Hadya
Hadya (fuqarolik huquqida) — bir shaxsning oʻz mulkini 2-shaxsga bepul berishi haqidagi shartnoma. Oʻzbekiston Respublikasida qonun boʻyicha biron bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni vaʼda qilish (hadya etishni vaʼda qilish), agar vaʼda tegishli shaklda berilgan boʻlsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq koʻrinib turgan boʻlsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi. Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq koʻrsatmasdan oʻzining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni vaʼda qilish oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma ham haqiqiy boʻlmaydi.
Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish (oddiy sovgʻa tarzida) ogʻzaki yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan yozma shaklda amalga oshiriladi. Koʻchmas mulk va avtomoto-transport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi. Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya, xayriya, ilmiy va oʻquv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat maskanlariga, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolik huquqi subyektlariga qilinishi mumkin. Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan maʼlum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qoʻyishi lozim. Hadya bilan bogʻliq huquqiy meʼyorlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksida belgilangan (502— 511-moddalar).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |