Hamidulla Boltaboyev — filologiya fanlari doktori, professor. Oʻzbekiston Milliy universiteti professori va Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, „Abdurauf Fitrat — adabiyotshunos“, „Fitratning ilmiy merosi“, „Mumtoz soʻz qadri“, „Islom tasavvufi manbalari“, „Sharq mumtoz poetikasi“, „Fitrat va jadidchilik“ kitoblari muallifi

Hamidulla Boltaboyev

Chapdan birinchi
Tavalludi 20-avgust 1954-yil (1954-08-20) (70 yosh)
Andijon, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi filolog
Sohasi filologiya
Ish joylari Toshkent davlat universiteti
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Hayoti va ijodi

tahrir

1954-yil 20-avgustda Andijon viloyati Andijon shahrida tavallud topgan. 1971-yili Andijon shahridagi oʻrta maktabni tugatganidan soʻng, mebel fabrikasida ishladi. 1972-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. 1977-yili universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgach, qariyb olti yil mobaynida Toshkent xalq xoʻjaligi institutining tayyorlov boʻlimida va Qoʻqondagi umumiqtisod fakultetida oʻqituvchi, shu fakultetning Andijon boʻlimida mudir boʻlib xizmat qildi. Moskva Davlat universitetining Adabiyot nazariyasi kafedrasi qoshidagi 3 oylik kursda malakasini oshirdi (1987). 1996-yilda esa Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda „XX asr boshlari oʻzbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi“ mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, fitratshunoslik ilmining yetakchi vakillari qatoridan oʻrin egalladi. Matyoqub Qoʻshjonov va Ozod Sharafiddinovgacha boʻlgan oʻzbek adabiyotshunoslari ham oʻzbek mumtoz adabiyoti, ham zamonaviy oʻzbek adabiyoti boʻyicha tadqiqot ishlarini olib borishgan. Ammo keyinchalik, bir tomondan, bu har ikki soha ufqlarining kengayishi, ikkinchi tomondan, arab yozuvini oʻrganishga boʻlgan mayl va eʼtiborning susayishi orqasida adabiyotshunoslar shu ikki sohadan birini tanlashga majbur boʻldilar. H.Boltaboyev andijonlik Bimiy, Habibiy, Sayfiy singari shoirlar izzatda boʻlgan muhitda ulgʻaygani uchun unga arabiy yozuv begona boʻlmadi. Aksincha, bu sernav yozuvning isloh qilingan va isloh qilinmagan shakllarini qunt bilan oʻrganib, bu yozuvlardagi adabiyotni ham sharillatib oʻqish malakasini egalladi. Choʻlpon vatanida tugʻilgan yosh adabiyotshunosning Fitrat ijodiga murojaat etishining boisi esa zullisonayn adibning singlisi Mahbuba aya bilan tanishuvi va u bilan bir necha yil davomida muloqotda boʻlishining hosilasi edi. Diliga buyuk shoir, adib, dramaturg, qomusiy olim merosini oʻrganish niyatini tukkan H.Boltaboyev Moskvada oʻqigan kezlarida Fitrat va Choʻlponning poytaxt kutubxonasida saqlanayotgan qariyb barcha asarlaridan nusxa koʻchirib oldi. 1990-yili „Yoshlik“ jurnalida „Nomaʼlum Fitrat“ maqolasi va adib asarlari roʻyxatining yosh tadqiqotchi tomonidan eʼlon qilinishi ilm olamidagi inqilobiy voqealardan biri boʻldi. Oʻzbek adabiyoti darvozasini mahkam qulflab olgan kimsalar Fitrat va Choʻlponning shu darvozadan kirib, qonuniy oʻrinlarini olishlariga hali ham tixirlik qilayotgan edilar. Bu maqola va roʻyxatning chop etilishi bilan Kimning Kim ekanligi maʼlum boʻldi-qoldi. Shundan keyin H.Boltaboyev „Talabni qondirmagan inqilob“, „Nadir Vatan ishqi“, „Mir Alisher Navoiy Fitrat talqinida“, „Sayha“ qismatidan lavhalar yoki shoir Fitrat haqida", „Yurt qaygʻusi“ (1991) singari maqolalarini eʼlon qilib, bu bilan kitobxon vatandoshlarini fitratnomaning oltin sahifalari bilan tanishtirishga kirishdi. Ayni vaqtda Fitratning „Muxtasar islom tarixi“ (1992), „Adabiyot qoidalari“ (1995), „Bedil (Bir majlisda)“ (1996), „Aruz haqida“ (1997), „Munozara“ (1998) va boshqa asarlarini tabdil, soʻzboshi va izohlar bilan, ayrimlarini esa oʻzbek tiliga tarjima qilib chop etdi. 2000-2010-yillarda esa „Maʼnaviyat“ nashriyoti H.Boltaboyev nashrga tayyorlagan Fitrat „Tanlangan asarlar“ining 5 jildlik nashrini amalga oshirdiki, bu ilmiy va madaniy hayotdagi muhim voqealardan biri boʻldi. Uning „Adabiyotshunoslik va struktural metodlar“ (2002), „Tasavvuf tarixida chishtiylik tariqati“ (2006), „Modernizm va yangi oʻzbek sheʼriyati“, „Quyoshni kutgan kecha (Fitratning nashr qilinmagan dramalari qismati)“ (2007), „Yangi nazariy tamoyillar“ (2008), „Yangilanayotgan adabiy jarayon“, „Farhod va Shirin nomlari genezisiga doir“ (2009) singari yangi ilmiy gʻoyalarga boy maqolalari  eʼlon qilindi. Olimning xorijiy anjumanlarda oʻqigan maʼruzalari orasida „Rus formal maktabi va oʻzbek jadid adabiyotshunosligi“ (Moskva, 1987), „Fitratning Istanbul davrini tavsiflovchi manbalar“ (Samarqand, 1993), "Markaziy Osiyoda „Doru-l-islom“ tushunchasining tadrijiga doir" (Kioto, 1999), „Oʻzbek tili genezisi va uning taraqqiyoti“ (Ulan-Botir, 2010), "Koreys va oʻzbek adabiyotlaridagi „pxesol“ va „qissa“ janrlarini tipologik oʻrganish" (Toshkent, 2011), „Xorazmshoh-anushteginlar davlati“ XI-XIII asrlardagi Markaziy Osiyoning adabiy manbai sifatida" (Boku, 2012) singari oz oʻrganilgan va rang-barang mavzularga bagʻishlangan chiqishlari anjuman qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Olimning 2009-yilda Chanoqqalʼa (Turkiya)dagi 18-Mart universitetiga faxriy doktor, Moskva (Rossiya)dagi Xalqaro estetika va erkin sanʼat ijtimoiy akademiyasiga haqiqiy aʼzo etib saylanishi, Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumiga aʼzo, Koreya va Turkiyadagi ilmiy jurnallarga tahrir aʼzosi etib tasdiqlanishi, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Respublika Fan va texnologiyalar markazi qoshidagi filologiya fanlari boʻyicha tuzilgan ekspertlar kengashlariga bir necha yil mobaynida raislik qilishi u erishgan katta obroʻ va eʼtiborning yorqin belgisidir. „Adabiy-estetik tafakkur tarixi“ (M.Mahmudov bilan hamkorlikda) va „Adabiyot ensiklopediyasi“ 1-jildi nashr etildi.

HAYOTI va FAOLIYATINING MUHIM SANALARI

tahrir

1954 yil 29 avgust — Andijon shahrida Ubaydulloh maxdum va Eʼtiborxon aya oilasida tug‘ildi (Maorif ko‘chasi, 43)

1961 −71 yillar — Andijon shahridagi 32-maktab o‘quvchisi.

1971 yil — o‘rta maktabni tamomlab, Mebel fabrikasida ish boshladi.

1972 yil — Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.

1977 yil — ToshDUni imtiyozli diplom bilan tamomladi.

1977-1983 yillar — Toshkent Xalq xo‘jaligi instituti tayyorlov bo‘limi, Qo‘qon Umumiqtisod fakultetida o‘qituvchi. Andijon filialida tayyorlov kursi mudiri.

1983 yil 6 oktyabr — ToshDU Ilmiy kengashida „Hozirgi o‘zbek nasrida uslubiy izlanishlar (70-yillar)“ mavzuida prof. U.Normatov rahbarligida nomzodlik dissertasiyasi himoyasi.

1983-1998 yillar — Cho‘lpon nomidagi Andijon Davlat tillar pedagogika institutida katta o‘qituvchi, dosent, Rus va xorijiy xalqlar adabiyoti kafedrasi mudiri.

1987 yil sentyabr-dekabr — M. V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti Adabiyot nazariyasi kafedrasida malaka oshirish kursi tinglovchisi.

1992 yil sentyabr — 1996 yil may — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi (o‘rindoshlik asosida).

1996 yil 7 dekabr — „XX asr boshlari o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi“ mavzuida doktorlik dissertasiyasi himoyasi.

1998 yil sentyabrdan — O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti professori.

1999-2000 yillar — Tokio Davlat universiteti Turkiston tadqiqotlari markazi Granti aʼzosi.

1999-2013 yillar — O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi mudiri.

2000-2007 yillar — O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar markazida Filologiya fanlari bo‘yicha Ekspertlar kengashi raisi.

2001-2006 yillar — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi Filologiya fanlari bo‘yicha Ekspertlar kengashi aʼzosi.

2007-2011 yillar — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi.

2007-2011 yillar — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi F-151 raqamli „Adabiyot ensiklopediyasi“ ilmiy Granti rahbari.

2008 yil 21 fevraldan — O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi „MUMTOZ SO‘Z“ MCHJ nashriyoti taʼsischisi va direktori.

2008-2011 yillar — Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan Kengash aʼzosi.

2009 yil 3 may — Turkiya jumhuriyati 18-mart universiteti (Chanoqqal’a) faxriy doktori.

2009 yil 18 maydan — Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi va „Revi of Central Asian Studies“ („Markaziy Osiyoga doir tadqiqotlar axboroti“) jurnali tahririyati aʼzosi.

2011-2013 yillar — O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi.

2011 yil apreldan — Xalqaro Estetika va erkin sanʼat ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, Moskva) aʼzosi.

2011 yildan — „Akademicheskiye tetradi“ („Akademik daftarlar“) ilmiy nashrining tahririyat (Moskva) aʼzosi.

2012 yildan — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan kengash aʼzosi.

2012-2014 yillar — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan Kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi.

2012-2016 yillar — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi F1-02 raqamli „Adabiyotshu-noslik tarixining fundamental tadqiqi“ ilmiy Granti rahbari.

2013 yildan — Respublika Maʼnaviyat markazi Targ‘ibot guruhi eksperti.

2013 yil noyabrdan — Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi (Qirg‘iziston) aʼzosi.

2014 yil sentyabrdan — Xalqaro Gumanitar forum (Boku) aʼzosi.

2014 yil, 24-25 oktyabr — Tavalludining 60 yilligi munosabati bilan „O‘zbek adabiyotshunosligida talqin va tahlil muammolari“ mavzuida Respublika ilmiy-nazariy anjumani o‘tkazildi.

2015 yil sentyabrdan — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Jahon adabiyoti kafedrasi professori (o‘rindosh).

2016 yil sentyabrdan — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Jahon adabiyoti kafedrasi professori

2016-yil sentyabrdan — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi professori (oʻrindosh).

2016-yil oktyabrdan — OʻzRFA Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi. Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi professori (oʻrindosh).

2017-yil yanvar sonidan — „Guliston“ jurnali jamoatchilik kengashi aʼzosi.

2017-yil apreldan — International Journal of Arts and Humanities (Xalqaro Gumanitar jurnal) tahririyati aʼzosi.

2017-yil 20-apreldan — Xalqaro Til taʼlimi va uni oʻqitish simpoziumi aʼzosi (Italiya, Rim).

2017-yil iyuldan — OʻzRFA Til, adabiyot va folklor instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Fil.46.01 raqamli ilmiy kengash aʼzosi.

2017-yil oktyabrdan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Ilmiy kengashi aʼzosi.

2018-yil yanvardan — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.26.04.2018. Isl/Fil.57.01 raqamli ilmiy kengash aʼzosi,

2018-yil fevraldan — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Sharq adabiyoti va manbashunosligi kafedrasi professori (oʻrindosh).

2018-2019 „Islom tafakkuri“ jurnali bosh muharriri oʻrinbosari.

2019-yil fevraldan — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

2019-yil iyundan — Baku Davlat universiteti „Kitobxonachilik va redaktor sanʼati“ jurnali tahririyati aʼzosi.

2019-yil 18-noyabrdan — OʻzMU Oʻzbek filologiyasi kafedrasi mudiri.

2019-yil dekabrdan — Boku universiteti (Ozarboyjon) „Kutubxonachilik va redaktor sanʼati“ jurnali tahririyati aʼzosi.

2019-yil 28-dekabr — Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasining 2019-yil natijalari boʻyicha „Yil olimi“ mukofoti sohibi.

2020-yil yanvardan — Oʻzbekiston Milliy universiteti „OʻzMU Ilmiy xabarlari“ jurnali tahririyati aʼzosi.

2020-yil 2-sentyabrdan — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori ilmiy-adabiy maslahatchisi.

2021-yil 25-avgustdan — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/25.08.21.Fil.01.16 raqamli Ilmiy kengash raisi.

Manbalar

tahrir