbari qaroriga muvofiq korxona tarkibiy bo‘linmalarining mutaxassislari kiritilishi mumkin.

50. “O‘zenergoinspeksiya” imtihon komissiyasining tarkibi inspeksiya rahbarining buyrug‘i bilan belgilanadi.

51. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ huzuridagi markaziy imtihon komissiyalari tarkibi ushbu jamiyatlarning boshqaruv raisi buyrug‘i bilan belgilanadi.

52. Korxona xodimlarini bilimlar sinovidan o‘tkazish birlamchi, davriy va navbatdan tashqari bilim sinovlaridan iborat.

Dastlabki bilimlar sinovidan o‘tkazish xodim ishga qabul qilinib, o‘qitilgandan keyin yoki yangi lavozim bo‘yicha tayyorlanib, boshqa ishdan (lavozimdan) yoki boshqa korxonadan o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

53. Xodimlar bilimining dastlabki sinovi dasturlar va ularni tayyorlash rejalarida belgilangan muddatlarda, rahbar va mutaxassislar bilimining dastlabki sinovi esa ishga tayinlangan kundan boshlab ikki oydan kechiktirmasdan o‘tkazilishi kerak.

54. Barcha toifadagi xodimlarning davriy bilimlar sinovidan o‘tkazilishi kamida uch yilda bir marotaba amalga oshirilishi kerak.

Tezkor rahbarlar, energetika qurilmalarini boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bevosita bog‘liq shaxslar hamda qurilish-montaj korxonalarining liniyadagi muhandis-texnik xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari bo‘yicha bilimlar sinovi davriyligi bir yilda kamida bir marotaba bo‘lishi kerak.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi obyektlarini ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq xodimlar bilimining davriy sinovi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining qoidalariga muvofiq o‘tkazilishi kerak.

55. Navbatdan tashqari bilimlar sinovi quyidagi holatlarda o‘tkaziladi:

xodimlar tomonidan qoidalar (me’yorlar, yo‘riqnomalar) buzilganda;

“O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining talabiga, shuningdek, qoida buzilishi holatini o‘rganayotgan komissiya xulosasiga ko‘ra;

xodimlarning qoidalar (me’yorlar, yo‘riqnomalar)ni yetarli darajada bilmasligi yoki normal va avariyali holatlarda noto‘g‘ri harakatlari aniqlangan bo‘lsa, yuqori turuvchi tashkilot rahbarining qaroriga binoan;

yangi yoki qayta ko‘rib chiqilgan qoidalar kuchga kirganda;

yangi qurilmalar o‘rnatilganda va rekonstruksiya ishlari bajarilganda yoki asosiy elektr va texnologik sxemalar o‘zgarganda (bunda navbatdan tashqari imtihon o‘tkazish zarurati bosh muhandis tomonidan belgilanadi);

qaytadan o‘tkazilgan nazorat (avariyaga qarshi va yong‘inga qarshi) mashg‘ulotlarda qoniqarsiz baho olganda;

ish faoliyatida bir yildan ortiq tanaffus bo‘lgan xodimlar uchun.

Navbatdan tashqari bilimlar sinovidan o‘tish uchun qoidalar, me’yorlar, yo‘riqnomalar hajmi va tayyorgarlik ko‘rish davomiyligi korxona yoki tarkibiy bo‘linma rahbari tomonidan, shuningdek, nazorat qiluvchi yoki yuqori turuvchi boshqaruv organining yozma ko‘rsatmasi (dalolatnomasi) bilan belgilanadi.

Navbatdan tashqari o‘tkaziladigan bilimlar sinovi jadval bo‘yicha o‘tkaziladigan davriy bilimlar sinovini bekor qilmaydi. Yangi qoidalar amalga kiritilishi bilan bog‘liq holat bundan mustasno.

56. Bilimlar sinovi komissiyasi xodimning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini, xususan:

sohaga oid Elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari, Texnika xavfsizlik qoidalari va Yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilishini;

agar bajarilayotgan ishlar tarmoqlararo xavfsizlik qoidalari va boshqa maxsus qoidalarni bilishni talab etsa, ularni bilishini;

lavozim va ishlab chiqarish yo‘riqnomalarini, avariyalarni va avariyali rejimlarni bartaraf etish bo‘yicha reja (yo‘riqnoma)larni bilishini;

xavfsizlikning texnik vositalari va avariyaga qarshi himoya vositalarining tuzilishini va ishlash prinsiplarini bilishini;

uskunalar, nazorat-o‘lchov asboblari va boshqaruv vositalarining tuzilishi hamda ishlash prinsipini;

energetika ishlab chiqarish texnologik sxemalari va jarayonlarini bilishini;

energetika qurilmalari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi obyektlarini xavfsiz ekspluatatsiya qilish sharoitlarini bilishini;

xodimning himoya vositalaridan foydalanishini va baxtsiz hodisada jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni bilishini;

energetika qurilmalarini boshqarishni (o‘rganish trenajyorlari va boshqa texnik vositalarida) bilishini;

“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun, Mehnat kodeksi va mehnat xavfsizligi sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarini hamda avariyalarning oldini olishni bilishini;

elektr tokidan jarohatlanishning oldini olish, ishlab chiqarish sanitariyasi va shaxsiy gigiyena bo‘yicha asosiy talablarni bilishini tekshiradi.

Bundan tashqari, rahbar va mutaxassislarning quyidagilarni:

mehnat muhofazasi holati yuzasidan davlat, idoraviy nazorat va jamoa nazorati to‘g‘risidagi nizomlarni;

mehnat shartnomasi, ish va dam olish vaqti rejimi, ayollar va 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar mehnatini himoya qilish, imtiyoz va kompensatsiyalarni;

ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar va xodimlarning boshqa shikastlanishlarini tekshirish va ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi nizomlarni bilishi tekshiriladi.

Barcha toifadagi rahbar va mutaxassislar o‘zlarining lavozim majburiyatlariga binoan bilishlari shart bo‘lgan amal qiluvchi va boshqaruv hujjatlarining ro‘yxati korxona rahbari tomonidan belgilanadi.

57. Har bir xodimning bilimi individual ravishda og‘zaki yoki yozma tekshirilishi kerak. Bunda kompyuterlar tizimidagi o‘quv dasturlaridan foydalanishga faqat davriy tekshiruvlarda ruxsat etiladi.

Xodimlarning bilimi va malakasi “a’lo”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” darajalar asosida baholanadi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, barcha elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar va korxona rahbarlari uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha guruh belgilanadi.

Kompyuterlardan foydalangan holda imtihon bayonnomasida qoniqarsiz baho bo‘lgan taqdirda, imtihon komissiyasi qo‘shimcha savollar beradi. Agar imtihon topshiruvchi bilishi lozim bo‘lgan qoidalar bo‘yicha komissiya a’zolari tomonidan berilgan qo‘shimcha savollarning ko‘piga noto‘g‘ri javob bersa, u holda umumiy baho “qoniqarsiz” deb topiladi.

Qoidalar bo‘yicha bilimlarni ijobiy (ya’ni “qoniqarli” va undan yuqori) baholash xulosasi komissiya a’zolarining ko‘pchiligi qarori bilan belgilanadi. Agar xodimning bilimi “qoniqarsiz” baholansa, u holda berilgan savollar va har bir javob bahosi bayonnomaga kiritiladi.

58. Imtihon topshiruvchi bilimining sinov natijalari ushbu Qoidalarga 4-ilovadagi namunaga muvofiq maxsus jurnalda qayd etiladi va ushbu Qoidalarga 5-ilovaga muvofiq uning guvohnomasiga kiritiladi.

Jurnal imtihon komissiyasida o‘n yil mobaynida saqlanadi.

59. Bilimi “qoniqarsiz” baholangan shaxs bir oy ichida qaytadan bilimlar sinovidan o‘tishi kerak.

Ikkinchi marta bilimlar sinovidan o‘ta olmagan mutaxassisning egallab turgan lavozimiga loyiqligi mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchi tomonidan o‘n kun muddatda hal etiladi.

Uzrli sababsiz bilimlar sinoviga kelmagan xodimlarga nisbatan ichki mehnat tartibi qoidalari va Mehnat kodeksida nazarda tutilgan intizomiy choralar ko‘rilishi mumkin.

60. Guvohnomalar korxonaning kadrlar bo‘limi tomonidan rahbar imzosi bilan rasmiylashtiriladi va beriladi.

Tekshirish natijalari imtihon komissiyasi raisining imzosi bilan guvohnomada rasmiylashtiriladi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi inspektorining ishtirok etishi talab etiladigan imtihon natijalari xodimning guvohnomasiga komissiya raisi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining inspektori imzosi bilan rasmiylashtiriladi.

6-bob. Dublyorlikdan o‘tish tartibi tahrir

61. Tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlardan bo‘lgan shaxslar dastlabki bilimlar sinovidan o‘tgandan yoki ishdagi uzoq tanaffusdan so‘ng, shuningdek, boshqa hollarda dublyorlikdan o‘tishlari kerak.

62. Tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlarning ish faoliyatida uch haftadan ikki oygacha tanaffus bo‘lganda, ular o‘z ish joyida bir-ikki smena davomida hamda bunday tanaffus ikki oydan olti oygacha bo‘lganda olti smenagacha bo‘lgan davr mobaynida dublyorlikdan o‘tishlari lozim.

63. Dublyorlikdan o‘tishga ruxsat korxona yoki tarkibiy bo‘linmaning boshqaruv hujjati bilan rasmiylashtiriladi.

Boshqaruv hujjatida dublyorlikdan o‘tish davri va dublyorni tayyorlash uchun javobgar shaxs ko‘rsatiladi.

Tezkor rahbarlarning dublyorlik qilishiga ruxsatnoma berilganligi va bu bo‘yicha boshqaruv hujjatining mazmuni to‘g‘risida dublyorni tayyorlash uchun javobgar shaxs yuqori turuvchi va bo‘ysunuvidagi tezkor xodimlarni, shuningdek, tezkor muloqotlar olib borilayotgan tegishli korxona xodimlarini xabardor qiladi. Yuborilgan va qabul qilingan xabarlar tezkor jurnallarda qayd etiladi.

64. Har bir lavozim (kasb) bo‘yicha dublyorlik muddati dastlabki bilimlar sinovidan o‘tgandan keyin xizmat ko‘rsatilayotgan uskunaning murakkabligiga qarab belgilanishi kerak.

Dublyorlikning minimal muddatlari:

tezkor rahbarlar;

qozonxona sexi, turbina sexi, qozon-turbina sexi, energiya bloklarining katta mashinistlari;

qozonlar, turbinalar, energiya bloklari, gidroagregat mashinistlari;

qozon va turbina uskunalari bo‘yicha mashinist-nazoratchilar;

elektr stansiyalari elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi elektr montyorlar;

elektr stansiyalarining avtomatika va o‘lchov asboblariga xizmat ko‘rsatuvchi elektr chilangarlar;

elektr tarmoqlari korxonalarining tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlari uchun — kamida o‘n ikki soat ish smenasi;

boshqa kasblar uchun ikki soatdan o‘n ikki soatgacha ish smenasi bo‘lishi kerak.

Muayyan xodimning dublyorlik muddati bilim darajasiga, ish stajiga va ish tajribasiga qarab, imtihon komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

65. Dastlabki bilimlar sinovidan o‘tgandan keyin dublyorlik davrida xodim (yakka ravishda) avariyaga va yong‘inga qarshi mashg‘ulotlarda ishtirok etishi kerak.

Mashg‘ulotlarning soni va mavzularini korxona yoki tarkibiy bo‘linma rahbari belgilaydi.

66. Agar xodim dublyorligi davrida tezkor ishlarni bajarish bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan bo‘lsa yoki avariyaga qarshi mashg‘ulot bo‘yicha “qoniqarsiz” baho olsa, u holda uning dublyorligini (asosiy dublyorlik davomiyligidan ko‘p bo‘lmagan muddatga) uzaytirishga va qo‘shimcha avariyaga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazishga ruxsat etiladi. Dublyorlik muddatini uzaytirish korxona yoki tarkibiy bo‘linmaning boshqaruv hujjati bilan rasmiylashtiriladi.

7-bob. Xodimlarga mustaqil ishlashga ruxsat berish tartibi tahrir

67. Ishga yangi qabul qilingan yoki ish faoliyatida 6 oydan ko‘proq vaqt davomida tanaffus bo‘lgan tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlarning mustaqil ishlashiga faqat yo‘l-yo‘riqdan, stajorlik, bilimlar sinovi va dublyorlikdan o‘tgandan, ta’mirlash va sozlash xodimlarining esa yo‘l-yo‘riqdan, stajorlik, bilimlar sinovidan o‘tgandan so‘ng ruxsat etiladi.

Ish faoliyatida uch haftadan olti oygacha tanaffus bo‘lgan xodimlarning mustaqil ishlashiga ruxsat berish shartlari ushbu tanaffusning davomiyligidan kelib chiqib belgilanadi.

68. Mustaqil ishlashga ruxsat berish korxona yoki tarkibiy bo‘linma rahbarining boshqaruv hujjati (buyruq, farmoyish) bilan rasmiylashtiriladi.

Mustaqil ishlashiga ruxsat berilgan tezkor rahbarlar mustaqil ishlashiga ruxsat berilgan ma’muriy hujjat (buyruq, farmoyish) mazmuni bilan yuqori turuvchi va bo‘ysunuvchi tezkor xodimlarni, shuningdek, tezkor muloqotlar olib borilayotgan tegishli korxona xodimlarini xabardor qiladi. Yuborilgan va qabul qilingan xabarlar tezkor jurnalda qayd etiladi.

69. Ishida tanaffus bo‘lgan tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlar mustaqil ishlashga ruxsat berilishidan oldin quyidagilar bilan tanishishlari shart:

energetika qurilmalarining sxemalari va ish rejimidagi o‘zgarishlar;

yo‘riqnomalarga kiritilgan o‘zgartirishlar;

yangidan amalga kiritilgan normativ-texnik hujjatlar;

ushbu lavozim bo‘yicha yangi buyruqlar, texnik ko‘rsatmalar va boshqa materiallar.

70. Bilimlar sinovidan o‘tishi majburiy bo‘lgan shaxslarning mustaqil ishlashiga ruxsat etilganligining amal qilish muddati keyingi imtihon sanasigacha saqlanib qoladi. Agar xodim ishlab chiqarish yoki lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan qoidalarni buzsa, u holda mustaqil ishlashga ruxsat etilganligining amal qilish muddati korxona va tarkibiy bo‘linma rahbari yoki davlat nazorati organlari qarorlariga binoan to‘xtatilishi mumkin.

71. Ta’mirlash va sozlash xodimlarining mustaqil ishlashiga ularning ish faoliyatida bir oydan ikki oygacha tanaffus bo‘lganda — rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqdan o‘tgandan so‘ng, ikki oydan olti oygacha tanaffus bo‘lganda — yo‘l-yo‘riqdan va bir-ikki smena stajorlikdan o‘tgandan so‘ng olti oydan ortiq tanaffus bo‘lganda esa — yo‘l-yo‘riqdan, stajorlikdan va bilim sinovidan o‘tgandan so‘ng ruxsat etiladi.

72. Uskunalar uzoq vaqt ishlatilmay turganda (konservatsiya yoki boshqa holatlarda) yoki ularning ishlashi o‘zgarganda energetika qurilmalarini boshqarish uchun xodimlarning mustaqil ishlashiga ruxsat berish tartibi korxonaning bosh muhandisi tomonidan belgilanadi.

8-bob. Mehnatni muhofaza qilish, texnik ekspluatatsiya qilish va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tish tartibi tahrir

73. Korxonaning barcha xodimlari, shu jumladan, rahbarlari belgilangan tartibda mehnatni muhofaza qilish, texnik ekspluatatsiya qilish va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tishlari shart.

74. Yo‘l-yo‘riqlar quyidagilarga bo‘linadi:

kirish yo‘l-yo‘rig‘i;

ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq;

takroriy (davriy) yo‘l-yo‘riq;

rejadan tashqari yo‘l-yo‘riq;

maqsadli (joriy) yo‘l-yo‘riq.

75. Kirish yo‘l-yo‘rig‘ini mehnat xavfsizligi bo‘yicha muhandis yoki korxona buyrug‘iga binoan ushbu majburiyat topshirilgan shaxs o‘tkazadi.

76. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i — mehnat xavfsizligi standartlari tizimi, normativ-texnik hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqarish xususiyatlari talablarini inobatga olgan holda korxonada ishlab chiqilgan va korxona rahbari tomonidan tasdiqlan dasturga muvofiq o‘tkazilishi lozim. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i dasturini tuzish uchun savollarning namunaviy ro‘yxati ushbu Qoidalarga 6-ilovada keltirilgan.

77. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i ushbu kasb yoki lavozim bo‘yicha ish stajidan qat’i nazar, ishga yangi qabul qilingan xodimlarning barchasi, shuningdek, korxonaga xizmat safariga yuborilganlar, korxonaga ishlab chiqarishni o‘rganish va amaliyot o‘tash uchun kelgan o‘quvchi va talabalar bilan o‘tkaziladi.

Ishga yangi qabul qilingan rahbarlar va mutaxassislar lavozimi yuqori bo‘lgan shaxslar tomonidan quyidagilar bilan tanishtirilishi kerak:

unga ishonib topshirilayotgan obyektda (sex, uchastka va boshqalarda) ish sharoitlari va ishlab chiqarish muhitining holati;

xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ta’siridan himoya qilish vositalarining holati;

ishlab chiqarishdagi shikastlanish va kasb kasalliklari;

ish sharoitlarini yaxshilash va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha zarur choralar;

mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-texnik hujjatlar va lavozim majburiyatlari.

78. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish xonasida, texnik o‘quv vositalaridan, shuningdek, ko‘rgazmali qurollardan (afishalar, keng ko‘lamli eksponatlar, maketlar, modellar va boshqalardan) foydalangan holda o‘tkazilishi kerak.

79. Kirish yo‘l-yo‘rig‘i o‘tkazilganligi ushbu Qoidalarga 6a-ilovadagi namunaga muvofiq jurnalda yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazuvchi va yo‘l-yo‘riqdan o‘tuvchi xodimlarning yozuvlari (imzosi) bilan rasmiylashtirilishi shart.

Mazkur yo‘l-yo‘riq jurnali to‘lgandan so‘ng u arxivga topshiriladi va o‘n yil mobaynida saqlanadi.

80. Ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq: korxonaga yangi ishga qabul qilingan, bir bo‘linmadan boshqasiga o‘tkazilgan, xizmat safariga yuborilgan xodimlar, korxonaga ishlab chiqarishni o‘rganish yoki amaliyot o‘tash uchun kelgan talaba va o‘quvchilar, shuningdek, yangi ishlarni bajarayotgan barcha xodimlar bilan o‘tkaziladi.

Faoliyatida uskunalarni ekspluatatsiya qilish, ta’mirlash, qurish, montaj qilish, sozlash, sinovdan o‘tkazish, asboblardan foydalanish hamda xomashyo va materiallarni saqlash va qo‘llash bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan shaxslar uchun ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq o‘tkazilmaydi.

Birlamchi yo‘l-yo‘riqdan ozod qilingan xodimlar, ularning lavozimlari, mutaxassislar va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining ro‘yxati korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

81. Ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq: alohida kasblar yoki ish turlari uchun ishlab chiqilgan dasturlar bo‘yicha mehnat xavfsizligi standartlari tizimining talablari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli qoidalar, me’yorlar va yo‘l-yo‘riqlar, ishlab chiqarish yo‘l-yo‘riqlari va boshqa texnik hujjatlar talablarini inobatga olgan holda o‘tkazilishi kerak. Ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq asosiy savollarining namunaviy ro‘yxati ushbu Qoidalarga 7-ilovada keltirilgan.

Bunday ro‘yxat korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi.

82. Ish joyida birlamchi yo‘l-yo‘riq har bir xodim bilan yakka tartibda, xavfsiz ishlash usullari va yo‘llarini amaliy namoyish etish orqali o‘tkaziladi.

83. Malakasi, ma’lumoti, ish staji va bajarayotgan ishining xususiyatidan qat’i nazar, barcha xodimlar takroriy (davriy) yo‘l-yo‘riqdan o‘tadilar.

84. Takroriy yo‘l-yo‘riq kalendar oyda kamida bir marta o‘tkazilishi kerak.

85. Takroriy yo‘l-yo‘riq yakka tartibda yoki bir xil turdagi uskunalarga va umumiy ish doirasida xizmat ko‘rsatadigan xodimlar guruhi bilan har oyda rejalashtirilgan mehnat xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi so‘rovnomalari ro‘yxatiga muvofiq o‘tkaziladi.

86. Rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

energetika qurilmalarini xavfsiz ekspluatatsiya qilishni belgilab beruvchi texnika xavfsizligi qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari va boshqa hujjatlar o‘zgarganda;

texnologik jarayon o‘zgarganda;

energetika qurilmalarining sxemasi o‘zgarganda;

mehnat xavfsizligiga ta’sir qiluvchi uskunalar, moslamalar va asboblar, birlamchi xomashyo, materiallar va omillar almashganda va modernizatsiya qilinganda;

xodimlar tomonidan shikastlanishga, avariyaga, portlashga, yong‘inga sabab bo‘lgan yoki ularni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan mehnat xavfsizligi talablari buzilganda;

ish faoliyatida bir oydan ortiq tanaffus bo‘lganda;

“O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi talab etganda.

87. Rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish yakka tartibda yoki bir xil kasbdagi xodimlar guruhi bilan amalga oshiriladi. Yo‘l-yo‘riqning hajmi va mazmuni har bir holat uchun uni o‘tkazishni taqozo etgan sabablar va holatlarga qarab alohida belgilanadi.

88. Ish joyida birlamchi, takroriy va rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazilganligi ish joyidagi yo‘l-yo‘riqlarni qayd etish jurnalida, yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazuvchi va yo‘l-yo‘riqdan o‘tuvchi xodimlarning imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riqni rasmiylashtirishda ushbu yo‘l-yo‘riqni o‘tkazish sababi ko‘rsatiladi. Jurnal shakli ushbu Qoidalarga 7a-ilovada keltirilgan.

Yo‘l-yo‘riqlar jurnallari ularni o‘tkazish uchun mas’ul shaxslarda saqlanadi va to‘lganidan keyin bir yil o‘tib, arxivga topshiriladi. Arxivda jurnal o‘n yil mobaynida saqlanadi.

89. Birlamchi, takroriy va rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqlar xodimning bevosita rahbari (sex rahbari, uchastka rahbari, laboratoriya boshlig‘i, katta usta, smena boshlig‘i va boshqalar) tomonidan o‘tkaziladi.

Boshqaruvning tashkiliy tuzilishi va mahalliy sharoitlar hisobga olingan holda yo‘l-yo‘riqlarni tashkil etish va o‘tkazish joylari korxonaning bosh muhandisi tomonidan belgilanadi.

90. Tarkibiy bo‘linmalarda yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazilishi uchun javobgarlik ularning birinchi rahbarlariga yuklanadi.

91. Alohida holatlarda korxonaning chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarida yolg‘iz navbatchilik qiladigan xodimlar bilan rejadan tashqari yo‘l-yo‘riq telefon orqali o‘tkazilishi mumkin. Bunday ish joylarining ro‘yxati korxonaning bosh muhandisi tomonidan belgilangan bo‘lishi kerak.

92. Maqsadli (joriy) yo‘l-yo‘riq quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

mutaxassisligi bo‘yicha majburiyatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmagan bir martalik ishlar (yuklash, tushirish, hududni tozalash, korxona, sex va boshqalardan tashqaridagi bir martalik ishlar) yoki o‘ta xavfli ishlar (elektr qurilmalarida, bug‘ va issiq suv quvurlarida, issiqlik kanallarida va shu kabi joylarda) bajarilganda;

avariya, tabiiy ofat va falokatlar oqibatini bartaraf etishda;

naryad-farmoyish rasmiylashtiriladigan og‘zaki yoki yozma farmoyish bo‘yicha ishlar bajarilganda;

ekskursiyalar o‘tkazishda.

Ish bajarish uchun topshiriq berayotgan shaxs ish rahbarini (bevosita topshiriq berilgan shaxsni) yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazishi kerak.

Ish rahbari ish bajaruvchini, agar uning o‘zi ish bajaruvchining ham funksiyalarini bajarayotgan bo‘lsa, brigadaning har bir a’zosini yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazadi.

Brigada a’zolarini yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, odatda, ish joyida o‘tkazilishi kerak.

Maqsadli yo‘l-yo‘riqning o‘tkazilishi naryad-farmoyishda, tezkor jurnalda, ish joyida yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish jurnalida qayd etiladi yoki ovoz yozish vositalari yordamida yozib olinadi. Bunda yozuv shakli ixtiyoriy bo‘lishi mumkin. Ammo, yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazuvchining lavozimi va familiyasi ko‘rsatilishi shart.

Telefon yoki radio orqali o‘tkazilgan yo‘l-yo‘riqni qayd etish uchun yo‘l-yo‘riq o‘tkazuvchi farmoyishlar jurnalidan yo‘l-yo‘riqdan o‘tuvchiga tezkor jurnaldan foydalanishiga ruxsat beradi. Bunday hollarda ikkala jurnalda ham yo‘l-yo‘riqning qisqacha mazmuni yoritilishi kerak.

93. Ish joyidagi yo‘l-yo‘riqlar (birlamchi, takroriy, rejadan tashqari va maqsadli) og‘zaki yoki texnik o‘quv vositalaridan foydalangan holda savol berish, shuningdek, ishlashning xavfsiz usullari bo‘yicha olingan ko‘nikmalarni tekshirish orqali yakunlanishi kerak. Bilimlarni yo‘l-yo‘riq o‘tkazuvchi xodim tekshiradi.

Bunda qoniqarsiz baho olgan shaxslarning mustaqil ravishda ishlashiga yoki amaliy mashg‘ulotlarga qatnashishiga ruxsat berilmaydi. Bunday xodimlarning qaytadan yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi talab etiladi. Shunda ham xodimning bilimi qoniqarsiz deb topilsa, u holda ushbu xodim navbatdan tashqari bilimlar sinovidan o‘tishi kerak.

9-bob. Avariya va yong‘inga qarshi nazorat mashqlaridan o‘tish tartibi tahrir

94. Tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlar uch oyda kamida bir marta avariyaga qarshi nazorat mashqidan o‘tishlari kerak.

95. Tezkor, tezkor ta’mirlovchi xodimlar, ta’mirlash va sozlash xodimlari o‘z korxonalarida yarim yilda kamida bir marta yong‘inga qarshi nazorat mashqlaridan o‘tishlari lozim. Ta’mirlash bo‘linmalari doimiy uchastkalarining boshqa korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari ushbu korxonalarda yong‘inga qarshi mashqlardan o‘tadilar.

96. Ekspluatatsiyaga qayta ishga tushirilgan energetika qurilmalarida, shuningdek, ishlab turgan korxonalarda (korxonaning bosh muhandisi yoki yuqori turuvchi organi qaroriga binoan) avariyali holatlarni bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha o‘tkaziladigan mashqlar soni xodimlarning malakasi va nazariy tayyorgarligi sifatiga bog‘liq holda ko‘paytirilishi mumkin.

97. Avariyaga qarshi mashqlarning yong‘inga qarshi mashqlar bilan birgalikda o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.

98. Avariyaga qarshi mashg‘ulotlar ish joylarida yoki trenajyor qurilmalarida o‘tkaziladi. Avariyaga qarshi va yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar natijalari maxsus jurnallarda qayd etiladi.

99. Belgilangan muddatlarda amaliy mashqlarga sababsiz qatnashmagan shaxslar mustaqil ishlashdan chetlashtiriladi.

100. Amaliy mashqlar davomida harakatlari uchun qoniqarsiz baho olgan shaxslar bilan o‘n kundan ortiq bo‘lmagan vaqt ichida takroriy nazorat mashqlari o‘tkazilishi kerak.

Takroriy nazorat mashqlaridan ham qoniqarsiz baho olgan shaxs mustaqil ishlashdan chetlashtiriladi. U korxona yoki tarkibiy bo‘linma rahbari tomonidan belgilangan hajmda va muddatda navbatdan tashqari bilimlar sinovidan o‘tishi kerak bo‘ladi.

10-bob. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tish tartibi tahrir

101. Maxsus tayyorgarlik talablari tezkor va tezkor ta’mirlovchi xodimlarga taalluqli.

102. Xodimlarni maxsus tayyorlash muntazam ravishda oyida kamida bir marta, asosiy funksiyalarini bajarishdan ozod etgan holda o‘tkazib turilishi kerak.

103. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tish hajmiga quyidagilar kiradi:

ishlab chiqarish sharoitlariga yaqinlashtirgan holda avariyaga qarshi va yong‘inga qarshi o‘quv mashg‘ulotlarini, imitatsiya mashqlarini va boshqa operatsiyalarni bajarish;

xizmat ko‘rsatilayotgan sxema va qurilmalarga kiritilgan o‘zgarishlarni o‘rganish;

texnologik jarayonlar buzilishini, jihozlarning ishga tushishi va to‘xtashini tahlil qilish;

avariya va shikastlanishga oid joriy boshqaruv hujjatlari bilan tanishish;

qoidalar, normalar, yo‘riqnomalar va xizmat ko‘rsatiladigan uskuna bo‘yicha bilimlarni to‘ldirish, yangilash va chuqurlashtirish;

energetika korxonalarida sodir bo‘lgan texnologik buzilishlar va baxtsiz hodisalar bo‘yicha holatlarni o‘rganib chiqish;

ish joyida mavjud bo‘lgan psixoterapiya va fizioterapiya vositalaridan foydalangan holda tashxis va reabilitatsiya chora-tadbirlarini amalga oshirish.

104. Maxsus tayyorgarlik har bir ish joyi uchun korxonaning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan reja va dasturlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

105. Xodimlarni maxsus tayyorlash ishlari tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va tezkor rahbarlar tomonidan korxona mutaxassislari va o‘quv-ishlab chiqarish bo‘linmalari instruktorlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

106. Maxsus tayyorgarlik uchun ajratilgan vaqtning bir qismi maqsadli (joriy) yo‘l-yo‘riqdan tashqari mehnatni muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar uchun sarflanishi mumkin.

11-bob. Malaka oshirish tartibi tahrir

107. Malaka oshirish har bir xodimning to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati hisoblanadi.

Malaka oshirishni tashkil etish uchun javobgarlik korxona rahbari zimmasiga yuklanadi.

Malaka oshirish, xodimlar malaka darajasining ishlab chiqarish sharoitlariga mos kelishini ta’minlash, ularda professionallikni shakllantirish, rahbarlar va mutaxassislarning lavozimlarini o‘zgartirishga tayyorlash yoki ular uchun ish haqining tegishli miqdorini belgilash hamda xodimlarga malaka razryadini berish maqsadida amalga oshiriladi.

108. Malaka oshirish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

xodimning muntazam ravishda o‘z bilimini oshirib borishini (o‘z ustida ishlashini);

ishlab chiqarish, iqtisodiy seminar va kurslarda o‘qitishni;

davriy qisqa muddatli o‘qitishni;

ilg‘or korxonalar, yetakchi ilmiy tashkilotlar va ta’lim muassasalari tajribasini o‘rganishni;

davriy uzoq muddatli o‘qitishni;

yangi mutaxassislikni olish uchun qayta tayyorlashni.

109. Rahbar va mutaxassislarni qisqa muddatli davriy o‘qitish zaruratga ko‘ra, ish joyidagi maxsus tayyorgarlik obyektlarida yoki kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun o‘quv rejalari va dasturlarini malaka oshirishni tashkil etayotgan korxona va o‘quv-ishlab chiqarish bo‘linmalari birgalikda ishlab chiqadilar.

110. Rahbar va mutaxassislarni uzoq muddatli davriy o‘qitish ularning mehnat faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha fan, texnika va texnologiyaning so‘nggi yutuqlarini, ishlab chiqarishni boshqarish va mehnatni tashkil etishning zamonaviy usullarini chuqur o‘rganishi uchun kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining ta’lim muassasalarida besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.

Bunday o‘qitishlar ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.

111. Yetakchi korxonalar, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarining tajribasini o‘rganish ilg‘or texnologiyalar va ishlarni tashkil etishni o‘zlashtirish, egallab turgan yoki yuqoriroq darajadagi (kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida) lavozim bo‘yicha vazifasini bajarish uchun amaliy va tashkiliy ko‘nikmalarni egallash maqsadida amalga oshiriladi.

Bunday tajribalarni o‘zlashtirish yakka tartibda amalga oshiriladi.

112. Xodimlar malakasini oshirish maxsus maqsadli kurslarda, mehnatning ilg‘or usul va yo‘llarini o‘rgatuvchi korxonaning ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish bo‘linmalarida, o‘quv-ishlab chiqarish muassasalarida va trenajyorda tayyorlash markazlarida amalga oshiriladi.

Xodimlarning turli xil o‘rgatishlardan o‘tishi davriyligi va ketma-ketligi ishlab chiqarish zaruratidan, shuningdek, xodimning shaxsiy qobiliyatidan kelib chiqib, korxona rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda har bir xodimning har yilgi majburiy kasbiy o‘qitilishi ta’minlanishi lozim.

12-bob. Ish joylarini ko‘rikdan o‘tkazish tartibi tahrir

113. Korxona va ularning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari tizimli ravishda, shu jumladan, tungi soatlarda ham ishlab chiqarish ish joylarini aylanib chiqishlari kerak.

114. Ish joylarini aylanib chiqish:

xodimlar tomonidan qoidalarga, ishlab chiqarish va lavozim yo‘riqnomalariga rioya qilinishini, uskunalarning belgilangan ishlash rejimi saqlab turilishini;

xodimlar tomonidan smenani topshirish va qabul qilish tartibiga, tezkor hujjatlarning yuritilishiga, ishlab chiqarish va mehnat intizomiga rioya qilinishini;

qurilmaning ishlashidagi mavjud nosozlik va nuqsonlar xodimlar tomonidan o‘z vaqtida aniqlanishi va ularni tezda bartaraf etish choralarini ko‘rishlarini;

ta’mirlash va maxsus ishlarni bajarishda naryad-farmoyishlarning belgilangan tizimi to‘g‘ri qo‘llanilishini;

ish joyida xodimlar tomonidan gigiyenaga amal qilinishini;

ish joylarida texnika xavfsizligi va yong‘in xavfsizligi vositalari va asboblarning mavjudligi va ularning ishga yaroqliligini;

ishlab chiqarishning ijtimoiy sharoitlari amaldagi normativlarga muvofiqligini tekshirish uchun amalga oshiriladi.

115. Ish joylarini aylanib chiqish shunday tashkil qilinishi kerakki, har bir ish joyi elektr stansiyalari va tarmoqlarining rahbarlaridan biri tomonidan kamida olti oyda bir marta va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari tomonidan har oyda kamida bir marta tekshirilishi kerak.

Korxonaning har bir rahbar xodimi oyiga kamida bitta ish joyini, tarkibiy bo‘linma rahbari esa haftasiga kamida bitta ish joyini tekshirishi kerak.

Ish joylarini har bir aylanib chiqishning natijalari tekshirilayotgan ish joyida mavjud tezkor jurnalda yoki boshqa hujjatda qayd etilishi hamda tegishli qaror qabul qilinishida foydalanilishi kerak.

13-bob. Xodimlar bilan ishlashning jamoaviy shakllari tahrir

116. Korxonada xodimlar bilan ishlashning turli xil jamoaviy shakllari amalga oshirilishi kerak.

Bularga quyidagilar kiradi:

har oylik ishlab chiqarish yig‘ilishlari;

kasbiy mahorat musobaqalarini tashkil etish;

ko‘rgazmali tashviqotni, shu jumladan, texnika xavfsizligi stendlarini tashkil etish;

o‘quv va texnik adabiyotlar bilan ishlashni tashkil etish;

qoida va yo‘riqnomalar talablari, mehnatni muhofaza qilish me’yorlari, ishlab chiqarish sanitariyasi va tashkiliy-ma’muriy hujjatlar talablariga barcha nomuvofiqliklarni aniqlash uchun muntazam ravishda jamoa ko‘riklarini tashkil etish;

mehnatni muhofaza qilish yuzasidan jamoat nazoratini o‘rnatish (texnika xavfsizligi kunlari va boshqalar);

quyi va boshqa korxonalarga ekskursiyalarni tashkil etish;

filmlar, videofilmlarni kompyuter dasturlari orqali ko‘rishni tashkil qilish.

117. Elektr stansiyalarida texnologik sexlar smenalarining har oydagi ishlab chiqarish yig‘ilishlari ushbu sexlarning smena boshliqlari tomonidan, boshqa smenalarning har oydagi ishlab chiqarish yig‘ilishlari esa elektr stansiyasi va markaz smena boshliqlari tomonidan o‘tkaziladi.

Xodimlarining soni kam bo‘lgan elektr stansiyalarida ishlab chiqarish yig‘ilishlari barcha smenalar bilan birga elektr stansiyasining bosh muhandisi tomonidan o‘tkaziladi.

Elektr tarmoqlarida ishlab chiqarish yig‘ilishlari xizmat, tuman va bo‘linma rahbarlari tomonidan o‘tkaziladi.

Korxonaning bosh muhandislari o‘z tarkibiy qismlarining (korxonalarining) rahbarlari va mutaxassislari bilan tizimli ravishda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazishlari kerak.

118. Mehnatni muhofaza qilish yuzasidan jamoatchilik nazorati amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq mehnat jamoasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ilovalar: https://lex.uz/docs/-6241295