Hangaronsoy
Hangaronsoy — Surxondaryo viloyatidagi daryo, Surxondaryoning oʻng irmogʻi, uz. 82 km, havzasining maydoni 55,8 km2. Hisor tizmasining janubiy tarmoqlari boʻlgan Ketmonchopti togʻlarining janubiy etaklaridagi buloqlardan boshlanadi. Boshlanish qismida (Avlod qishlogʻigacha) Qoʻrgʻondara, keyinroq Kofrun qishlogʻigacha — H. nomi bilan maʼlum. Boysun qishlogʻidan quyiroqda daryo oʻzani ikkiga boʻlinadi; oʻng oʻzani Olaqoʻton (uz. 35 km) deb ataladi. Botmabuloq qishlogʻi yonida yerosti grunt suvlarining qoʻshilishi natijasida suvi nordon-shoʻrroq. Bandixon tangisi yonida ikkita oʻzan yana birlashib daryo Kof-run nomini oladi. Qoraqat tangisidan quyiroqda daryo koʻp sonli soylarga boʻlinib ketadi. Ulardan eng kattasi, quruq oʻzanli Taqir daryosi quyiroqda Taqirkoʻlsoy deb ataladi. Daryoni suv bilan taʼminlashda qor suvlaridan tashqari, unga yuqori qismida quyiladigan koʻp sonli buloqlar katta ahamiyatga ega. Shu bois H.dagi suv oqimi yil davomida deyarli bir tekis taqsimlangan. Daryoning oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi Boysun qishlogʻi yonida 0,64 m3/sek. Oʻrgacha yillik suv sarfi 1,67 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 0,190 m3/sek. gacha (kam suvli yilda) oʻzgarib turadi. Toʻlinsuv davri mart — avgust oʻrtalarida boʻladi. Eng koʻp sutkalik suv sarfi aprel — iyulda kuzatiladi. Yillik eng kam suv sarfi oktabr — fevral oylari.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |