Gʻiyosiddin Pirshoh (? -1229) — Muhammad Xorazmshohning oʻgʻli. Jaloliddin Manguberdining ukasi. 1217-yil Xorazmshoh Gʻ.P.ga Kermon, Kesh va Makron viloyatlarini bergan. Gʻ.P. davlati hududiga moʻgʻullar 10 ming otliq qoʻshin bilan hujum qilganda u qarshilik koʻrsatmay Iroqni talon-toroj etilishiga yoʻl qoʻyib bergan. Moʻgʻullar ketgandan soʻng, ularning oʻrniga mahalliy turkiy amirlar mamlakatni nazorat qila boshlaganlar. Gʻ.P. ularni tinchitish uchun turli harbiy darajalar bera boshlagan: amirni malik, malikni esa xon darajasiga koʻtargan. Gʻ.P. davlat ishlariga layoqatsiz boʻlib, bu ish bilan onasi Bakluyo shugʻullangan, shu sababli u Turkon xotun kabi Xudovandi Jahon laqabini olgan. Raiyat saltanatdagi beboshlik, adolatsizlikdan norozi edi. Jaloliddin Hindistondan qaytgach, bular barham topgan.

Gʻ.P. Jaloliddinning Gruziyaga qilgan yurishida (1225) qatnashib qoʻshinning soʻl qanotini boshqargan. 1227-yil moʻgʻullarning Bayju noʻyon, Taynal noʻyon va boshqa rahbarligidagi qoʻshini bilan Isfahon yaqinida boʻlgan jangda Gʻ.P. xiyonatkorona ravishda oʻziga tegishli askarlar va Jaloliddinning Jahon Pahlavon elchi boshchiligidagi harbiy qismi bilan jang maydonini tark etgan. Gʻ.P. Hindistonga yoʻl olib, u yerdan xalifaga elchi yuborib akasini tark etgani, xalifalikka qoʻshni boʻlib yashamoqchiligini bildirgan. Huzistondan Alamut, soʻng Kermonga Baroq hojib huzuriga qochgan. Biroq Xorazmshoh Muxammadning yaxshiliklarini unutib zoʻrlik bilan Gʻ.P.ning onasiga uylangan, bir ozdan keyin ularni oʻziga nisbatan suiqasd qilishda ayblab onasini, vazir Karim ash-Sharq va Jahon Pahlavon elchini qatl ettirgan, Gʻ.P.ni esa qalʼaga qamab qoʻygan va keyinchalik oʻldirib boshini mogʻullarga shunday noma bilan yuborgan "sizlarning ikkita dushmaningiz bor edi, endi esa bitta(yaʼni Jaloliddin) qoldi

Faxriddin Hasanov.