Soʻzak

Vikipediya:Turkumlashtirish
(Gonoreyadan yoʻnaltirildi)

Soʻzak, gonoreya, tripper — gonokokklar qoʻzgʻatadigan yuqumli venerik kasallik. Koʻpincha, tasodifiy jinsiy aloqa qilish oqibatida kelib chiqadi. Kasallik, asosan, jinsiy yoʻl bilan yuqqanligi uchun aksariyat siydik chiqarish kanali va jinsiy aʼzolar zararlanadi. Infeksiya manbai S. bilan ogʻrigan erkak yoki ayol. Jinsiy aloqada gonokokklar jinsiy aʼzolar va siydik chiqarish kanalining shilliq qavatiga tushib, uni yalligʻlantiradi. Baʼzan kasallik bemor ishlatgan buyumlar (sochiq, mochalka, kurpa-tushak, kiyim-kechak va boshqalar) dan foydalanganda ham yuqishi mumkin. Chunonchi qizlarga kasallik bemor onadan oʻtadi; bunga jinsiy aʼzolardan tashqari, koʻz (qarang Blennoreya) va ogʻiz shilliq pardalarining S. oqibatida yalligʻlanishi sabab boʻlishi mumkin.

Kasallik alomatlari, odatda, S. yuqqanidan soʻng oradan 3—5 kun oʻtgach paydo boʻladi. S. bilan kasallangan erkaklarda siydik chiqarish kanalining oldingi qismi yalligʻlanadi, achishadi, qiziydi va ogʻriydi, siyganda ogʻriq zoʻrayadi; siydik chiqarish kanalining tashqi teshigi qizarib, shishadi; torayib qoladi, yiring ajraladi, siydik ravon kelmaydi, kechalari ogʻrikli ereksiya kuzatiladi. Bemorning ahvoli aytarli oʻzgarmaydi, baʼzan ishtaha pasayishi, darmonsizlik, bir oz temperatura koʻtarilishi mumkin. Tashqi (balanopostit) va ichki (prostatit, epididimit, ooforit, endometrit) jinsiy aʼzolar, qovuq (sistit), boʻgʻimlar (artrit) va boshqa yalligʻlanishi mumkin. S. oʻz vaqtida davolanmasa, boshqa aʼzolarga tarqalishi, yillab choʻzilishi va nihoyat surunkali tuye olishi mumkin. Jinsiy aloqa, achchiq, shoʻr ovqatlar yeyish, spirtli ichimliklarga ruju qilish oqibatida kasallik botbot qoʻzib turadi. S. ning koʻp uchraydigan asoratlaridan prostatit va urugʻ pufaklarining yalligʻlanishi erkakni jinsiy hayotga yaroqsiz qilib qoʻyishi, shuningdek, bepushtlikka sabab boʻlishi mumkin. Bemor uzoq vaqt davolanishi lozim, baʼzan siydik chiqarish kanali torayganda operatsiya qilinadi.

S bilan ogʻrigan ayollarda kasallikning oʻtkir davri erkaklardagiga qaraganda sezilarsiz oʻtishi, bemor kasallanganini uzoq vaqtgacha bilmasligi mumkin. Yalligʻlanish jarayoni koʻpincha siydiktanosil sistemasining pastki va yuqori qismida kuzatiladi.

S. yuqumli boʻlgani uchun kasallik belgilari paydo boʻlishi bilanoq venerolog vrachga murojaat etish kerak. Bemor teri va venerik kasalliklar dispanserida davolanadi. Baʼzan davo paytida siydik kanalida ogʻriq, achishish, yiring kamayadi. Bemor oʻzini sogʻlom his qiladi va jinsiy aloqa qilaveradi, lekin organizmda hali gonokokklar boʻlishi mumkin. Toʻliq davolanmay jinsiy aloqa qiladigan bemorlar atrofdagilar uchun juda xavfli boʻlib, kasallikni boshqalarga yuqtiradi va turli noxush oqibatlarga sabab boʻladi. Shuning uchun sogʻaygan bemorlar bir necha marta lab. tekshiruvidan oʻtkazilib, kasallik alomati topilmagach sogʻlom hisoblanadi. S bilan ogʻrigan kishilarda immunitet paydo boʻlmaydi, bir kishi S. bilan bir necha marta ogʻrishi mumkin (reinfeksiya). Oʻz vaqtida davo qilinsa, bemor butunlay sogʻayib ketadi.

S.ning oldini olishda tasodifiy jinsiy aloqadan saqlanish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, aholi oʻrtasida teritanosil kasalliklariga oid suhbatlar oʻtkazish hamda tarbiyaviy ishlar olib borish zarur.





Manbalar

tahrir