Gʻarib (arab. bitta, yaqinlaridan uzoqda) - oyat, hadisning turi. Istilohda- birgina ishonchli odamdan rivoyat qilingan sahih hadis. Hadisda gʻariblik matnda ham, isnodda ham bo‘lishi mumkin. Gʻarib isnodda roviyning yolg‘izlanib qolish o‘rniga qarab ikki qismga bo‘linadi: mutlaq gʻarib va nisbiy gʻarib. Mutlaq gʻarib yoki mutlaq fard - gʻariblik isnodining aslida bo‘lgan hadis. Bunda isnodning aslida hadisni birgina shaxs rivoyat qiladi. Isnodning asli deb sahobiy turgan tomon aytiladi, sahobiy esa isnod halqalaridan biri bo‘lib, agar hadisni sahobiy yolg‘iz o‘zi rivoyat qilsa, hadis mutlaq gʻarib bo‘ladi. «Albatta amallar niyatga bog‘liqdir...» degan hadisni faqat Umar (r.a.) rivoyat qilgan. Shu sababli u mutlaq gʻarib hisoblanadi. Nisbiy gʻarib yoki nisbiy fard-gʻariblik isnod davomida bo‘lgan hadis. Bunda, isnodning aslida bir necha roviylar rivoyat qilib, ulardan so‘nggina biror roviy yolg‘izlanib qolsa hadis nisbiy g‘arib deyiladi. «Payg‘ambar (s.a.v.) Makkaga kirib kelgan vaqtda boshlarida dubulg‘alari bor edi» degan hadisda Molik ibn Anas, Ibn Shihob Zuxriydan rivoyat qilib yolg‘izlanib kolganligi uchun nisbiy g‘arib deb nomlangan. Yana shunday hadislar ham borki, ular isnodida g‘ariblik va yolg‘izlanish mavjud bo‘lib, ularni nisbiy g‘arib deb hisoblash mumkin. Chunki ulardagi g‘ariblik mutlaq emas, balki g‘ariblik aniq sababga ko‘ra hosil bo‘lgan. Bunday hadislarni quyidagi turlarga ajratish mumkin:
1.Ishonchli roviy rivoyat qilgan hadisni. Bu holda «falonchidan boshqa ishonchli odam bu hadisni rivoyat qilmagan», deyiladi.
2. Bir ma’lum roviy ikkinchi ma’lum roviydan yolg‘iz o‘zi rivoyat qilgan hadis. Masalan, Sa’id ibn Musayyabdan Hasan Basriy rivoyati.
3. Bir mazhab axdlari yoki biror olim shogirdlari rivoyat qilgan hadis. Hanafiy mazhabidagi olimlar - Naxa’iydan Hammod, undan Abu Hanifa, undan Abu Yusuf rivoyati.
4. Biror taraf yoki shahar axdlari rivoyat qilgan hadis. Masalan, Madina ahlining rivoyati.
5. Biror shahar yoki taraf axdlarigina boshqa shahar yoki taraf ahllaridan rivoyat qilgan hadis. Masalan, Makka ahlidan Madina ahlining rivoyati. Shuningdek, gʻarib hadislar isnoddagi va matndagi g‘ariblik e’tibori bilann ham bo‘linadi:
1.Matn va isnodi jihatdan gʻariblik. Bir matn bilan birgina kishi tomonidan rivoyat qilingan hadis.
2.Faqat isnod jihatidan gʻariblik. Bir matn bilan bir necha kishi sahobiydan rivoyat qilgan hadisni boshqa kishi ikkinchi sahobiydan boshqa matn bilan rivoyat qilishi.Imom Doraqutniy (385/995 y.v.e.)ning «Gʻaroib» asari ushbu atama bo‘yicha yozilgan asarlar sirasiga kiradi.[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 460-462.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.