Hajmiy analiz — aniqlanayotgan modda konsentratsiyasi (miqdori)ni uning hajmiga qarab aniqlashga asoslangan miqdoriy analiz usullari majmui. Labaratoriya amaliyotida qoʻllanadigan titrimetrik analiz (vazniy byuretkalardan foydalaniladigan usuldan tashqari) ham Hajmiy analizga kiradi. Hajmiy analizga, shuningdek, gaz analizining koʻpgina usullarini kiritish mumkin. Choʻkma hajmini oʻlchashga asoslangan Hajmiy analiz metodi ham bor, mas, choʻyandagi oltin-gugurt miqdorini graduslarga boʻlingan sentrifugaviy probirkada hosil boʻlgan bariy sulfat hajmiga qarab aniqlash mumkin. Ultra mikrokimyoviy analizda hosil boʻlgan choʻkma (tortib koʻrish qiyin yoki iloji boʻlmagan juda kichik miqdordagi modda) hajmiga qarab aniqlanadi.