Frazeologiya (yun. phrasis — ifoda, ibora va ...logiya) — 1) tilshunoslikning tilning frazeologik tarkibini (^.Frazeologizm) uning hozirgi holatida va tarixiy taraqqiyotida tekshiruvchi boʻlimi; 2) muayyan tildagi frazeologizmlar majmui.

Tilshunoslik boʻlimi sifatidagi Frazeologiyaning asosiy diqqat eʼtibori frazeologizmlar tabiatini va ularning kategorial belgilarini oʻrganishga, shuningdek, frazeologizmlarning nutqda qoʻllanish qonuniyatlarini aniqlashga qaratiladi. Frazeologiyaning eng muhim muammosi frazeologizmlarni nutqda hosil qilinadigan (yaʼni avvaldan tayyor boʻlmagan) soʻz birikmalaridan farklab, ajratib olish va shu asosda frazeologizmlarning belgilarini aniqlashdir. Idiomafrazeologizmlar, frazeologik birikmalar va barqaror jumlalar (maqol va matallar, gapga teng boshqa frazeologizmlar) oʻrtasidagi muayyan tafovutlarga qarab koʻplab tadqiqotchilar Frazeologiyani 2 xil: tor va keng maʼnoda tushunadilar. Uni keng maʼnoda tushunilganda, Frazeologiya doirasiga maqol va matallar, folklorga xos barqaror jumlalar, baʼzi muloqot shakllari (salomlashish, xayrlashish jumlalari) ham kiritiladi. Lekin bu masala, yaʼni Frazeologiyani keng maʼnoda tushunish masalasi hanuz munozarali boʻlib qolmoqda.

Frazeologiyaning asosiy vazifalari yoki masalalari: frazeologik tarkibning izchilligini aniklash va shu munosabat bilan frazeologizmning belgi(lik) xususiyatini oʻrganish; frazeologizmlar omonimiyasi, sinonimiyasi, antonimiyasi, polisemiyasi va variantdorligini tavsiflash; frazeologizmlar tarkibida qoʻllanuvchi soʻzlar va ularga xos maʼnolarning oʻziga xos xususiyatlarini aniklash; frazeologizmlarning soʻz turkumlari bilan oʻzaro munosabatlarini oydinlashtirish; ularning sintaktik rolini aniklash; frazeologik birliklar tarkibida soʻzlarning yangi maʼnolari hosil boʻlishini oʻrganish va boshqa Frazeologiya frazeologik birliklarni ajratish prinsiplarini, ularni oʻrganish, tasniflash va lugʻatlarda tavsiflash metodlarini ishlab chiqadi. Frazeologiyada ishlab chiqilgan oʻziga xos, xilmaxil metodlar asosida tilning frazeologik tarkibi turlicha: struktursemantik, grammatik vazifaviyuslubiy asoslarga kura tasnif etiladi. Struktursemantik tasnif prinsipi asosiy hisoblanadi.

Frazeologiya tilshunoslikning mustaqil tarmogʻi sifatida 20-asrning 40-yillarida rus tilshunosligida paydo boʻlgan. Uning dastlabki shakllanishiga rus olimlari A. A. Potebnya, I. I. Sreznevskiy, A. A. Shaxmatov asarlarida asos solingan boʻlsa, barqaror (turgʻun) soʻz birikmalarini alohida tilshunoslik boʻlimi — Frazeologiyada oʻrganish masalasi 20—40-yillardagi oʻquv-metodik adabiyotlarda — Ye.D.Polivanov, S. Abakumov, L. A. Bulaxovskiy asarlarida koʻtarib chiqilgan. Gʻarbiy Yevropa va Amerika tilshunosligida Frazeologiya tilshunoslikning alohida boʻlimi sifatida ajratilmaydi.

Oʻzbek tilshunosligida frazeologiya sohasidagi tadqiqotlar oʻtgan asrning 50-yillaridan boshlangan. Shu kungacha frazeologizmlar turli jihatlardan oʻrganilgan (Sh. Rahmatullayev, B. Yoʻldoshev, A. Mamatov va boshqalar), Frazeologiya boʻyicha bir necha lugʻatlar tuzilgan (Sh. Rahmatullayev, M. Sodiqova), yozuvchilardan Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Oydin, Said Ahmad asarlarining frazeologik tarkibi tadqiq etilgan. 70—80-yillarda SamDU qoshida frazeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi va maxsus toʻplamlar chiqaruvchi markaz faoliyat ko‘rsatgan.

Adabiyot tahrir

  • Babkin A. M., Russkaya frazeologiya, razvitiye i istochniki. L., 1970; Vinogradov V. V., Osnovnie ponyatiya russkoy frazeologii kak lingvisticheskoy dissiplini, v yego knige: Izbrannie trudi, t. 3. Leksikologiya i leksikografiya, M., 1977; Bibliograficheskiy ukazatel literaturi po voprosam frazeologii, vip. 3—4, Samarkand, 1974—76; Rahmatullayev Sh ., Oʻzbek frazeologiyasining baʼzi masalalari, T., 1966; Rahmatullayev Sh ., Oʻzbektilining izohli frazeologik lugati, T., 1978.

Oʻroq Lafasov, Nosirjon Oxunov.