Qissayi Sayfulmulk

tahrir

XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida yashab o'tgan iste'dodli shoir Majlisiy qalamiga mansub ushbu asar XVI asr o'zbek adabiyotining qimmatli yodgorliklaridan biri hisoblanadi.Ushbu doston Majlisiyning bizgacha yetib kelgan yagona asaridir.

Dostonning yaratilish tarixi

tahrir

Asarning yaratilish tarixi va manbalari haqida uning muqaddimasida muallif tomonidan ma'lumot berib o'tilgan.Unga ko'ra,shoir dostonni yigitlik ayyomida,badiiy ijodda ma'lum tajriba to'plagan davrida yaratgan.Majlisiy "Qissayi Sayfulmulk"ni o'z boshiga qandaydir ish tushgan,do'stlaridan yiroqlashib musofirlik mashaqqatlarini chekkan bir sharoitda yozganini ta'kidlab o'tgan.Doston xalqqa manzur bo'lgan va ularning sevimli asari sifatida "Xalq kitoblari"dan o'rin olgan.Shoir asarni yaratishda "Ming bir kecha"dan,xalq og'zaki ijodidan keng foydalanadi.U o'zbek,qozoq,turkman,tatar va boshqa turkiy xalqlar orasida shuhrat qozongan."Qissayi Sayfulmulk" bosma va qo'lyozma shaklda keng tarqalgan.U ilk marotaba 1883-yilda Qozonda nashr etiladi.Va ushbu nashr boshqa yillarda chop etilgan nusxalariga qaraganda mukammalroq bo'lib,uning hajmi 4000 misrani tashkil etadi.1959-yilda asar alohida kitob holida chop etildi va tarjimon Vladimir Lipko tomonidan rus tiliga o'girildi.

Dostonning g'oyasi va obrazlari

tahrir

"Qissayi Sayfulmulk" ishqiy-sarguzasht dostondir.Unda Misr podshohi Osim ibn Saf Safvonning o'g'il ko'rishi,bolaga Sayfulmulk de3b ism qo'yilishi,vazir Homidning ham o'g'il ko'rishi,unga Soid deb ism berilishi,bu ikki bolaning ko'kaldoash bo'lishi,ularning favqulodda hodisalarga to'la murakkab sarguzashtlari,Sayfulmulkning Fatina shohi Shahbol qizi Badeuljamolga,Soidning Badeuljamolning emikdoshi Sarandil(Sarandip-Shri-Lanka) shohi qizi Rabialmulukka uylanishi,Sayfulmulkning odil podsho,Soidning unga vazir bo'lishi haqida hikoya qilinadi.Dostonning yetakchi mavzusi bo'lgan sevgi qahramonlarning murakkab sarguzashtlarida mujassamlashadi,vafo,sadoqat,do'stlik,mardlik,ahillik va qahramonlik kabi fazilatlar bilan birga kamol topadi.Shoir yarim hayotiy,yarim afsonaviy voqealar bayonida sof va samimiy sevgini,sevguvchilarning oliyjanob fazilatlarini kuylaydi.

Dostonning bosh qahramoni-Sayfulmulkdir.U samimiy va sadoqatli oshiq,jassoratli va fidokor qahramon.Sayfulmulk ishq yo'lida baxt-saodatga erishish uchun kurashga va g'alabaga shaylangan oddiy inson sifatida tasvirlangan.Sayfulmulkning do'sti-Soid esa sadoqatli do'st,jasur insondir.U barcha mashaqqatli kunlarda do'sti billan birga bo'ladi.Dostonda yana Misr shohi Osim,Yaman shohi Badeulasr,Fatina shohi Shahbol va Sarandip shohi obrazlari berilgan.Majlisiy dostonda bir nechta xotin-qizlar obrazini ham yaratgan:Rabialmulk,Badeuljamol va onalar.Shoir xotin-qizlarga davrining peshqadam insonparvari va ma'rifatparvari sifatida yondashadi,ularning haq-huquqlarini himoya qiladi.Majlisiy yaratgan bu obrazlar to'g'rilik,halollik,samimiyat,qat'iyat,jur'at,sadoqat va boshqa ijobiy xislatlari bilan namoyon bo'ladi.[1]

  1. N.M.Mallayev. O'zbek adabiyoti tarixi. "o'qituvchi" nashriyoti, 1976.