1. Ma’muriy-huquqiy munosabat tushunchasini yoritib bering, kazusdagi ma’muriy munosabatlarni tahlil qiling.

Ma’muriy-huquqiy munosabatlar- huquq  normasi  bilan   tartibga  solingan va  davlat  boshqaruvi  organi  qoida  o’rnatuvchi  sifatida  ishtirok  etadigan,  tomonlarning  ma’lum  bir  maqsadga  yo’naltirilgan  harakatlari  yoki  harakatsizligini  ifodalovchi  munosabat  turiga  aytiladi.  Ma’muriy –huquqiy  munosabatlarni  bir  qator  turlarga  ajratish  mumkin.  I.M . Tsayning  ta’riflashicha ularni  subordinatsion,  koordinatsion  reordinatsion  turlarga  ajratish  mumkin.  Subordinatsion munosabatlarga  yuqori  va  quyi  turuvchi  davlat  boshqaruvi  organlari  o’rtasidagi  munosabatlar  taalluqli  bo’lsa, koordinatsion  munosabatlarga  maqomi  bo’yicha  bir-biri  bilan  teng  yoki  bir-birining  bevosita  bo’ysunuvida  bo’lmagan  davlat  boshqaruvi  organlari  o’rtasidagi  munosabatlarni  keltirishimiz  mumkin.  Reordinatsion  munosabatlarga  davlat  boshqaruvi  organlari  bilan  xususiy  shaxslar  o’rtasidagi  munosabatlar  taalluqlidir.  Shu  bilan  birgalikda  ular  vertical,  gorizontal,  internal,  eksternal  degan  turlarga  bo’linadi.   Vertical  munosabatlarga  yuqori  va quyi  turuvchi  davlat  boshqaruvi  organlari  va  gorizontal  munosabatlarga  bir-biriga  bo’ysunmaydigan  davlat  boshqaruvi  organlari  orasidagi  munosabatlar,  internal  munosabatga  davlat  boshqaruvi  organining  bevosita  o’z  ichki ,  aksariyat  hollarda  vertical  organlarga  bevosita  bog’liq  bo’lmagan  munosabatlar  tushuniladi.  Misol  uchun, tuman  adliya  bo’limi  rahbarining  har  dushanba  kuni  haftalik  qilinadigan  ishlar  rejasini  tuzishi  va  xodimlarga  topshirishi.  Eksternal  ma’muriy-huquqiy  munosabatlarga  davlat  boshqaruvi  organining  o’z  tizimidan  tashqari  bo’lgan,  ya’ni  xususiy  shaxslar  bilan  bo’ladigan  munosabatlari  kiradi.

2.Ushbu kazusda ma’muriy munosabat ishtirokchilarini huquqiy tahlil qiling.

Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning subyekti  bo’lib,  unda  ishtirok  etuvchi  tomonlar,  ya’ni  boshqaruv  jarayonida  ma’lum  bir  vakolatga  ega bo’lgan (davlat  boshqaruv  organlari, mansabdor  shaxslar  )  yoki  boshqacha  ma’muriy-huquqiy   maqomga  ega  bo’lgan  (fuqarolar, jamoat  birlashmalari)hisoblanadi.  Bu holatda  ma’muriy  munosabat  ishtirokchilari  Karmana  tuman  hokimi,  Karmana  tuman  prokurori  hamda  ,,Koshona’’ fermer  xo’jaligi  rahbari  D.Dashov   hisoblanadi.  Bu holatda  prokuratura  ma’muriy  nazoratni  amalga  oshiruvchi  organ  hisoblanadi.  Bu kazus dagi  holat  koordinatsion  munosabatlarga , ya’ni  maqomi  bo’yicha  bir-biri bilan  teng davlat  boshqaruvi  organlari  o’rtasidagi  munosabatga  misol  bo’ladi.

3.Kazusda mavjud bo‘lgan ma’muriy hujjatni aniqlang va unga qo‘yilgan talablarni tahlil qiling.

Bu  savolga  javob  berishdan oldin  ma’muriy  hujjat  o’zi  nima degan savolga  javob  topishimiz  darkor.  MA’MURIY  HUJJAT- ma’muriy  organning  ommaviy huquqiy  munosabatlarni  yuzaga  keltirishga,  o’zgartirishga yoki  tugatishga  qaratilgan  hamda  ayrim  jismoniy  yoki  yuridik  shaxslar  uchun  yoxud  muayyan xususiy  belgilariga  ko’ra  ajratiladigan  shaxslar  guruhi  uchun  muayyan  huquqiy  oqibatlar  keltirib  chiqaruvchi   ta’sir  chorasidir.  Bu kazusda  Karmana tuman hokimining 2020 yil 20 avgustdagi Gulobod  hududidan “Koshona” fermer xo‘jaligiga g‘allachilik va sholichilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun ijaraga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi 816-sonli qarori hamda   tuman hokimining 2021 yil 15 iyuldagi 32-9-126-Q/21-sonli qarori bu yerda  ma’muriy  hujjat  bo’la oladi.  Ma’muriy  hujjatning    xususiyatlari; ma’muriy  hujjat  ma’muriy  organ  tomonidan  qabul  qilinadi;  ma’muriy  hujjat  ommaviy  huquqiy  munosabatlar   bilan  chambarchas  bog’liq;  ma’muriy  hujjat  ommaviy  huquqiy  munosabatlarni  vujudga  keltiradi,  o’zgartiradi  yoki  tugatadi;  ma’muriy  hujjat  muayyan  jismoniy  yoki  yuridik  shaxslar  uchun  yoxud  bir  qancha  shaxslardan  iborat  jamoaga  qaratiladi;  ma’muriy  hujjat  muayyan   huquqiy  oqibatlar  keltirib  chiqaradi.  Ma’muriy  hujjat  “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 52-moddasiga  muvofiq  yozma  shaklda  qabul  qilinadi. Qonunchilikda  ma’muriy  hujjat  boshqa  shaklda,  shu  jumladan  boshqa  tegishli  hujjatni  berish  yoki  muayyan  harakatlarni  amalga  oshirish  yo’li  bilan  qabul  qilinishi  mumkinligi hollarda   nazarda  tutilishi  mumkin.  Yozma  ma’muriy  hujjat  ma’muriy  organning  vakolatli  mansabdor  shaxsi  yoki  kollegial  organ  a’zolari  tomonidan  imzolanadi  va  ma’muriy  organning  muhri  bilan  tasdiqlanadi.  Ma’muriy  hujjat  qonuniy,  asoslangan,  adolatli, aniq  va tushunarli  bo’lishi kerak.  Ma’muriy  hujjatda  quyidagilar  ko’rsatilishi  kerak;

1. Ma’muriy  hujjatning  nomi va u  qabul  qilingan  sana;

2.Ma’muriy hujjatni  qabul qilgan  ma’muriy  organning  nomi  va u  joylashgan  yeri;

3. Ma’muriy  ish  yuritish  ishtirokchilari  to’g’risidagi  axborot;

4.Ma’muriy  hujjat  orqali  hal  qilinadigan  masalaning  tavsifi;

5.Ma’muriy  hujjatning  asosi;

6.Qabul  qilingan  qaror  bayoni;

7. Ma’muriy  hujjat  ustidan  shikoyat  qilish  muddati  va tartibi;

8. Ma’muriy  organning ma’muriy  hujjatni  qabul  qilgan  mansabdor  shaxsining  lavozimi, ismi  va familiyasi.

4.Kazusda “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning qaysi prinsiplari buzilgan deb hisoblaysiz fikringizni huquqiy tahlil qiling.

 Kazusga javob  berishdan oldin “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning o’ziga  ta’rif  berib  o’tishimiz  darkor. Ma’muriy tartib-taomil- ma’muriy  organlarning   ma’muriy-huquqiy  faoliyatini  tartibga  soluvchi  protsessual  qoidalardir.  Bu qonun  jami  7 bob  88  moddadan  tashkil  topgan  bo’lib,  qonunning   asosiy  vazifalari  ma’muriy  organlar  bilan  munosabatlarda  qonun  ustuvorligini,  jismoniy  va  yuridik  shaxslarning  huquqlari  va  qonuniy  manfaatlarini  ta’minlashdan  iborat.  Mazkur  qonun  ma’muriy organlarning  manfaatdor  shaxslarga  nisbatan  ma’muriy-huquqiy  faoliyatiga,  shu jumladan,  litsenziya,  ruxsat  berish, ro’yxatdan  o’tkazish  tartib-taomillariga,  davlat  xizmatlarini ko’rsatish  bilan  bog’liq  boshqa  tartib-taomillarga , shuningdek,  qonun  hujjatlariga  muvofiq  boshqa  ma’muriy-huquqiy  faoliyatga nisbatan  tatbiq  qilinadi.  Ushbu holatda  mazkur qonunning manfaatdor  shaxslarning  ustunligi  prinsipi  buzilgan. Unga muvofiq  ma’muriy ish yuritish  davomida  yuzaga  keladigan , qonunchilikning  bartaraf  etib  bo’lmaydigan  barcha  qarama-qarshiliklari  va  noaniqliklari  manfaatdor  shaxslar  o’rtasida  kelishmovchiliklar   mavjud  bo’lmagan  taqdirda  ushbu  manfaatdor  shaxslar  foydasiga  talqin  qilinadi.   Qonun  hujjatlari  bir-biriga  muvofiq  bo’lishi  muhim  ahamiyatga  egadir.  Lekin  bunday  holatlarga  amalda  ko’p  duch  kelamiz. Mazkur  holatda  manfaatdor  shaxslar huquqlarining  ustunligi  prinsipiga  amal  qilish  lozim  bo’ladi.  Hamda  mazkur  holatda  qonunning  mutanosiblik  prinsipi  buzilgan.  Ya’ni  ma’muriy  ish  yuritish  jarayonida  jismoniy  va yuridik  shaxslarga  ko’rsatiladigan  ta’sir  choralari  ma’muriy  organ  tomonidan  ko’zlangan  qonuniy  maqsadga  erishish   uchun  mos  va  yetarli  bo’lishi  hamda   manfaatdor  shaxslarga  imkon  qadar  qiyinchilik  tug’dirmasligi  kerak.  Bu  kazusda  mana  shu  ikkita   prinsip  buzilgan. Ya’ni  bu holatda  Karmana  tuman  hokimining  chiqargan  qarori  ustidan  tuman  prokurori  tomonidan  protest  bildirilib, qaror  bekor  qilinyapti. Shu o’rtadagi  manfaatdor  shaxs  arizachi  fermer xo’jaligi  rahbari  D.Dashov  bu  qarordan  norozi bo’lib,  Navoiy  tumanlararo  sudiga  ariza  taqdim  etyapti. Tuman  hokimining  chiqargan  qaroridan  ,,Koshona “ fermer  xo’jaligi  rahbari  jabr ko’ryapti. Chunki  unga  tuman  hokimining  qaroriga  asosan unga yer 49 yil  muddatga   ijaraga berilgan  edi. Ya’ni  bu holatda  tuman  hokimining  chiqargan  qarori  manfaatdor  shaxsga qiyinchilik  tug’diryapti.

5.Qonuniylikni ta’minlashda prokuror o‘rnini huquqiy tahlil qiling.

Bu savolga javob berish  uchun  ,,O’zbekiston  Respublikasining Prokuratura  to’g’risida’’gi  qonuniga  ko’ra  O’zbekiston  Respublikasi  prokuraturasi  O’zbekiston  Respublikasi  Bosh  prokurori   rahbarlik  qiladigan   prokuratura  organlarining  yagona  markazlashtirilgan  tizimidir.  O’zbekiston  Respublikasi  Bosh  prokurori   va  unga  bo’ysunuvchi  prokurorlar  O’zbekiston   Respublikasi  hududida  qonunlarning  aniq  va  bir  xilda  bajarilishi  ustidan  nazoratni  amalga  oshiradilar.  Prokuror  qonunlar  ijrosi  ustidan, fuqaroning  huquqlari  hamda  erkinliklariga  rioya  etilishi  ustidan ,  jinoyatchilikka  qarshi  kurashni  amalga  oshiradigan  organlar  tomonidan  qonunlarning  ijro  etilishi  ustidan, ushlab  turilganlarni,  qamoqqa  olinganlarni saqlash  joylarida , jinoiy  jazolarni  va  jinoiy-huquqiy  ta’sirning  boshqa  choralarini   ijro   etish  chog’ida  qonunlarga  rioya  qilinishi  ustidan nazorat  olib  boradi.  Ushbu  qonunning  25-moddasiga  ko’ra,  prokuror  o’z  zimmasiga  yuklangan  vazifalarni  bajara  borib,  fuqaroning  huquq  va  erkinliklari  buzilganligi  to’grisidagi  arizalar, shikoyatlar  hamda  boshqa ma’lumotlarni  ko’rib  chiqadi  va  tekshiradi, fuqaroning  huquq va erkinliklari  buzilishini  oldini  olish  va bartaraf  etish,  qonunni  buzgan  shaxslarni  javobgarlikka tortish  hamda  yetkazilgan  zararni  qoplash  chora-tadbirlarini  ko’radi.  Qonunlar  ijrosini  tekshirish  qonunlarning  buzilayotganligi  to’g’risidagi  arizalar  va  boshqa  ma’lumotlar  asosida,  shuningdek  qonuniylik  prokuror  tomonidan  choralar  ko’rilishini  talab  qiladigan  holatda  ekanligidan  kelib  chiqqan  holda  qonunda  belgilangan  tartibda  o’tkaziladi.  Hamda  mansabdor  shaxslar  va fuqarolardan  qonun  buzilishi  xususida  og’zaki  yoki  yozma  tushuntirishlar  talab  qilishga  haqlidir.   ,,O’zbekiston  Respublikasining Prokuratura  to’g’risida’’gi  qonunning  37-moddasiga  muvofiq  protest,   qaror, taqdimnoma,  ariza  va  ogohlantiruv  prokuror  nazorati  hujjatlaridir.  Qonunga  zid  bo’lgan hujjatga  nisbatan  protestni  prokuror  ana shu  hujjatni  qabul  qilgan  organga   yoki  yuqori  turuvchi  organga  keltiradi.  Mansabdor  shaxsning   noqonuniy  qaroriga  nisbatan  ham  xuddi  shunday   tartibda  protest  keltiriladi. Protest kelib  tushgan  vaqtdan  boshlab  o’n  kunlik  muddatdan  kechiktirmay  ko’rib  chiqilishi  shart.